Uyning qalbi bo‘lgan interyer buyumlari
Valsdecor’da tarix va zamonaviy yechimlarning uyg‘unlashuvi

Uy interyeri ko‘pincha oila qadriyatlari va tarixini aks ettirad. Bunday yondashuv Valsdecor keramikadan yasalgan noyob stol chiroqlari galereyasi asoschisi Svetlana Valsovskayaga yaqin.
“Loyihamiz uy va iliqlik haqida. Uylar shinam va zamonaviy bo‘lishini, yashash, mehmon kutish, oila qurishni xohlaydigan maskanga aylanishini istayman”.
Yo‘nalishni izlash
Kasbim bo‘yicha interyer dizayneriman, ammo o‘zimni ko‘proq dekorator deb bilaman. Buyumlar bilan ishlashni yoqtiraman, dizaynning texnik jihatlari meni hech qachon qiziqtirmagan, garchi ularning ahamiyatini tushunsam ham, albatta. Doimo kasbning badiiy tomoniga ko‘proq e’tibor qaratganman, o‘zim rasm chizishga uringanman, shu bois bezatish asosiy yo‘nalishimga aylandi.
Moskvadagi mashhur ta’lim muassasasi “Detali” maktabini tamomlaganman. U yerda talabalarda dizaynga o‘ziga xos qarash shakllanadi, ular “ijodkorlik virusi” bilan “kasallanadi”, dunyoni o‘zgartiradigan go‘zallik yaratish san’atini o‘rganadi. Bu maktab bitiruvchilarini doim ishlaridan tanib olish mumkin. Hozirda u buyum dizayni yo‘nalishini faol rivojlantirmoqda va men u yerda ta’lim olganimdan faxrlanaman.
Keyinchalik Londondagi KLC dizayn maktabida amaliyot o‘tadim va 2016-yilda Rossiya Federatsiyasidagi “Birinchi” kanalining “Kvartira masalasi” loyihasida ikki marta qatnashdim, so‘ngra “Dorogaya peredacha” interyer dizayni dasturining badiiy rahbari bo‘ldim.
“Imperator” chinni zavodiga qarashli “Chinni uyi” flagman do‘konidagi qiziqarli va g‘ayrioddiy loyiha yodimda qolgan. “Detali” maktabi va zavod hamkorligida bayram dasturxonini bezatish bilan shug‘ullandik.
Meni nafaqat xususiy interyer loyihalari, balki tashkilotchilik qobiliyatlarimni namoyon etish, o‘zimni ro‘yobga chiqarish mumkin bo‘lgan keng qamrovli ijodiy vazifalar ham jalb etgan. Shu bois o‘zimni buyum dizaynida, noldan noyob buyumlar yaratishda sinab ko‘rishga qaror qildim.
Taqdir mujdasi
Keramika bilan ishlash bo‘yicha shaxsiy tajribam yo‘q edi, biroq, ehtimol, taqdir meni bunga yetaklagandir. Ba’zida hayotimizda taqdirga bog‘liq yoki sehrli deb atash mumkin bo‘lgan voqealar sodir bo‘ladi – keyinchalik anglaymizki,, ular bejiz yuz bermagan.
O‘tgan yili bahorda suv ombori sathi keskin pasaygach, oilamiz bilan Chorvoqqa sayrga chiqqandik. Ko‘l xuddi “Yulduzlar jangi” filmidagi kabi tubi yorilgan va g‘alati yoriqli ulkan sahroga aylangan edi. Menda bu joyning taassurotli fotosuratlari saqlanib qolgan.
O‘sha kimsasiz qirg‘oqda o‘g‘lim tasodifan qumda nimanidir topib oldi. Qazib ko‘rganimizda, eski ko‘za chiqdi. Avvaliga jin va xazina haqida hazillashdik, ammo ichi bo‘sh edi. Qadimiy buyumlar va tarixiy narsalarni yaxshi ko‘rganimdan, bunday topilmadan juda xursand bo‘ldim.
Keyinchalik mutaxassislarni topib, topilma haqida ko‘proq bilishga qaror qildik va O‘zbekiston tarixi muzeyiga bordik. Ma’lum bo‘lishicha, ko‘za taxminan milodiy VI-VIII asrlarga oid bo‘lib, ilgari bo‘yalgan bo‘lishi mumkin, ammo bo‘yoqlari saqlanib qolmagan. Uni muzeyga topshirdik, uning o‘rni aynan o‘sha yerda.
Bu voqea loyiham boshlanishidan oldin yuz bergan, garchi men allaqachon keramikadan bezak buyumlarini ishlab chiqarish g‘oyasini o‘ylab yurgan bo‘lsam-da, keyin buni belgi deb o‘yladim. Shunday qilib, kulolchilik hayotimga o‘z-o‘zidan kirib keldi.
