Urban Forum

Birinchi Markaziy Osiyo Urban-forumi

foto: Central Asian Urban Forum matbuot xizmati

O'zbekiston yosh arxitektorlari assotsiatsiyasi 26-sentyabr kuni yaqin va uzoq xorijlik dizaynerlar, me’morlar va urbanistlarni birlashtirgan birinchi Markaziy Osiyo urban-forumini o‘tkazdi. Tadbir poytaxtimizdagi Botanika bog‘ida bo‘lib o‘tdi. Spikerlar orasida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekistonning shaharlaridan kelgan mutaxassislar, shuningdek, Britaniya arxitektorlari Qirollik instituti qo'l ostidagi "Amaliyotdagi 100 nafar ayol me’mor" nashri mualliflari, yirik ishlab chiquvchi kompaniyalar va dizayn-byurolar bor edi.

foto: Central Asian Urban Forum matbuot xizmati

"Biz, ya’ni yosh professionallar hamjamiyatining asosiy maqsadi soha muammolarini shunchaki ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik tadbirlariga olib chiqish emas. Biz shahar muhitining bir qismi bo‘lishni, hamjamiyatning salohiyatini ko‘rsatishni va gender tengligining dolzarb muammolariga nisbatan bizniki kabi o‘xshash qarashlarga ega ishtirokchilarni birlashtirishni istaymiz”,-deydi O‘zbekiston yosh arxitektorlar uyushmasi rahbari va "TataLAB" arxitektura studiyasi asoschisi Taxmina Turdialiyeva.

foto: Central Asian Urban Forum matbuot xizmati

Forum bosh g‘oyasi Markaziy Osiyo mamlakatlari urbanizatsiyasining dolzarb masalalarini muhokama qilish va sanoatni rivojlantirish uchun salmoqli ishlarni boshlash maqsadida ekspertlarni yig‘ishdan iborat edi.

Muhokamaning asosiy mavzularidan biri gender tengligi, dizayn va arxitekturada ayollarni qo‘llab-quvvatlash masalasi bo‘ldi. Forumda urbanizatsiya, qurilish, ekologiya va raqamli texnologiyalar sohasidagi mutaxassislar shaharlarni rivojlantirish, shu jumladan transport infratuzilmasi, uy-joy va ekologiya masalalari, iqtisodiy rivojlanish jihatlari, shuningdek, urbanizatsiyalashgan muhitda hayot sifatini yaxshilash muammolarini ko‘rib chiqdilar.

“Ushbu forum va uning sa’y-harakatlari oliy maqsad sari tashlangan muhim qadamdir. Biz ushbu mintaqa doirasidagi demokratik muloqotga katta umid bag‘ishlamoqdamiz. Spikerlar G‘arb tendensiyalariga ergashish emas, balki mahalliy o‘ziga xosliklar, ehtiyojlar va shahar muhitining xususiyatlariga e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladilar. Biz Markaziy Osiyoda, xususan davlatingizda yangi shakllanayotgan tendensiya – mamlakat madaniy merosiga e’tibor kuchayganini ko‘rdik. Bu hudud boy tarixi va go‘zal an’analari bilan ajralib turadi, ularni saqlab qolish hamda zamonaviy me’morchilikka tatbiq etish muhim ahamiyatga ega. Biz ayni damda madaniy meros, me’moriy ifoda va raqamli texnologiyalarni uyg‘unlashtirish maqsadlariga erishish yo‘lida muhim ishlar boshlanayotgan nuqtada turibmiz. Kelgusida bu boshqa hududlar uchun namuna bo‘ladi”, – deya ta’kidlashdi Xarriet Xarris, Naomi Xaus, Monika Parrinder (“Amaliyotdagi 100 nafar ayol arxitektor” nashri mualliflari).

