“Yorqin mag‘firat bayrami: Ramazon hayiti odatlari mozaikasi”
Dunyoning turli burchaklarida Ramazon hayitini nishonlash odatlari va an’analari

Siz hech butun dunyo musulmonlari Ramazon hayiti bayramini qanday nishonlashlari haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? Bu muborak kun muqaddas ro‘zaning yakunlanishini anglatib, shukronalik, shodlik va birdamlik ruhiga to‘ladi.

Foto: Pexels
Millionlab mo‘min-musulmonlar bu ulug‘ ayyomni nishonlash uchun yig‘iladilar va har bir mamlakatning madaniy rang-baranglikka boy an’ana va urf-odatlari mavjud. Har bir xalq bu muqaddas kunning ohangiga o‘z kuyini qo‘shadi. Keling, Ramazon hayiti an’analarining butun dunyo bo‘ylab ulug‘vorligiga sho‘ng‘ib, uning mohiyati va insonlar hayotiga ta’sirini chuqurroq anglaylik.
Ramazon hayiti tantanalari quyosh endigina ufqdan ko‘tarilganda o‘qiladigan maxsus hayit namozi bilan boshlanadi. Quyosh chiqqanidan so‘ng yarim soat o‘tgach, mo‘minlar bir tan-u bir jon bo‘lib yig‘ilib, shukronalik va quvonchlarini izhor etadilar.
Namoz tugagach, qalblar mehr-muhabbatga to‘ladi, odamlar uylariga qaytib, bir-birlarini samimiy muborakbod etadilar va sovg‘alar ulashadilar. Dasturxonlar eng lazzatli taomlar va shirinliklar bilan bezatiladi, haqiqiy ziyofat uyushtiriladi, bunda har bir taom bir oylik ro‘zaning o‘rnini to‘ldirishga xizmat qiladi.

Foto: Pexels
Turkiya
Turkiyada bu bayramni "shakar bayrami" (shirinlik bayrami) deb ham atashadi. Bayramning birinchi kunida odamlar katta avlod vakillarini ziyorat qilib, ularga hurmat izhor qiladilar. Ular bir-birlarini qutlab, samimiy ravishda kechirim so‘rashadi, go‘yo qalblarini tushunmovchilik yukidan tozalayotgandek. Yoshlar hurmat va ehtirom belgisi sifatida kattalarning qo‘llarini o‘padilar. Buning evaziga ularga pul hadya qilinadi. Bu an’ana moddiy chegaradan tashqariga chiqadi: u muhitni iliqlik va birlik tuyg‘usi bilan to‘ldiradi, avlodlarni sevgi va hurmatning ko‘rinmas ipi bilan bog‘laydi.
Hindiston, Pokiston va Bangladesh
Bu mamlakatlarda Ramazon hayiti bayrami arafasida ayollar Chand Ra’t – iftorlik bayramidan oldingi kechani intiqlik bilan kutadilar. So‘nggi iftorlik tugashi bilan, ular mahalliy bozorlarga shoshilishadi. U yerda bayram ruhi hukm suradi: yorqin bezaklar chiroqlar nurida jilvalanadi, shirinliklar va taomlarning xushbo‘y hidi dimoqqa uriladi. Ushbu o‘ziga xos kechada ular qo‘llari va oyoqlarini nafis xina naqshlari – mexendi bilan bezatadilar.

Foto: Pexels
Afg‘oniston
Afg‘onistonda, aftidan, “Tohm-Jangi” nomi bilan mashhur bo‘lgan eng g‘ayrioddiy Ramazon hayitini nishonlash an’anasi mavjud. Bu qiziqarli o‘yin bo‘yalgan qaynatilgan tuxumlarni raqobat va epchillik ramziga aylantiradi. Ishtirokchilar jo‘shqinlik bilan o‘z tuxumlarini bir-biriga urishtirib, nafaqat o‘zlarining tuxumlarini sinishdan saqlashga, balki raqiblarining tuxumini chaqishga harakat qiladilar. Bu bilan quvnoqlik va do‘stona raqobat muhiti yaratiladi.
Somali

Foto: Pexels
Somalidagi Ramazon hayiti bayrami o‘zining yorqin oshpazlik an’analari bilan mashhur. Bayram markazida ikki ramziy taom - kambaabura va halvo turadi. Bu taomlar shunchaki mazali yeguliklar emas, balki bayramning asl mohiyatini aks ettiradi. Ular gastronomik lazzatni boy madaniy meros bilan mohirona uyg‘unlashtirgan holda, ta’m va an’analarning unutilmas ohangini yaratadi.
Saudiya Arabistoni

Foto: Pixabay
Saudiya Arabistonida bayram kunlarida anonim xayriya an’anasi keng tarqalgan. Oilalar qiyin ahvolga tushib qolgan kishilarga yashirincha oziq-ovqat tarqatishadi. Bu ezgu amal bayramning saxovatli ruhini va o‘zaro yordam ko‘rsatish ishtiyoqini aks ettiradi.
Malayziya
Malayziyada Ramazon hayiti Hari Raya Puasa deb ataladigan o‘ziga xos an’ana bilan nishonlanadi. Bu urf-odat muqaddas Ramazon oyining yakunlanishini anglatadi va mamlakatning boy madaniy merosini namoyish etadi.

Foto: Instagram / shangrilahotels
Hari Raya - bu “ochiq eshiklar kuni” bo‘lib, bunda aholi o‘z uylarida mehmonlarni kutib oladi. Oilalar sate, nasi goreng va nasi lemak kabi an’anaviy taomlardan iborat dasturxon tuzaydilar. Taklifnomalar nafaqat qarindoshlar va do‘stlarga, balki qo‘shnilar hamda notanish kishilarga ham yo‘llanadi.
Hari Raya an’anasi diniy tafovutlardan qat’i nazar, odamlarni birlashtirishga yordam beradi. Malaylar, xitoylar, hindlar va mahalliy xalqlar birgalikda bayramni nishonlayotganini ko‘rish mumkin. Aynan shu narsa Malayziyaning butun xilma-xilligi bilan birligini ko‘rsatadi, Ramazon hayitini har bir kishi uchun muhim voqeaga aylantiradi.

Foto: Pexels
Ramazon hayiti shunchaki bayram yoki muqaddas oyning tugashi emas, u haqiqiy boylik moddiy ne’matlarda emas, balki yaqinlarimiz va jamiyat bilan o‘rnatgan aloqalarimizning chuqurligi va mustahkamligida ekanligini eslatadi.