Iman: supermodelning tugʻilgan kunida

Moda industriyasi qirolichasi, afsona va faol ayol

25 Iyul 2024
Foto: SPOTLIGHT

Iman Mohamed Abdulmajid oʻzining 69 yilligini nishonlamoqda. 25-iyulda u somalilik oilada dunyoga kelgan, otasi sobiq elchi edi. Iman aka-ukalari bilan Misr va Keniyada vaqt o‘tkazdi, Nayrobida siyosatshunoslik bo‘yicha ta’lim oldi.

Bir qarashda uning hayot tarzi juda goʻzal ko‘rinishda edi. Ammo Iman oila boquvchisi bo‘lganligi sababli oʻqishi bilan ikkita ishini birgalikda olib ketishga majbur bola‘di. Universitet xarajatlarini yopish uchun unga sakkiz ming dollar kerak edi. Va bir kun ichida hammasi oʻzgarib ketdi…

Nayrobining koʻchalaridan birida Imanni Peter Beard ismli taniqli amerikalik fotosuratchi toʻxtatdi. U qizga portret uchun rasmga tushishni taklif etdi. Iman oʻylab oʻtirmay, unga necha pul toʻlashlarini soʻradi. