Turkiyaga yangicha nigoh
Sokinlik va yangi taassurotlar izlayotganlar qayerga borishi kerak

Nafislik, tor ko‘chalar, qirg‘oq bo‘yidagi butik-mehmonxonalar, g‘uborsiz toza plyajlar, sharob terrasalari va faqat dengiz ovozi eshitiladigan o‘ziga xos sukunat. ELLE O‘zbekiston tahririyati sizlar uchun eng qiziqarli, kam o‘rganilgan va juda go‘zal sayohat yo‘nalishlarini jamladi. Bu manzillarda Turkiya o‘zgacha — zamonaviy va chinakamiga ilhombaxsh maskan tarzda namoyon bo‘ladi
Fethiye
Bu Turkiyaning janubi-g‘arbidagi eng sokin va go‘zal kurortlardan biri bo‘lib, Egey va O‘rta yer dengizlari tutashgan nuqtada joylashgan. Gavjum sayyohlik markazlaridan farqli o‘laroq, qirg‘oq hayotining haqiqiy maromini his qilasiz: qirg‘oq bo‘ylab tonggi sayrlar, kichik tavernalardagi yangi tutilgan baliq, marinadagi kemalar va piyoda borishingiz mumkin bo‘lgan masofadagi plyajlar… Yaqin atrofda, shuningdek, Moviy laguna, Kapalaklar vodiysi, qadimgi likiya qabrlari va manzarali kabi sayr-u sayohat yo‘nalishlari mavjud.
Kash
Turkiyaning janubidagi Antaliya mintaqasida joylashgan, ommaviy turizmdan chetda qolgan kichik qirg‘oq shaharchasi. Bu yerda katta mehmonxonalar va shovqinli plyajlar yo‘q, ammo tiniq dengiz, tosh ko‘chalar, shinam butik-mehmonxonalar va osoyishta muhit mavjud. Shahar tog‘ etagida joylashgan bo‘lib, qoyali yonbag‘irlar va moviy suv o‘rtasida ajoyib manzara hosil qiladi. Kashga sho‘ng‘ish, dengiz sayohatlari, xilvat qo‘ltiqlar va Yunonistonning Meys oroliga qaragan ayvonlarda bemalol o‘tkaziladigan oqshomlar uchun kelishadi. Bu joy O‘rta yer dengizi dam olishining soddaligi, tabiati va sokin ritmini qadrlaydigan kishilar uchun mo‘ljallangan.
Kappadokiya
Mintaqa Turkiyaning markaziy qismida joylashgan bo‘lib, o‘zining g‘aroyib manzaralari, vulqon qoyalari va tarixiy g‘or shaharlari bilan mashhur. Bu plyaj maskani emas, balki ilhom beruvchi sayohat uchun joy: g‘alati shakldagi qoyali vodiylarda sayr qilish, havo sharlarida parvoz qilish, qadimiy monastirlar va shinam butik-mehmonxonalar ham mavjud. Bu yerda o‘ziga xos sokinlik va ortiqcha narsalardan xoli bo‘lish hissi hukmron. Kappadokiya, ayniqsa, muhitni o‘zgartirishni, noodatiy tabiiy landshaftning go‘zalligini his qilishni va me’morchilik, milliy taomlar hamda shoshilmasdan o‘tkaziladigan sayohatlar orqali Turkiyaning qadimiy tarixi bilan tanishishni istaganlar uchun juda mos keladi.
Dalyan
Turkiyaning janubi-g‘arbida, Fethiye va Marmaris oralig‘ida, o‘z nomidagi daryo bo‘yida joylashgan kichik va osoyishta shahar. Bu yerda qoyalarga o‘yilgan Likiya qabrlari yonidan qayiqda sayr qilish, oltingugurtli buloqlarda cho‘milish va balchiq vannalarini qabul qilish mumkin. Shuningdek, kareta-kareta dengiz toshbaqalari yashaydigan kam sonli joylardan biri bo‘lgan Iztuzu plyajida kunni maroqli o‘tkazish imkoniyati mavjud.