Turli mamlakatlarning tatib ko‘rishga arzigulik nonushtalari
Kuningizni yangilik bilan boshlang: dunyoning turli burchaklaridan an'anaviy nonushtalar
Nonushta – bu tungi uyqudan keyingi birinchi ovqatlanish vaqtidir. Ko‘plab mutaxassislarning fikriga ko‘ra, kunning aynan shu payti, ya’ni, nonushta qilish jarayoni juda muhim hisoblanadi. Chunki ertalabki nonushta insonda moddalar almashinuvini ishga tushiradi, tanaga quvvat bagʻishlaydi, faollikni kuchaytiradi va ozuqa moddalari bilan ta’minlaydi. Turli xil mamlakatlarda nonushta vaqti – an’ana va o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. Xo‘sh, boshqa davlatlarda ertalabgi nonushta qanday qilinadi va unda nimalar yeyiladi? Keling, buni Fransiya, Turkiya, Yaponiya va Hindiston misolida ko‘rib chiqamiz. Ushbu mamlakatlarda an’anaviy ravishda ertalabdan nima iste’mol qilinadi?
Fransiya
Fransuz uchun nonushta – juda ham muhim ahamiyatga ega emas. U yerda hamma ham nonushtaga bir xil narsani iste’mol qilavermaydi, bu borada ko‘plab mintaqaviy va madaniy farqlar mavjud. Ammo, odatda, fransuzning nonushtasi bu sariyog’ va murabbo bilan gorizontal ravishda kesilgan bagetning yarmi yoki to‘rtdan bir qismi bo‘ladi. Ba’zida baget dumaloq bo‘laklarga bo‘linadi, lekin dumaloq shaklda kesilgan bo‘laklar asosan tushlik yoki kechki ovqat uchundir.
Fransuzlarga xos yana bir odat bor. Ular yangi pishirilgan pishiriqning bir bo‘lagini sutli qahvaga botirishni xush ko‘radilar. Kruassanlar doimo ham kundalik nonushta dasturxoniga qo‘yilmasligi mumkin, lekin qo‘yilsa jon deb yeyiladi. Fransuzlar har kuni nonushtaga kruassan yeyishadi degan noto‘gʻri tushuncha bor. Bu unday emas. Fransiya aholisining fikriga ko‘ra, kruassan juda yuqori kaloriyaga ega. Shuning uchun ham, ular o‘zlarini bu shirinlik bilan haftada bir ikki martagina siylashadi. Bu esa, asosan dam olish kunlariga to‘gʻri keladi.
Turkiya
Turkiyada esa hamma narsa boshqacha. Bu yerda nonushta muhim bir marosim hisoblanadi. Turk tilida nonushta kahvalti deb nomlanadi. So‘zma-so‘z tarjima qilinsa, qahvadan oldin degan ma’noni bildiradi. Ertalabki turk taomlari dunyoning boshqa mamlakatlari nonushtalaridan o‘zining xilma-xilligi bilan farqlanadi. Ular nonushtani turli xil mahsulotlardan tayyorlaydilar va turk stakanlaridagi (bardak) choy bilan iste’mol qilishadilar.
Turk nonushtasi – kunning eng muhim ovqatlanish vaqti hisoblanadi. Nonushta ham bir necha soat davom etishi mumkin. Ayniqsa dam olish kunlari shoshilmasdan nonushta qilish, mazali taomlarni yeb, yaqinlar bilan uzoq suhbatlar olib borish an’ana tusiga kirgan. Nonushtaning eng oxirida esa o‘tirganlarni bir finjon turk qahvasi bilan mehmon qilishadi. Bu esa nonushta qilish vaqti tugaganligini bildiradi.
Asosiy mahsulot bu-non va boshqa un mahsulotlaridir. Odatda, turklar nonushtaga simit (turkcha non turi), açma (yumshoq bulochka), pişi (xamirturushli xamirdan tayyorlangan qovurilgan kulchalar), sigara börek (lavashdan tayyorlangan va ichiga pishloq solib qovurilgan naycha koʻrinishidagi pishiriq). Simit sanab o‘tilgan pishiriqlarning ichida eng ko‘p ishlatiladigani. Murabbo yoki asalga botirilgan bir bo‘lak simitning ta’mi o‘zgacha. Simit nonini Turkiyaning deyarli hamma joyida xarid qilishingiz mumkin. U metro bekati bo‘ladimi yoki ko‘chadagi novvoyxonami, barcha joylarda sotiladi.
