Visa Fashion Week Tashkent: ilk obrazlar, ilk tasavvurlar

25-26-may kunlari InterContinental mehmonxonasida Visa Fashion Week Tashkent yangi mavsumi bo‘lib o‘tdi va tabir atrofida zamonaviy, modasevar insonlardan iborat yorqin jamoa jamlandi

28 May 2025
Foto: Sergey Pogosyan

Bu yilgi moda tadbirlarining falsafasi natijaga haddan tashqari e’tibor berishdan voz kechib, doimiy izlanishga asoslanmoqda. Biz bu g‘oyaning Olmaotada qanday amalga oshirilganini ko‘rdik, endi u poytaxtimizda yangicha talqin va davomiylik kasb etdi.

“Bizda juda ko‘p umumiy jihatlar mavjud – bu ham yagona madaniy kod, ham umuman madaniyatga bo‘lgan munosabatga taalluqli. Visa Fashion Week Tashkent’ning yangi mavsumi aynan shu g‘oyani ilgari surmoqda: madaniyat va moda bizni birlashtiradi, ijtimoiy jihatdan boyitadi va rivojlanishimizga ko‘maklashadi. Aynan shunday loyihalar mintaqaning ijodiy sanoati kelajagini shakllantiradi, ish o‘rinlari yaratadi, yoshlarni ilhomlantiradi va butun boshli mamlakatlarni yangi, zamonaviy va taraqqiyparvar tomondan namoyon etadi”, deya ta’kidlaydi bosh direktor va prodyuser Bauirjan Shadibekov.

Birinchi kuni oltita dizayner zamonaviy moda bo‘yicha o‘z qarashlarini namoyish etdi, ularning to‘rttasi O‘zbekiston vakillari edi. Podiumga birinchilardan bo‘lib Dilnoz brendi chiqdi. U yorqin mahalliy naqshlar va ayni paytda vazmin ranglar uyg‘unligini aks ettirgan kolleksiyasini taqdim etdi. Tasvirlar, ayniqsa, yengillik va havoyilik tendensiyasi fonida dolzarb tuyuldi – modellar go‘yo “uchayotgandek” yurish namoyish etib, zamonaviylikning an’anaviy ildizlar tili bilan qay tarzda uyg‘unlasha olishini ko‘rsatib berdilar.

Foto: Sergey Pogosyan

Foto: Sergey Pogosyan

Moda haftaligida ilk bor ishtirok etgan Amal Vagram ayollik mohiyatining ko‘p qirraliligi haqidagi o‘z qarashlarini namoyish etishga intildi: yengil akvarel ranglaridan tortib, to pidjaklarning og‘ir, deyarli haykaltaroshlik ifodaliligi va keskin uyg‘unliklarigacha. Bu g‘oyalar rassom Darya Morozovaning yaltiroq elementlari, popukli tafsilotlari va rang-barang naqshlari bilan yanada boyitildi.

Foto: Ilya Semendeev

Foto: Sergey Pogosyan

Daydib yurgan darbadarning sarosimali nigohi va beqaror qadami – Next Designer Award (NDA) tanlovi finalchisi bo‘lgan Qozog‘istonning Reactor brendi namoyishi shunday yodda qoldi. Ushbu tashabbus ongli ravishda moda yaratadigan va go‘zallikdan yangi ma’no izlaydigan yosh dizaynerlar avlodini qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan. Reactor sayyoramiz kelajagi haqidagi xavotir va tashvishlarini yerning tabiiy ranglari hamda muammoning butun og‘irligini aks ettiruvchi keskin shakllar orqali ifodaladi. Namoyishning hissiy ta’sirini kuchaytirish uchun unda model bolalar ham ishtirok etib, obrazlarga o‘zgacha ta’sirchanlik baxsh etdi.

Foto: Ilya Semendeev

Foto: Ilya Semendeev

Kunni bo‘shashgan hashamatni ifoda etgan Azamat Sometovning namoyishi yakunladi. Eshitilishi uchun ortiqcha shovqin va balandparvozlik talab etimaydigan klassik uslub: pasaytirilgan ranglar, mayin oqayotgan matolar va zargarona aniqlikdagi bichim. Modellar go‘yo podiumda emas, balki Italiya shaharlarining birida qirg‘oq bo‘ylab yurgandek.

Foto: Ilya Semendeev

Foto: Ilya Semendeev

Toshkentdagi moda haftaligining birinchi kuni yondashuvlarning xilma-xilligi bilan hayratda qoldirdi. Bu esa har bir dizaynerning o‘z yo‘nalishi, o‘ziga xos nuqtai nazari va dunyoni o‘zicha idrok etishini tasdiqladi.

28 May 2025
Maqolani baham ko'ring

Related articles