Ultima Guide: Yandex mamlakatning texnologik gastronomik qo‘llanmasini qanday yaratmoqda
Oson topiladigan restoranlar bor, do‘stlarga tavsiya qilinaganlari ham mavjud. Yandex Go’dagi Ultima premium xizmatidan Ultima Guide – bu gastronomik marvaridlar qayerda yashiringanini aniq biladigan qo‘llanma. U sun’iy intellekt yordamida yaratilgan bo‘lib, bizga shunchaki mashhur joylarni emas, balki qayta-qayta tashrif buyurgimiz keladigan maskanlarnni topishga ko‘maklashadi.

Yangi gourmet-yordamchi
Yandex Uzbekistan bosh direktori Izzat Shukurov shunday ta’kidlaydi: “Ultima Guide – o‘z falsafasiga ega mustaqil loyiha. Qo‘llanmaning maqsadi gastronomik madaniyatni rivojlantirish va yaxshi restoranlarning ko‘zga tashlanishiga yordam berishdir. Qo‘llanmani shakllantirishda neyron tarmoq, mustaqil ekspertlar va muassasalarning haqiqiy tashrif buyuruvchilari ishtirok etadi. Bunday yondashuv Ultima Guide’ni chindan ham ishonsa bo‘ladigan loyihaga aylantiradi”.
Ultima Guide Yandex Go kompaniyasining Ultima premium xizmatidagi foydalanuvchi tajribasini sinchkovlik bilan o‘rganish natijasida dunyoga keldi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, hatto eng talabchan mijozlarda ham taom yetkazib berish va restoran xizmatlaridan kutilmagan istaklari mavjud, shu bois qo‘llanma ataylab faqat yuqori oshxonaga cheklanib qolmaydi. “Bizni faqatgina oppoq dasturxonli hashamatli restoranlar qiziqtirmaydi. Biz yashirin xazinalarni izlaymiz: sifatli taom tayyorlanadigan, ammo hali hammaga tanish bo‘lmagan mahalliy maskanlarga e’tibor qaratamiz. Bu shaharning eng mazali kruassanlari tortiladigan shinam nonvoyxona yoki o‘ziga xos xususiyatga ega vino bari bo‘lishi mumkin”, – deyishadi Ultima Guide yaratuvchilari.
Texnologiya ta’mga yordam berganda
Ultima Guide negizini mashinali o‘rganish tashkil etadi. Sun’iy intellekt 3000 dan ortiq muassasani 100 dan ziyod mezon bo‘yicha tahlil qildi: qidiruv so‘rovlaridan (masalan, “manzarali terassa” yoki “mualliflik oshxonasi”) tortib, sharhlargacha, takroriy tashriflar chastotasi va hatto menyu tuzilishigacha. Biroq, Ultima Guide’ga kirish uchun nomzodlardan uch oydan kam faoliyat yuritgan nisbatan yangi muassasalar, shuningdek, an’anaviy barlar, qahvaxonalar, oziq-ovqat markazlari va tarmoq restoranlari chiqarib tashlandi. Metodologiya mualliflarining fikricha, bunday formatlar uchun boshqacha yondashuv va baholash mezonlari talab etiladi.
Sun’iy intellekt taomlarni “tatib ko‘ra olmasligi” sababli, Ultima Guide metodologiyasi mahalliy ekspertlar va mehmonlarning ovoz berishini nazarda tutadi. Ekspertlar safiga 39 nafar restorator, oshpaz, gastrotanqidchi, shuningdek, Toshkentning biznes va ommaviy axborot vositalari vakillari orasidan tanlab olingan ta’m bilimdonlari kiradi. Ovoz berishda ishtirok etayotgan muassasalar mehmonlari bir paytlar Yandex Go xizmatlari orqali ma’lum restoranlardan foydalangan kishilardir.
“Ekspertlar va foydalanuvchilar uchun so‘rovnomalar bir-biridan farqlanadi. Foydalanuvchilardan, masalan, interyer yoqdimi, taom mazali bo‘ldimi yoki yo‘qmi, deb so‘raymiz. Ekspertlarga esa xuddi shu savollar bir necha bandga bo‘linib beriladi – masalliqlar sifati, taomnomadagi turli taomlar nisbati va hokazo. Bizning metodologiyamizga ko‘ra, ekspert ovozining vazni yuqoriroq, ammo ovoz berishda foydalanuvchilar soni ko‘proq”, – deya aniqlik kiritishadi Ultima Guide yaratuvchilari.
Aynan shunday yondashuv qo‘llanmani jonli va ishonchli qiladi. Ekspert baholashi foydalanuvchi fikr-mulohazalari bilan mustahkamlanadi va sun’iy intellekt katta hajmdagi ma’lumotlar bilan nozik jihatlarni yo‘qotmasdan ishlashga ko‘maklashadi. Natijalar mustaqil konsalting kompaniyasi tomonidan tekshiriladi. Qo‘llanma metodologiyasini yaratishda Markaziy Osiyo, Sharqiy Yevropa va Rossiyadagi The World’s 50 Best Restaurants hakamlar hay’ati raisi Yekaterina Pugachyova yordam berdi.

fotо: пресс-служба Yandex
O‘zbekistonning gastronomik kelajagiga sarmoya
Ultima Guide reklama integratsiyasiz va pullik targ‘ibotsiz faoliyat yuritadi – bu uning asosiy tamoyili. “Biz uchun bu muhitga, madaniyatga, mamlakatning gastronomik xaritasi qanday ko‘rinishiga yo‘naltirilgan sarmoya hisoblanadi”, – deya izoh beradi Yandex Uzbekistan bosh direktori Izzat Shukurov.
Ultima Guide ro‘yxatiga kiritilgan restoranlar 22-may kuni bo‘lib o‘tadigan tantanali marosimda e’lon qilinadi. Yo‘l ko‘rsatkichni har yili yangilab borish rejalashtirilgan. Qo‘llanma o‘zbek va rus tillarida mavjud.