Mashhur nonushta bu – dasturxonning usti kichkina likopchalar bilan to‘lib ketgan nonushtadir. Uning nomi serpme kahvalti. “Serpme” to‘ldirib tashlash degan ma’noni bildiradi. Turk nonushtalaridagi dasturxon chindan ham kichik likopchalarda mazali taomlar va gazaklar bilan to‘lib ketadi.
Turk taomlari va nonushtasi mamlakat bo‘ylab farqlanishi mumkin. Lekin ba’zi bir asosiy yeguliklar borki, siz katta shaharda yoki kichik qishloqda bo‘lishingizdan qat’iy nazar, turk nonushtasida doimo bo‘ladi. Bular choy, non, pishloq yoki brinza, zaytun, tuxum, pomidor, bodring, sariyogʻ yoki qaymoq, asal va turli xil murabbolar.
Yaponiya
Yapon nonushtasi kunni boshlashning eng sogʻlom usuli hisoblanadi. Issiq guruch, tetiklantiruvchi miso sho‘rvasi va turi xil ikkinchi ovqatlar (garnirlar) yapon nonushtasini toʻldiradi.
Yapon nonushtasining asosiy gʻoyasi – muvozanat, to‘gʻri ovqatlanish va yapon madaniyati an’analariga hurmat ko‘rsatishdir.
An’anaviy miso sho‘rvasi miso pastasi asosida tayyorlanadi. Bu ovqatga odatda, tofu bo‘laklari, turli xil sabzavotlar, va nori dengiz o‘tlari solinadi. Bu sho‘rva oqsilga boy bo‘lib, organizm uchun juda foydalidir.
Yapon nonushtasining asosi oq guruch bo‘lib, u boshqa taomlar uchun yonida asosiy ovqat sanalib, yapon oshxonasining eng muhim elementlaridan hisoblanadi.
Shuningdek, yaponlar nonushtaga o‘ziga xos ta’m va hidga ega bo‘lgan fermentlangan soya loviyalarini yeyishni afzal ko‘rishadi. Ular odatda, guruch va soyali qayla bilan tortiladi. Shu bilan birga, nonushtaga dengiz mahsulotlaridan qovurilgan baliq, dengiz o‘tlari va qisqichbaqalarni iste’mol qilishadi.
Hindiston
Hindiston juda xilma-xil mamlakat bo‘lib, til, madaniyat, oshxona, din va boshqa kriteriylar bo‘yicha mintaqaviy farqlarga egadir. Bu yerda odamlar ko‘pincha ota-onalar, bolalar hammasi birgalikda katta oila bo‘lib yashaydilar. Aytish kerakki, hind oilalarida oziq-ovqat katta rol o‘ynaydi va bu avlodlarni birlashtiradigan jihat hisoblanadi. Klassik hind nonushtasiga asosan, choy yoki qahva bilan sabzavotli ovqat, bugʻdoyli, guruchli, yasmiqli kulchalar, guruchli quymoqlar, qovurilgan non, shirin va mazali bo‘tqa, kartoshka bilan yasmiq kabi taomlar kiradi. Biroq, ko‘pchilik Dosa taomini hind oshxonasining eng zoʻr taomi sifatida tan oladi. Achchiq garnirlar bilan qo‘shib tortiladigan, iliq va qarsildoq, ogʻizda eriydigan, xushbo‘y taomdir.
Odatda, nonushta uchun tayyorlanadigan Dosada yasmiq va guruchdan tayyorlangan quymoqlar (blinchiklar) va achchiq kartoshka bilan to‘ldiriladi. Lekin bu taomni aslida turli xil koʻrinishda tayyorlash mumkin. Boshqacha tayyorlash uslubida quymoqlar yalpizli an’anaviy hind qaylasi (kokos chatni) va karri barglaridan tayyorlangan sabzavotli sho‘rva bilan tortiladi.
Dunyoning turli mamlakatlaridagi an’anaviy nonushta ba’zida haqiqiy gastronomik sarguzashtga aylanadi. Albatta, har bir inson o‘zining ta’m afzalliklari va qiziqishlaridan kelib chiqib, o‘ziga yoqqan nonushtani tanlaydi. Ertalabki har kunlik ishlaringizdan chalgʻib, kuningizni oshpazlik geografiyasini kengaytirishdan boshlang.