Hammasi tanishlarimga sotish uchun kvartira bezashda yordam berish istagidan boshlandi. Mahalliy do‘konlar assortimentini o‘rganib, bu yerda qiziqarli, zamonaviy bezak buyumlari yetishmasligini angladim. Shunday qilib, dekorativ haykalchalar to‘plamini yaratish g‘oyasi tug‘ildi, ularning birinchisi artishok bo‘ldi. Bu loyiha ustida ishlash kutilganidan ko‘ra mushkulroq bo‘ldi: kerakli natijaga erishish uchun bir nechta usta bilan hamkorlik qilishga to‘g‘ri keldi. Toshkentda kulollar yetarli, ammo zamonaviy va nafis shaklni sifatli yaratish ular uchun oson ish emas edi. O‘z ustamni topish va ko‘zlangan natijaga erishish uchun yarim yil vaqt ketdi.
Loyihamiz uzoq vaqt davom etmagan bo‘lsa-da, biz allaqachon turli shaharlardan O‘zbekistonning yetakchi kulol ustalari bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Ular biz uchun an’anaviy uslubda ham, zamonaviy ko‘rinishda ham stol chiroqlari va bezaklar uchun noyob asoslar yasashmoqda. Hozirda bizda beshta to‘plam mavjud: “Artishok”, “Zamon naqshlari – Rishton, Afrosiyob va Xorazm” hamda “Sharq - G‘arb”.
Hammasi nimadan boshlandi
Turmush o‘rtog‘im bilan O‘zbekiston bo‘ylab ko‘p sayohat qildik, hududlarni o‘rgandik, Xiva, Buxoro, Rishton, Samarqandga bordik. Madaniy xususiyatlar va an’analarni, ularning zamonaviy hayotda aks etishini o‘rganish bizni qiziqtirardi. Shunday qilib ilhom keladi, madaniyatga chuqurroq kirib boriladi va qiziqarli g‘oyalar tug‘iladi.
Biz O‘zbekistonning turli yo‘nalishlardagi kulolchilik maktablarining ko‘p asrlik an’analarini zamonaviy Sharq va Yevropa uyiga bezak buyumlari orqali olib kirishni, ularga yangi hayot, yangi ko‘rinish berishni, an’anaviy kulolchilik, naqshlar va qo‘lda ishlangan rasmlar bugungi kunga qanday mos kelishini ko‘rsatib, vaqt ipini to‘qib davom ettirishni xohladik.
Mening butun faoliyatim kayfiyat yaratish g‘oyalari bilan sug‘orilgan. Biz yaratadigan buyumlar shunchaki joyni to‘ldirmaydi – ular unga o‘ziga xos qiyofa beradi, his-tuyg‘ularni uyg‘otadi, uy egalarining tabiatini aks ettiradi, kulolchilik san’ati asariga qoyil qolishga undaydi. Lampaning har bir detalini uning o‘ziga xosligini ta’kidlash, qo‘lda chizilgan naqsh va sopol asos shakli, tabiiy sir va kuydirish paytidagi olovli unsurlar bilan berilgan hissiy va ko‘rinish jihatini mukammallashtirish uchun puxta o‘ylab chizaman.
Menga an’anaviy naqshlarni zamonaviy shakllar bilan uyg‘unlashtirish, etnik motivlarni minimalizmga qo‘shish, uyg‘unlik yaratish yoqadi. Bunda minimalizmning soddaligi etnik tafsilotlarning iliqligi va rang-barangligi bilan muvozanatlashadi. Shunday qilib, interyerni bezaydigan va uning asosiy urg‘ulariga aylanadigan noyob buyumlar tug‘iladi.
Qo‘l mehnati va an’anaviy texnologiyalar
Mahsulotlarimizni yaratish jarayoni o‘ziga xos – mahalliy loy, kulolchilik charxida qo‘lda shakl berish, tabiiy sharoitda quyoshda quritish, tabiiy sir va hech qachon aynan takrorlanmaydigan qo‘lda naqsh solish, ba’zan an’anaviy o‘tin pechlarida pishirish, shuningdek, individual tanlangan shakllar, abajur matolari va latun asos qismlari. Bularning barchasi stol lampalarimizni zamonaviy amaliy ijrodagi an’anaviy kulolchilik san’atining betakror asarlariga aylantiradi.
