Xalqaro opera va balet festivali
“Perro ertaklari”, “Aka-uka Karamazovlar” va “Gofman ertaklari”
![](https://elleuzbekistan.com/wp-content/uploads/2025/02/Dizajn-bez-nazvaniya-17.png)
Toshkentdagi Xalqaro opera va balet festivali dasturida quyidagi tomoshalar namoyish etiladi:
“Aka-uka Karamazovlar”
3-5-aprel kunlari Boris Eyfmanning “Aka-uka Karamazovlar” asari sahnalashtiriladi. Alisher Navoiy nomidagi DAKT sahnasida Dostoyevskiyning “abadiy savollari” plastik vositalar orqali ifodalanadi.
Balet F.M. Dostoyevskiy romanining yangicha talqini bo‘lib, 1995-yildagi jahon e’tirofiga sazovor bo‘lgan xuddi shu nomdagi sahna asarining qayta ishlangan varianti hisoblanadi. Boris Eyfman e’tiqodsizlik va imon, insonning gunohkorligi va ma’naviy najot masalalarini tadqiq etuvchi, his-tuyg‘u va aqlga ta’sir etuvchi boy xoreografik drama yaratgan. Mashhur xoreograf zamonaviy dunyoda ham dolzarb bo‘lib qolayotgan falsafiy masalalarni tomoshabinlar hukmiga havola etadi.
“Perro ertaklari”
12- va 13-aprel kunlari "Perro ertaklari" namoyish etiladi. Unda Sharl Perro ertaklarining klassik syujetlari zamonaviy xoreografiya va musiqa bilan uyg‘unlashadi. Yekaterinburg opera va balet teatri (Ural Opera Balet) o‘z sahna asarini Alisher Navoiy nomidagi DAKT sahnasida taqdim etadi.
2024-yil aprelida premyerasi bo‘lib o‘tgan ushbu spektakl buyuk fransuz adibi asarlaridan ilhomlangan xoreograflar Maksim Petrov, Konstantin Xlebnikov va Aleksandr Merkushevlarning ijodiy hamkorligi natijasi bo‘lib, tomoshabinlarga Perro ertaklarining g‘ayrioddiy va ko‘p qirralari talqinini taqdim etadi. Libretto Perroning to‘rtta eng mashhur ertagi – “Etik kiygan mushuk”, “Qizil qalpoqcha”, “Ko‘k soqol” va “Barmoqvoy” asosida yaratilgan bo‘lib, ular prolog va epilog bilan birgalikda muhabbat, xiyonat va haqiqatning abadiy mavzularini yoritadigan yaxlit spektaklni tashkil qiladi.
“Gofman ertaklari”
25-28-aprel kunlari tomoshabinlar mashhur rejissyor va sahna bezakchisi Stefano Poda talqinidagi Jak Offenbaxning “Gofman ertaklari”ni tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Spektakl Alisher Navoiy nomidagi DAKT sahnasida namoyish etiladi.
Stefano Podaning sahna asari oddiy opera emas, balki butun Yevropa tomoshabinlarining qalbini zabt etgan ajoyib vizual va musiqiy sayohatdir. Uning yondashuvi klassik opera va zamonaviy san’at o‘rtasidagi chegaralarni buzib o‘tagn. O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi taklifiga ko‘ra taniqli rejissyor Toshkentda ikkinchi bor opera qo‘ymoqda. Uning birinchi ishi G.F. Gendelning “Tamerlano” operasi bo‘lib, u 2024-yilning eng yorqin madaniy hodisasiga aylandi.
“Ertaklar” syujeti buyuk romantizmchi, yozuvchi va musiqachi, hayoti ilhom va sirlarga to‘la bo‘lgan Ernest Teodor Amadey Gofmanning asarlari va tarjimayi holiga asoslangan. Sahnada uning xotiralari hamda Olimpiya, Antoniya va Julyetta timsolida gavdalangan ijodiy fantaziyalari jonlanadi. Bu obrazlar shunchaki ayollar emas, balki ijodkorning yo‘lini belgilab bergan g‘oyalar, intilishlar va vasvasalarning ramzlaridir.