Yoz zavqini uzaytiruvchi kitoblar
Yorug‘lik, xotirjamlik va siz bilan qoladigan narsalar haqidagi hikoyalar

O‘zbekistonda yoz boshqa joylardagidan farqli o‘laroq alohida tarovat taratadi: yangi bozor, gilos va ko‘katlar aralashmasi iyul oyining o‘rtalariga kelib oltin rangga aylanadi. Yozgi mutolaa ham o‘zgacha tuyuladi. Tonggi quyosh nuri deraza tokchalariga erinchoqlik bilan tushadi, bolalar yalangoyoq chopqillashadi, kattalar hovlida meva-cheva yeb, choy ichishadi. Bunday kunlarda ayniqsa kitob o‘qigingiz keladi. Biroq metroda yoki tushlik paytida o‘qiydigan kitoblar emas, balki sekin-asta, deraza ortidagi manzarani yoki suhbatdoshning yuzini kuzatish uchun tanaffuslar bilan yashab o‘tish kerak bo‘lgan kitoblarni.
Quvonch kitobi
Dunyo to‘satdan to‘xtab, havoda xavotir sezilganda, oddiy narsalardan madad topish juda muhim. “Quvonch kitobi” men uchun ana shunday tayanch bo‘ldi. Uning muqovasi ostida ikki ajoyib inson – Dalay Lama va arxiyepiskop Desmond Tutu o‘rtasidagi suhbat yashiringan. Ularning suhbati erkin, deyarli oilaviy muhitda kechadi. Biroq shu bilan birga, har bir satr ko‘p sinovlarni boshdan kechirgan ikki donishmandning hayotiy tajribasi bilan to‘la: surgun va ozodlik uchun kurash, azob va kasallik. Desmond Tutu bu uning do‘sti bilan so‘nggi uchrashuvi bo‘lishi mumkinligini biladi – unga saraton tashxisi qo‘yilgan. Shu bois ularning so‘zlari yanada teranroq va samimiyroq jaranglaydi. “Baxt bizni minnatdor qilmaydi, balki minnatdorlik bizni baxtli qiladi”, deydi Tutu. Bu so‘zlar hayotning har bir onini qadrlab, nafaqat omadli, balki sinovli damlarda ham quvonishga o‘rgatadi. “Quvonch kitobi” sahifama-sahifa shuni eslatib turadiki, baxt har birimiz uchun mavjud – u shukronalikda, lahzaning go‘zalligini ko‘ra bilishda va ichki dunyoning kuchida mujassam.
Samuray qizi
Ba’zida taqdir bizni mutlaqo kutilmagan yo‘llarga boshlaydi. “Samuray qizi” kitobining qahramoni Etsu Inagaki Sugimoto bilan ham shunday bo‘lgan. Qattiqqo‘l samuraylar xonadonida tug‘ilib o‘sgan Etsu bolaligidanoq xattotlik, she’riyat va qadimiy matnlarni o‘rganadi, uni fidoyilikka to‘la hayotga tayyorlashadi. Biroq u Amerikaga – o‘zining aziz Yaponiyasiga mutlaqo o‘xshamagan g‘aroyib dunyoga borgach, hamma narsa o‘zgaradi. U yerda nafaqat yapon savdogariga turmushga chiqib, yangi oilaga ega bo‘lishi, balki begona madaniyatga singib ketmasdan o‘zligini saqlab qolishi lozim. Avtobiografik roman nozik va batafsil yozilgan: har bir satr an’analarga ehtirom va madaniyatlar tutashgan joyda kechayotgan hayotni teran kuzatishlar bilan yo‘g‘rilgan. Matnning o‘zi va so‘zlarni tanlash alohida zavq beradi. Kitob o‘quvchiga yapon hayoti va falsafasining barcha nozik jihatlarini mahorat bilan yetkazadi, bu esa asarni so‘zlar va tafsilotlar go‘zalligini qadrlaydigan barcha uchun haqiqiy tuhfaga aylantiradi.
Yupanch xonasi
Ruf Grinko o‘zining ilk kitobi ‘Yupanch xonasi” bilan haqiqiy mo‘jiza yaratdi. Bu qissa notinch dunyo ichida ichki muvozanatni topishga intiladigan ikki opa-singilning kundalik hayoti haqida. Qahramonlar odatiy va sokin tarzda yashaydilar, ammo ularning kunlari bolalik xotiralari, tonggi shirin ichimlik, dala hovlidagi malina hidi va boboning issiq, tamaki hidi ufurib turgan qo‘llari bilan to‘la. Mana shu xotiralar orasida o‘sha mo‘jiza yuz beradi: opa-singillarning o‘zlari to‘qigan ertaklar ularga kundalik qiyinchiliklar va g‘am-anduhni yengishga yordam beradi. Bu mehr-u oqibat, do‘stlik va ichki kuch haqidagi ertaklar mushkul damlarda najot va suyanch bo‘ladi. Kitob go‘yo seni mehr bilan quchoqlaydi, taskin beradi, ezgulik va muhabbatga bo‘lgan ishonchni qaytaradi. Adabiyotdan iliqlik va yupanch izlayotgan barchaga chin qalbdan tavsiya etaman.
Rojdestvo ta’tillari
Ba’zan yozning jazirama kunida ham to‘satdan sovuq va qorli qishni qo‘msaysiz. Aynan shunday paytda Somerset Moemning “Rojdestvo ta’tillari” kitobini varaqladim. Voqea qishki Parijda boshlanadi, u yerda yosh ingliz yigit tasodifan og‘ir hayot kechirayotgan rus muhojir ayoli bilan uchrashib qoladi. Moem Parij muhitini uning qarama-qarshiliklari: nafis restoranlar va qashshoq mahallalar, Stravinskiy musiqasi va Monmartr iforlari bilan mohirona tasvirlaydi. Muallif insoniy munosabatlar va taqdirlarning murakkabligini shunchalik nozik ochib beradiki, o‘zingizni bu hikoyaning guvohi bo‘lib turgandek his qilasiz. Har oqshom kitob sahifalariga qaytib, qahramonlar taqdir sinovlarini qanday yengib o‘tishlarini bilishga oshiqardim.
Sukunat sehri
Ba’zan yoz va tabiatga to‘la g‘arq bo‘lish uchun qo‘lga alohida kitob olishning o‘zi kifoya. Florian Iliyesning “Sukunat sehri” asari men uchun aynan shunday kitob bo‘ldi. Rassom Kaspar David Fridrixning asarlari bo‘ylab sayohat chuqur, maftunkor va go‘yo meditatsiyaga chorlaydi. Ilyes nafaqat buyuk rassomning hayoti haqida, balki asrlar o‘tsa-da, uning rasmlari odamlarga ta’sir ko‘rsatib, ularga ichki uyg‘unlik va osoyishtalik baxsh etishi haqida ham hikoya qiladi. Muallifning so‘zlari rassom mo‘yqalamidek, har bir jumla ehtiyotkorlik va noziklik bilan bitilgandek. Bu kitob sukunatni ilg‘ashga, uning sehri va go‘zalligini qadrlay bilishga o‘rgatadi. Bu esa kundalik tashvishlar ichida ko‘pincha yetishmay qoladigan narsadir.