Yo‘qotilgan va saqlanib qolingan qish
Turli davr rassomlarining qish tasavvurlari va ular sovuq go‘zallik haqidagi tushunchalarimizni qanday shakllantirgan
Qish shunchaki fasl emas, balki zamonaga qarab o‘z qiyofasini o‘zgartiradigan universal ramzdir. Kimlar uchundir u og‘ir hayot kechirish davri bo‘lsa, boshqalar uchun tinchlik va mushohada timsoli. Turli davr musavvirlari qishni har xil ko‘rinishlarda: qadimgi afsonalarda, ramzlarda va keyinchalik insonning tabiatga munosabatini aks ettiruvchi tasviriy san’atda ifodalashgan. Ijodkorlar qishni o‘zlariga xos tarzda ko‘rganlar, ammo ko‘pincha aniq bilishgan: dunyo jo‘shib turganida qish taskin beradi.
Ibtidoiy davr: qishning dastlabki tasvirlari
Ibtidoiy dunyoda san’at amaliy va sehrli maqsadlarga xizmat qilgan. Lasko yoki Altamiradagi hayvonlar tasvirlangan g‘or suratlari qishning o‘zini ko‘rsatmasa-da, shimol bug‘ulari, bizonlar va mamontlarni ovlash sahnalari orqali uning mavjudligiga ishora qiladi. Bu rasmlar odamlarning muzlik davrlariga qanday moslashganidan darak beradi. Bu yerda qish ilhom manbai emas, balki sinov edi: uning belgilari qordagi izlarda, hayvonlar terisida va tirik qolish uchun sarflangan kuchlarda ko‘rinardi. Ibtidoiy san’at qishdan omon qolish uchun uning qudratini hurmat qilgan holda u bilan munosabatga kirishish kerakligini eslatib turardi.
Qadimgi dunyo davri: miflar va ramziylik
Qadimgi tamaddunlarda san’at mifologiya bilan uzviy bog‘liq edi. Qadimgi Misr, Mesopotamiya yoki Yunoniston san’atida qishning bevosita tasvirlari uchramasa-da, uning ramziyligi fasllarning almashinuvi haqidagi afsonalarda o‘z aksini topgan. Shunday asosiy afsonalardan biri – Persefona haqidagi yunon afsonasi bo‘lib, unda qish ilohaning yer osti olamiga ketishi bilan aloqador etib ko‘rsatiladi. Bu syujet qizini sog‘inib qolgan Demetrani tasvirlovchi haykaltaroshlar va vaza rassomlariga ilhom bergan. Bu yerda qish – yo‘qotish ramzi, ammo ayni paytda bahorning qaytish va’dasi hamdir.
Antik davr: qish qahramonlar uchun fon sifatida
Antik davrda tabiat tasviri san’atning asosiy mavzusi bo‘lmasa-da, manzara ba’zida voqealar uchun fon vazifasini o‘tagan. Qishning qor bo‘ronlari va qorli tog‘lari adabiyot hamda mozaikalarda qahramonlarning qiyinchiliklarini bo‘rttirib ko‘rsatish uchun qo‘llanilgan. Misol uchun, Rim mozaikalarida yil fasllarining ramziy tasvirlari tez-tez uchraydi. Ularda qish ko‘pincha bir quchoq o‘tin ko‘targan yoki mo‘yna kiygan keksa odam qiyofasida aks ettirilgan. Bu tasvir nafaqat sovuqlikni, balki vaqtning o‘tkinchiligini va hayotning aylanma jarayonini ham ifodalagan.
O‘rta asrlar: mistik qish
O‘rta asr san’atida ko‘proq ma’naviy jihatlarga e’tibor qaratilgan. Qish sahnalari “Gersog Berriyning ajoyib cherkovi” kabi rasmli qo‘lyozmalarda paydo bo‘ladi. Miniatyuralarda qish – dehqonlarning kundalik ishlari, o‘tin yorish, shox-shabba yig‘ish, gulxan oldida isinish tasvirlangan. Shu bilan birga, qish tozalanish bilan bog‘liq bo‘lib, bu, ayniqsa, gotik vitrajlarda ko‘rinadi: sovuq oyna va muz ranglari bir vaqtning o‘zida o‘lim va abadiylikni eslatadi.
Uyg‘onish davri: qish syujet sifatida
Uyg‘onish davri avvallaridanoq tabiat va inson san’atda markaziy o‘rinni egallay boshladi. Qish manzaralari rasmlarda paydo bo‘la boshladi, bu esa voqelikni tasvirlashga bo‘lgan yangi qiziqishdan dalolat berardi. Bunga Piter Breygel Starshiyning asarlari yorqin misol bo‘la oladi. Uning “Qorda ovchilar” (1565) asari qishni mustaqil mavzu sifatida tasvirlashga bo‘lgan ilk urinishlardan biridir. Rasm nafaqat sovuq va qorni, balki kundalik hayot taassurotlarini ham ifodalaydi: qordagi izlar, muzdagi rang-barang figuralar, uzoqdagi tutunlar. Breygel uchun qish – bu ma’no va harakatga to‘la hayot.
Yangi davr: qishki peyzaj estetikasi
XVII asrdan boshlab qish rassomlarning sevimli mavzusiga aylandi. Hendrik Averkamp kabi gollandiyalik ustalar qishki o‘yin-kulgi sahnalarini juda yaxshi ko‘rardilar. Ularning rasmlari muz yarmarkalari, konki uchishlar va odamlarning kundalik hayotini aks ettirgan. Keyinchalik, romantizm davrida Kaspar David Fridrix kabi rassomlar qish manzaralarini falsafiy mazmun bilan boyitadilar. Uning asarlari, masalan, “Qish manzarasi” tabiat ulug‘vorligi bilan tanholikni ko‘rsatadi.
Har bir davr qish tasviriga o‘z muhrini bosgan: omon qolish va poklanish ramzidan estetik va falsafiy tushunchagacha. Rassomlarning asarlari bizga nafaqat davr haqida, balki insonning dunyoga bo‘lgan qarashi to‘g‘risida ham so‘zlaydi. Bugun qadimgi ustalar yoki zamonaviy rassomlarning ishlarini ko‘zdan kechirar ekanmiz, biz shunchaki qishni emas, balki uning abadiy va har doim o‘zgaruvchan tarixini ko‘ramiz. Ehtimol, san’atning haqiqiy go‘zalligi shundadir: u dunyo o‘zgarsa ham, bizning dunyo haqidagi tasavvurlarimizni saqlab qoladi.