Yevropaning so‘nggi yozi: rassomlar, shoirlar va musiqachilar bo‘ron yaqinlashayotganini qanday his qilishdi
Ular go‘yo ertaga hech narsa bo‘lmaydigandek yashashardi. Yozishdi, chizishdi, ijod qilishdi, sevib qolishdi. Va bularning barchasi – botiniy yemirilish

1913-yil esga olinganda, urush qo‘rqinchlarini hali ko‘rib ulgurmagan, ammo uning nafasidan qalban ta’sirlangan tongotar Yevropa ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Afsonaga ko‘ra, shu yili Venaning Leopoldshtadt tumanida Freyd, Stalin, Gitler va Trotskiy bir-birining yonidan tasodifan o‘tib ketishlari mumkin edi. Ular hali kim bo‘lishlarini bilishmasdi. Hech kim bilmasdi. Biroq rassomlar, shoirlar va bastakorlar buni sezishgandi.
Ular yaqinlashib kelayotgan sinishni – siyosiy emas, balki metafizik buzilishni his qilishardi. Umid va elektr, san’at va muhandislikka to‘la dunyoda allaqanday xavotirli narsa yangray boshladi. Ularning mo‘yqalamlari, partituralari, matnlari va maktublari siyosatchilardan ham balandroq ovozda hayqirardi: nimadir tugayapti. Nimadir buzilmoqda. Nimadir tug‘ilmoqda – noma’lum va dahshatli.
Yerdan uzilgan san’at: Malevich, Shile, Pikasso
1913-yil yangi tasviriy san’at voqeligining debochasi bo‘ldi. Kazimir Malevich o‘zining mashhur “Qora kvadrat”ini yaratishidan oldin “Aviator” asarini yaratadi – bu yer bo‘shlig‘idan tom ma’noda yulib olingan figura. U yiqilayotgandek yoki osmon bilan yer o‘rtasida muallaq turgandek. Xuddi tayanch nuqtasini yo‘qotgan odamga o‘xshaydi. Bir yildan so‘ng Malevich dunyoga suprematizmni – predmet, tabiat va mantiqqa ehtiyoj sezmaydigan san’atni taqdim etadi. Uning rasmlari endi voqelikni tasvirlamaydi, balki uning o‘rnini egallaydi.

manba: Russian Museum
Egon Shile shu davrda ochiq dard-alamga to‘la portretlar yaratadi. Uning qahramonlari o‘zining ichki vahimalaridir. Chiziqlar uzilgan, ranglar so‘ngan, yuzlar go‘yo kulga belangan. Uning “Oila” (1913) asari mahkumlik manifesti kabi, hayot allaqachon yo‘qolgan, faqat uni taqlid qilishga urinish qolgan dunyoning so‘nggi surati singari ko‘rinadi.

manba: Belvedere Gallery
Pablo Pikasso ayni shu davrda tahliliy kubizmga sho‘ng‘ib ketadi. U narsalar, yuzlar va tanalarni geometrik parchalarga bo‘lib, tomoshabinga tushunarli bo‘lgan tasvir mantig‘idan voz kechadi. Uning rasmlari yechib bo‘lmaydigan topishmoqqa aylanadi. Chunki endi voqelikni yig‘ib bo‘lmaydi. Va u buni his etadi.
“Men izlamayman, topaman”, deydi Pikasso. Biroq topgan narsalari tobora ko‘proq xavotirli bo‘lib chiqmoqda.
So‘z sezgisi: Kafka, Rilke, Muzil
Bir qarashda bu yillar sokin adabiy davr edi. Biroq aynan 1913-yilda Frans Kafka “Evrilish” asarini yozadi. Bir kuni ertalab uyg‘ongan Gregor Zamza o‘zini hasharotga aylanib qolganini payqaydi. Hammasi oddiy holatdek tuyuladi. Oila dastlab hayratlanadi, keyin g‘azablanadi, so‘ngra esa beparvo bo‘lib qoladi. Bu o‘chirib tashlash haqidagi hikoya. Dunyo seni endi o‘ziniki deb tan olmasligi to‘g‘risida.
Bu hikoyaning fonida meshshanlar Pragasi, sug‘urta idorasi, kundalik turmush manzarasi bor. Ammo xavotir - koinot miqyosida. Kafka go‘yo birinchi bo‘lib his qilgandek: byurokratiya axloqdan ustun, shakl mohiyatdan muhim, inson endi subyekt emas, balki tizimdagi xato, xolos.
“Faqat o‘z kitoblarimda nafas ola olaman”, deya yozgan edi Kafka Felitsiya Bauerga yo‘llagan maktublarida.

manba: Antiquariat Dr. Haack Leipzig
Ayni paytda Rayner Mariya Rilke “Duin elegiyalari”ni yozmoqda – bu o‘nta matndan iborat bo‘lib, ularda inson farishta bilan muloqot qilishga urinadi. Biroq farishta jim turadi. Yoki tushunarsiz tilda so‘zlaydi. Elegiyalar alam, nur va ma’nosizlikdan ma’no izlashga urinishlar bilan to‘la. Uning she’rlari ufqning yo‘qolishi haqida. Endi san’atkor osmon va yer o‘rtasidagi vositachi emas – u bo‘shliqda yolg‘iz.
“Xususiyatsiz odam” asarini yozishni boshlagan Robert Muzil bosh qahramoni hech kim bo‘lmagan roman yaratadi. Ulrix – bu tayanchsiz yevropacha aql timsoli, barcha qadriyatlar yuzaki bo‘lib qolgan jamiyatdagi odamdir. Avstriya-Vengriya imperiyasi hali mavjud, ammo allaqachon ichdan chirigan – va aynan Muzil sovuqqonlik va o‘tkirlik bilan uni fosh etishni boshlab beradi.

manba: Rowohlt Verlag
Jar yoqasidagi musiqa: Shenberg, Stravinskiy, Maler
1913-yil musiqiy inqilob yili bo‘ldi, undan so‘ng dunyoning kakofoniyasi boshlandi. Mart oyida Parijda Igor Stravinskiyning “Muqaddas bahor” asari ilk bor ijro etildi. Odamlar zaldan chiqib ketishar, bahslashar, mushtlashar, hushtak chalishar edi. Buning sababi shundaki, odatiy musiqa o‘z umrini yashab bo‘lgandi. Kompozitor tovush stixiyasini yaratgandi: keskin urg‘ular, vahimadagi yurak urishini eslatuvchi ritmlar. Bu musiqada endi Yevropa yo‘q edi. Unda qandaydir majusiy, qadimiy, dahshatli narsa bor edi – go‘yo o‘tmish bugunni vayron qilish uchun qayta tirilgandek.
Arnold Shenberg esa tonallikdan butunlay voz kechadi. U dodekafoniyani, ya’ni 12 tovushli tizimni yaratadi, bunda hech bir tovush markaziy bo‘la olmaydi. Bu musiqa poydevorsiz binoga o‘xshaydi. Shenbergning o‘zi “13” raqamidan qo‘rqadi, “Muso va Aron” operasini bir harfsiz – 12 ta harf bilan yozadi. Biroq u 13-juma kuni vafot etadi.
“Uyg‘unlik - bu shartlilik. Haqiqat - erkinlikda”, – deb aytgan edi Shenberg bir safar.
Musiqa endi taskin bermaydigan bo‘ldi. U endi “qalblarni tinchlantirmaydi”. U shunday deydi: “Qalb parchalanmoqda va bu tabiiy holat”.
Vena – kelajakdagi dahshat poytaxti
1913-yilda Vena madaniy vulqonga aylangan edi. Bu yerda bir xil qahvaxonalarda inqilobchilar, shoirlar, diktatorlar va faylasuflar qahva ichishardi. Meldermannshtrasse ko‘chasida Adolf Gitler ismli kambag‘al va g‘azabli rassom yashardi. “Pravda” gazetasi tahririyatida yosh Lev Trotskiy ishlardi. Berggasse ko‘chasining 19-uyidagi shinam xonadonda doktor Zigmund Freyd bemorlarni qabul qilardi. Yaqin atrofda kelajakdagi marshal Tito avtomexanik bo‘lib ishlardi. Ular hali XX asrni o‘zgartirishlarini bilishmasdi. Ammo ular allaqachon bir to‘lqinda edi.
Central qahvaxonasi asosiy asab markaziga aylangan edi. Bu yerda Nitshe va shaxmat muhokama qilinib, she’riyat va non narxi haqida bahs-munozaralar bo‘lardi. Alma Maler ham shu yerda edi. U ona, ilhom parisi, rassom bo‘lib, uning hayoti Maler, Kokoshka va Verfel taqdiri bilan chambarchas bog‘langan edi. U yangi ayol timsolining ramzi edi: ehtirosli, mustaqil, madaniyatga ta’sir o‘tkaza oladigan, shunchaki ilhomlantirish bilan cheklanmaydigan ayol.
Freyd esa yangi bir ta’limot - psixoanalizning asosini yaratadi. Uning g‘oyalari san’atga kirib boradi. Endi voqelik aql bilan tushuntirilmaydi. Tushlar, bolalik davri va qo‘rquvlar esa insonni anglashning asosiy kalitlariga aylanadi.
“U qayerda bo‘lsa, Men o‘sha yerda bo‘lishi kerak”, deb yozadi Freyd. Biroq 1913-yilda “U” g‘alaba qozonayotgandek ko‘rinadi.
O‘zini yashayotgandek ko‘rsatadigan dunyo
Bularning barchasi go‘yoki farovonlik fonida sodir bo‘lmoqda. Yevropada kino kashf etilmoqda, poyezdlar qurilmoqda, nisbiylik nazariyasi muhokama qilinmoqda. Birinchi prêt-a-porter do‘konlari, birinchi telefonlar, birinchi o‘rta sinf avtomobillari paydo bo‘ldi. Odamlar ishonch bilan: urush – bu kechagi kun, deyishmoqda. Bugun – bu abadiy taraqqiyot.
Siyosatchi Norman Endjel “Buyuk xomxayol” kitobini chop etadi: urushlar foydasiz, shuning uchun ham mumkin emas. 1913-yilda u eng ko‘p sotiladigan kitobga aylanadi. Shu paytda Shpengler allaqachon “Yevropaning inqirozi”ni yozayotgan edi, lekin uni hech kim o‘qimaydi. Chunki hech kim pastga qarashni istamaydi.
“Hammasi joyida”, – deyishadi ular. Va aynan shu lahzada asr to‘qimasi yirtiladi. Darz ketishni birinchi bo‘lib san’at sezadi.
1913-yil urush arafasi emas edi. U yangi tafakkurning boshlanishi edi. Odamlar hamon eskicha yashashar, lekin endi bunday davom etish mumkin emasligini his qilishardi. Rassomlar, shoirlar va musiqachilar bu yilni teri ostidagi achishish kabi his qilishdi.
Ular xuddi xayrlashayotgandek rasm chizishar, yozishar, ijod qilishardi. Hali tuzilma, chegara, aniqlik mavjud bo‘lgan dunyo bilan. Ular tartibsizlikni oldindan sezishdi, lekin undan qo‘rqishmadi. Ular uni qo‘llarida san’at bilan kutib olishdi.
“Faqat san’atgina halokatdan omon qolishi mumkin, chunki u uni birinchi bo‘lib nomlagan edi”. Balki uning buyukligi ham shundadir.