Makkuinsiz 15 yil: isyonkor, rassom, moda afsonasi
Sanoatda o‘chmas iz qoldirgan dizayner qissasi

Aleksandr Makkuin – moda tarixidagi ulkan shaxs, podiumni san’atga aylantirgan benazir daho. U shunchaki dizayner emas, balki haqiqiy rassom edi – o‘ziga xos, g‘ayrioddiy va cheksiz mehnatkash.
11-fevral kuni uning vafot etganiga 15 yil to‘ladi, ammo merosi hamon tirik bo‘lib, dizaynerlarni ilhomlantirish va o‘zining teranligi bilan hayratda qoldirishda davom etmoqda.
Dahoning tug‘ilishi
Li Aleksandr Makkuin 1969-yil 17-martda Londonda ishchi oilasida tug‘ilgan. Uning otasi taksi haydovchisi, onasi esa o‘qituvchi edi. U olti farzandning eng kichigi bo‘lib, bolaligidanoq san’at, moda va dahshatli filmlarga qiziqgan. 16 yoshida u mashhur Savile Row atelyesida ishlay boshladi va u yerda yangi ko‘nikmalarni hayratlanarli darajada tez o‘zlashtirdi. Tabiiy iste’dod va tafsilotlarga e’tiborli bo‘lishi unga qisqa vaqt ichida mohir tikuvchilik mahoratini egallash imkonini berdi.
Oldinga intilgan Makkuin dunyodagi eng nufuzli moda va san’at universitetlaridan biri bo‘lgan Central Saint Martinsga ishga kirishga urinib ko‘rdi. Uning iste’dodi shunchalik yaqqol namoyon bo‘ldiki, bakalavr darajasi yo‘qligiga qaramay, unga darhol magistratura kursida o‘qishni taklif qilishdi. O‘qish uchun u sevimli xolasidan qarz oldi, chunki bu uning hayotini o‘zgartirish uchun yagona imkoniyat ekanligini tushunardi. Uning Jekdan ilhomlangan diplom ishi kolleksiyasi sanoatning e’tiborini tortdi – uni to‘laligicha ustoz va ilhom parisiga aylangan moda jurnalisti Izabella Blou sotib oldi.

Foto: INSTAGRAM/alexandermcqueen
Makkuinning karyerasi tez sur’atlar bilan o‘sib bordi va 1996-yilda, atigi 27 yoshida, u kutilmaganda Jon Galyanodan keyin Givenchy’ni boshqarish taklifini oldi. Biroq bu hamkorlik oson kechmadi: o‘zining isyonkor ruhi bilan tanilgan Makkuin modalar uyi an’analariga munosabatini yashirmadi, hatto bir kuni Yuber de Jivanshy asarlarining o‘zi uchun qadr-qimmati yo‘qligini aytdi. U Givenchy’da ishlashni ko‘proq o‘z brendini rivojlantirish uchun pul topish imkoniyati sifatida qabul qildi, lekin shunga qaramay, u uyning DNKsiga yosh auditoriya e’tiborini tortadigan avangard elementlar va yangi darajadagi jasoratni olib kirdi.
Rassom sifatidagi Makkuin
Aleksandr Makkuin shunchaki dizayner emas, balki modadan g‘oyalar va his-tuyg‘ularni ifodalash vositasi sifatida foydalangan rassom edi. U nafaqat go‘zallikni ta’kidlaydigan kiyim yaratishga intildi, balki qayg‘uli, g‘amgin, og‘riqli hikoyalar ham aytib berdi. Uning namoyishlari taqiqlangan mavzular – zo‘ravonlik, o‘lim, ruhiy kasalliklar, ayollarga zulm o‘tkazish kabi masalalarni qamrab olgan va tomoshabinlarni hayratda qoldirgan. Yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan chegaralar torayib borayotgan bekor qilish madaniyati davrida u o‘zining keskinligi uchun tanqidga uchrashi mumkin edi.
“Men yakshanba kungi tushlikdan keyin qaytgandek his-tuyg‘ular uyg‘otadigan shoularni qilishni xohlamayman. Men sendan nafratlanib yoki ilhomlanib ketishingni xohlayman, lekin bu haqiqiy hissiyot bo‘lsin. Agar sen hissiyotsiz ketayotgan bo‘lsang, demak men yomon ishlayapman”, – degan edi Aleksandr Makkuin.
Uning namoyishlari har doim zamondan ilgarilab ketardi. 1999-yilda No.13 shousida tomoshabinlar afsonaviy sahnaga guvoh bo‘lishdi: ikkita robot podiumda Shalom Xarlouning oq ko‘ylagini bo‘yayotgan edi, bu o‘sha davr uchun haqiqiy texnologik yangilik edi. 2006-yilda Widows of Culloden ko‘rgazmasida Makkuin go‘zallik va modaning o‘tkinchi ramziga aylangan Keyt Mossning ramziy gologrammasini namoyish etdi.

