Visa Fashion Week Tashkent. Yakuniy kun.
Toshkentdagi moda haftaligining ikkinchi kuni qanday o‘tganini ko‘rsatib, so‘zlab beramiz.

Visa Fashion Week Tashkent haftaligining ikkinchi kunida shahar allaqachon moda bilan nafas olayotgandek edi. Mehmonlar bir-birlarini tanib olishdi, sahna orqasi muntazam ishlayotgan, dizaynerlar ham mehmonlar singari muhitdan zavqlanayotgan edilar.
Agar birinchi kun ayollikning yangicha talqinlarini namoyish etib, ekologik muammolarga e’tibor qaratgan va hatto bizni italyancha beg‘ubor hashamat olamiga cho‘mdirgan bo‘lsa, ikkinchi kunni ishonch bilan an’analar va sharqona o‘zak bilan to‘yingan madaniy quvvat kuni deb atash mumkin.
Visa Fashion Week Tashkent haftaligining ikkinchi kuni yorqin, jarangdor va milliy ruhda boshlandi. Mahalliy “Morobulsin” brendi o‘z kolleksiyasini karnay-surnay, DJ King Macarella’ning jo‘shqin musiqasi hamda madaniy ramz shaklidagi modani uyg‘unlashtirgan holda taqdim etdi. To‘plam Samarqandga bag‘ishlangan bo‘lib, har bir tafsilot buning isboti edi. Yubka va baskalarning etagida Sherdor madrasasining qo‘riqchilari – mashhur sherlarning shakllari, erkaklar pidjaklarida me’moriy meros parchalaridan yig‘ilgandek sharqona naqshlar ko‘zga tashlanardi. Albatta, bularning barchasi brendning ramziga aylangan "ko‘z tegishidan asrovchi" aksessuarlar va naqshlar bilan to‘ldirilgandi.

Foto: Ilya Semendeev

Foto: Ilya Semendeev

Foto: Sergey Pogosyan

Foto: Sergey Pogosyan
Dildora Kasimova yana bir bor tarix o‘tmishda qolib ketmasligini ko‘rsatdi – uni ehtiyotkorlik bilan bugunga singdirsa bo‘ladi. Brend kuchi ildizlarda, nazokatini esa xotirjamlikda mujassam etgan zamonaviy ayol qiyofasini shakllantirishda davom etmoqda. Kolleksiya ayollik, fe’l-atvor va madaniy xotirani uyg‘unlashtirdi. Gulli naqshlar bilan bezatilgan choponlar, tartibsiz joylashtirilgan peysli naqshli jinsi kurtka – yuqori uchi qayrilgan sharqona bodomsimon bezak. Albatta, paxta ham, namoyishning bosh qahramoni sifatida – naqshinkor, fakturali, go‘yo o‘zida qo‘llar, vaqt va makon izini mujassam etgandek. Sahnaga Sevara Nazarxon ham chiqdi – uning ishtiroki namoyishga sharqona quvnoqlik, yengillik va o‘ziga xos samimiylik bag‘ishladi.

Foto: Sergey Pogosyan

Foto: Ilya Semendeev

Foto: Ilya Semendeev

Foto: Ilya Semendeev
Visa Fashion Week Tashkent haftaligining ikkinchi kunini dizaynerlar Saken Jaksibayev va Akmaral Jarasqizining hamkorlikdagi kolleksiyasi yakunladi. Bu kolleksiya ilk bor Olmaotada namoyish etilgandi. Ko‘rsatuv spektakl bilan boshlandi: qor yog‘ishi, yelpig‘ich bilan raqs, noziklik va kuch haqidagi sahnaviy monolog. Dastlabki lahzalardanoq sahna art-haus film kadriga aylandi – mushohadalarga chorlaydigan, maftunkor.
So‘ngra biz Yaponiya va Qozog‘istonning madaniy ramzlari kimonodan ilhom olgan me’moriy siluetlar va mualliflik naqshlari orqali yaxlit badiiy ifodaga qanday uyg‘unlashganini ko‘rdik.

Foto: Ilya Semendeev

Foto: Sergey Pogosyan

Foto: Sergey Pogosyan

Foto: Ilya Semendeev
Visa Fashion Week Tashkent nafaqat obrazlarni, balki fikr-mulohazalarni ham ortda qoldirib, o‘z yakuniga yetdi. Sahna sur’atni belgilardi va tomoshabinlarning tinglashlari, nigohlarida, his-tuyg‘ularida haqiqiy sehr sodir bo‘ldi. Moda ham, moda haftaligining o‘zi ham aynan shu uchun mavjud.