foto: Central Asian Urban Forum matbuot xizmati

foto: Central Asian Urban Forum matbuot xizmati

“O‘ylaymanki, hozir mamlakatlarimizning bir yoqadan bosh chiqarishi uchun ayni vaqti. Global o‘zgarishlar yuz bermoqda, biz hamkorlikni mustahkamlab, shu kabi forumlar tashkil etishimiz kerak. Barcha sohalarda etnosga e’tibor qaratganimiz juda quvonarli. Ushbu platforma – “Markaziy Osiyo urban forumi” mintaqamizning boshqa mamlakatlari uchun o‘ziga xos tashrif qog‘ozi hisoblanadi. Bu yerda ekologiya masalasiga ham e’tibor qaratilayotgani juda muhim. Umid qilamanki, barcha qo‘shni mamlakatlarimiz “yashil iqtisodiyot”ga o‘tib, ko‘proq ekologik ahamiyatga ega loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Barchamiz o‘zimiz yashayotgan, farzandlarimiz va nabiralarimizga me’ros bo‘lib qoladigan joy uchun mas’ulmiz. Bizning mintaqamizni bir muammo birlashtiradi va biz kelajak avlodlarimiz yashaydigan atrof-muhit bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish hamda uni hal etish uchun to‘planadigan shunday maydon yaratilgani juda ajoyib”, – deydi Qirg‘izistondagi WorldCleanupDayGlobal elchisi, EcoDemi prezidenti Ayjan Chinibayeva.

foto: Central Asian Urban Forum matbuot xizmati

Forum yakunida urbanizatsiya jarayonlarida barqaror rivojlanish tamoyillarini ilgari surish, “Yashil tashabbus”ni qo‘llab-quvvatlash va “aqlli shaharlar” konsepsiyasiga amal qilish to‘g‘risida deklaratsiya imzolandi. Bundan tashqari, shahar xizmatlari va infratuzilmasidan foydalanishda teng imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida shahar resurslarini takomillashtirish, shuningdek, inklyuzivlikni rivojlantirish uchun innovatsion yechimlar hamda raqamli texnologiyalardan oqilona foydalanishga qaror qilindi.

Markaziy Osiyo urban-forumi ishtirokchilari urbanizatsiyada barqaror rivojlanish tamoyillarini ilgari surish bo‘yicha yakuniy deklaratsiyani imzoladilar

Toshkentda 26-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo urban-forumi yakuniy deklaratsiyaning imzolanishi bilan yakunlandi, unda ishtirokchilar urbanizatsiya jarayonlarida barqaror rivojlanish tamoyillarini ilgari surish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga intilishlarini bildirdilar.

Davlat organlari, biznes, yetakchi arxitektura va dizayn kompaniyalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari tomonidan imzolangan deklaratsiyada mintaqa shaharlarini yanada rivojlantirish uchun mo‘ljal bo‘lishi kerak bo‘lgan asosiy yo‘nalishlar aks ettirilgan.

Xususan, deklaratsiyani imzolagan kompaniyalar orasida “BIGroup”, “Eman Materials”, “MAFF”, “Knauf”, CAU, “Amsila” (Tojikiston), Qarag‘anda shaharsozlik markazi (Qozog‘iston), “Almatigenplan” ilmiy-tadqiqot instituti” MCHJ (Qozog‘iston), O‘zbekiston yosh arxitektorlar uyushmasi va boshqalar bor.

Hujjatda bayon etilgan ustuvor yo‘nalishlar orasida urbanizatsiyalashgan hududlarda ekologik vaziyatni yaxshilash va “aqlli shaharlar”ni rivojlantirishga qaratilgan “Yashil tashabbus”ni qo‘llab-quvvatlash alohida o‘rin tutadi. Deklaratsiyani imzolagan ishtirokchilar shahar resurslarini samarali boshqarish uchun ilg‘or raqamli texnologiyalar va innovatsion yechimlardan foydalanishni ilgari surish, shuningdek, aholining asosiy xizmatlar va shahar maydonlaridan teng foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratish majburiyatini o‘z zimmalariga oladilar.