Bizda katta tiraj yo‘q, barcha mahsulotlar yagona yoki cheklangan miqdorda mavjud. Agar mijozga bir juft buyum kerak bo‘lsa, mahsulotni 100% takrorlashning iloji yo‘qligi haqida ogohlantiramiz – kulolchilik buyumlari, kuydirish paytidagi sir har doim o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi. Ustalar andoza yoki qoliplardan foydalanmaydilar, har bir ish ularning qo‘l mehnati, badiiy tasavvuri, o‘ziga xos bo‘yash va sirlash texnikasining mevasidir. Bunday mahsulot egasi dunyoda boshqa hech kimda xuddi shunday buyum bo‘lmasligiga ishonchi komil qilishi mumkin. Barcha sopol asoslarda ustaning tamg‘asi bor.
Biz o‘z mualliflik uslubi va dastxatiga ega bo‘lgan, ishini sifatli bajaradigan, ijodkor va rivojlanayotgan hammualliflarimiz – ustalar doirasini doimiy ravishda kengaytirib bormoqdamiz. An’anaviy kulolchilik zamonaviy interyerga uyg‘un va nafis tarzda mos kelishi mumkinligini ko‘rsatmoqchimiz.
Har bir lampa mahsulotning haqiqiyligini, uning asl kelib chiqishini tasdiqlovchi alohida raqamli sertifikatga ega. Bu noyob raqam orqali har doim uning qayerda, qachon va kim tomonidan yaratilganini bilib olish mumkin. Uy yodgorligining noyob kelib chiqishini tasdiqlovchi ushbu sertifikatni avloddan avlodga o‘tkazish mumkin.
Nega aynan lampalar
Sopol stol lampasi – amaliy va chidamli buyum, u har doim zamonaviy interyerda o‘z o‘rnini topadi. Agar interyerning rang palitrasini o‘zgartirmoqchi yoki uning kayfiyatini yangilamoqchi bo‘lsangiz, vaqt o‘tishi bilan abajurni almashtirishingiz mumkin. Axir abajur xuddi kiyimga o‘xshab modadan chiqib ketishi mumkin, uni o‘zgartirish, yangilash mumkin.
Shu bilan birga, tabiiy matolar, masalan, ipak va baxmal quyosh nuriga ta’sirchan, shuning uchun chiroqni to‘g‘ridan-to‘g‘ri nurlar tushmaydigan qilib joylashtirish muhim.
Mahsulotlar iloji boricha uzoqroq xizmat qilishi uchun ularni parvarish qilish bo‘yicha tavsiyalarimiz bor.
Bizning xaridorlarimiz nafaqat xususiy mijozlar, balki interyer dizaynerlari, mehmonxonalar, restoranlar hamdir. Biz o‘z mahsulotlarimizni tijorat kompaniyalari va davlat muassasalarida mijozlar va shaxsiy hududlar uchun, yorqin va esda qolarli jihatlar, kerakli kayfiyat va muhitni yaratuvchi zamonaviy buyumlar muhim bo‘lgan barcha joylarda taklif etamiz.
Biz doimo tajribalar o‘tkazamiz, yangi yo‘nalishlar, shakllar va uslublarni sinab ko‘ramiz. Biz bilan birgalikda buyurtma asosida noyob mahsulot, qiziqarli abajur yaratish imkoniyati doimo mavjud. Shuningdek, lampalarni iloji boricha aniq va uyg‘un tanlash, abajurlarning rangini moslashtirish uchun o‘z mahsulotlarimiz bilan interyerda lampalarni sinab ko‘rish uchun mijozning oldiga borishimiz mumkin.
Yana bir bor ta’kidlayman, bizning lampamiz nafaqat interyerning navbatdagi buyumi, balki qo‘lda yasalgan noyob kulolchilik san’ati asaridir. Unda o‘zbek kulollarining avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan ko‘p asrlik hunarmandchilik an’analari o‘zining faol hayotini davom ettiradi. Ular aytarli darajada ularni yaratgan qo‘llarning haroratini taratadi, uylarga yorug‘lik va quvonch olib kiradi. Vaqt o‘tishi bilan buyumlar nafaqat o‘zining jozibasi va go‘zalligini yo‘qotmaydi, balki avloddan avlodga o‘z egalariga moslashib, o‘zgarib boradi. O‘z ma’nosida ham, ko‘chma ma’noda ham qadrdonroq va azizroq bo‘lib boradi.
Ishonamanki, bunday o‘zgarishlar, an’analarning zamonaviylikka o‘tishi, eski, odatiy usul va uslublarning rivojlanishi, ularning yangi g‘oyalar bilan uyg‘unlashuvi o‘z aksini topadi va ashaddiy muxlislarga ega bo‘ladi. Bu an’anaviy san’atning yangi nafas, yangi shakl va mazmun olishiga imkon beradi, xonadonlarimizga ko‘proq qulaylik, tinchlik, shinamlik, yorug‘lik va quvonch olib keladi.