Foto: INSTAGRAM/alexandermcqueen
2001-yildagi VOSS nomli namoyish alohida e’tiborni tortdi. Mehmonlar o‘z joylarini egallab, ulkan oynali kub oldida paydo bo‘lishdi va shou ataylab kechiktirilgunga qadar bir soat davomida o‘z akslarini tomosha qilishga majbur bo‘lishdi. Bu usul moda olamini o‘ziga sinchkovroq nazar solishga va mulohaza yuritishga undashi kerak edi. Kubda chiroq yonganda, podiumda boshlarini bint bilan bog‘lagan modellar paydo bo‘ldi, ular odatdagi defiledan tashqari, sakrab-sakrab yurishdi, oynani sindirishdi va asabiy holatni tasvirladilar. Cho‘qqisida podium markazidagi kub gumburlab ochilib, yuzlab kapalaklar uchib chiqdi. Uning markazida niqob taqqan va nafas olish naychasi bilan yalang‘och yozuvchi Mishel Oley paydo bo‘ldi. Makkuin Joel-Piter Uitkinning “Sanitarium” fotosuratini qayta talqin qildi va moda sanoatining yaltiroq pardasi ortida ancha tashvishli va og‘riqli haqiqat yashiringanligini ko‘rsatdi.

Foto: INSTAGRAM/alexandermcqueen
2009-yil 6-oktyabrda Aleksandr Makkuinning hayotlik chog‘idagi so‘nggi shousi Plato’s Atlantis bo‘lib o‘tdi. To‘plam futuristik obrazlarni tabiat unsurlari bilan uyg‘unlashtirdi va haddan tashqari baland platformali poyabzallar shouning eng yorqin xususiyatlaridan biriga aylandi. Dizaynerning o‘zi shou g‘oyasini quyidagi so‘zlar bilan izohlagan: “Odamlar Yerni vayron qilib, okeanga qaytmoqda”.
Makkuin merosi: o‘lmas san’at
Muvaffaqiyatli karyerasiga qaramay, Makkuinning shaxsiy hayoti og‘ir yo‘qotishlar bilan to‘lgan edi. U onasi Joysga juda bog‘lanib qolgan va 2010-yilda uning o‘limi unga qattiq zarba bergan. Tushkunlik, moda sanoatining bosimi va yolg‘izlik hissi uning ahvolini yanada og‘irlashtirdi. 2010-yil 11-fevralda Makkuin o‘z joniga qasd qilib, o‘limi oldidan xat qoldirdi: “Meni kechiring va iltimos, itlarimga g‘amxo‘rlik qiling. Kechiring. Men sizni sevaman, Li"

Foto: INSTAGRAM/alexandermcqueen
Uning ketishi sanoat uchun fojia bo‘ldi, ammo uning ta’siri yo‘qolmadi. Makkuin moda haqidagi tasavvurni o‘zgartirib, uni kuchli his-tuyg‘ularni uyg‘otadigan san’atga aylantirdi. U tijoratlashtirishdan nafratlanar, tizimga qarshi borar va o‘ylashga majbur qiladigan kolleksiyalar yaratardi. Bugungi kunda uning ijodi butun dunyo dizaynerlarini ilhomlantirishda davom etmoqda, uning jasorati va novatorligi esa tarixda abadiy qoladi. Agar u hozir hayot bo‘lganida, moda olami butunlay boshqacha bo‘lishi mumkin edi.