Deklaratsiyada qulay shahar muhitini shakllantirish jarayonida barcha ijtimoiy guruhlarning ishtirokini ta’minlaydigan inklyuziv rivojlanish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Shahar infratuzilmasini rivojlantirish va aholi turmush sifatini oshirish strategiyalarini muvofiqlashtirish uchun davlat tuzilmalari, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor o‘rtasidagi muloqotni faollashtirish ham muhim jihat hisoblanadi.

Yakuniy deklaratsiyaning imzolanishi kelishilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirish yo‘lidagi birinchi qadamdir. Deklaratsiya barqaror urbanizatsiya sohasida hamkorlik va ilg‘or tajribalar almashinuviga zamin yaratadi, bu esa, forum ishtirokchilari ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyoning ekologik toza, xavfsiz va uyg‘un rivojlanayotgan shaharlarini barpo etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Urbanizatsiya jarayonlarida barqaror rivojlanish tamoyillarini ilgari surish bo‘yicha Markaziy Osiyo Urban-forumining YAKUNIY DEKLARATSIYASI

Biz, 2024-yil 26-sentyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo Urban-Forumi ishtirokchilari, barqaror va ekologik toza shaharlarni rivojlantirishga sodiq ekanimizni bildiramiz. Markaziy Osiyoda urbanizatsiya muammolari va imkoniyatlarini muhokama qilar ekanmiz, biz shahar hududlarining uzoq muddatli barqarorligini va aholi farovonligini ta’minlash choralarini ko‘rish zarurligini e’tirof etamiz.

Shu munosabat bilan biz quyidagilarni bayon qilamiz:

“Yashil tashabbus”ga qo‘shilish – qurilish va loyihalashning ekologik standartlarini joriy etishni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, shaharlar ekotizimlarini himoya qilish va saqlashga hissa qo‘shish. Biz o‘z faoliyatimizda xalqaro ekologik standartlar va amaliyotni, shu jumladan, energiya tejamkor va ekologik toza texnologiyalardan foydalanishni ilgari surish majburiyatini olamiz.

Ishlarimizda “yashil kun tartibi”ni qo‘llab-quvvatlash, shahar muhitini yaxshilash, shu jumladan, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, barqaror transport infratuzilmasini rivojlantirish, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda hamkorlik qilish.

Shahar resurslarini boshqarishni takomillashtirish, qaror qabul qilish jarayonida shaffoflik va fuqarolarning ishtirokini oshirish uchun innovatsion yechimlar hamda raqamli texnologiyalardan foydalanish orqali “aqlli shaharlar” konsepsiyasini ilgari surish.

Shaharlarni barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorlikda faol ishtirok etish, boshqa mintaqalar va mamlakatlar bilan tajriba va bilim almashish, shuningdek, barqaror urbanizatsiya sohasidagi qo‘shma loyiha va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash.

Aholining barcha guruhlari, shu jumladan, jamiyatning zaif va kam ta’minlangan qatlamlari uchun shahar resurslari va xizmatlaridan teng foydalanishni ta’minlagan holda inklyuziv rivojlanish tamoyillarini joriy etishga ko‘maklashish.

Qayta tiklanadigan energiya, chiqindilarni qayta ishlash, ekologik turizm va innovatsion texnologiyalar kabi barqaror rivojlanish bilan bog‘liq sohalarda yangi ish o‘rinlarini yaratishga ko‘maklashish orqali shaharlarda “yashil iqtisodiyot” rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash.

Urbanizatsiya va barqaror rivojlanish masalalarini birgalikda hal qilish uchun barcha manfaatdor tomonlar – hukumatlar, biznes, ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi muloqotni faollashtirish.

Ishonchimiz komilki, faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar va kompleks yondashuv orqali biz Markaziy Osiyo shaharlarining barqaror va uyg‘un rivojlanishiga erishamiz, kelajak avlodlar uchun qulay va xavfsiz muhitni ta’minlay olamiz.

Ushbu Deklaratsiya xalqaro shartnoma hisoblanmaydi, xalqaro huquq bilan tartibga solinadigan huquq va majburiyatlarni vujudga keltirmaydi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles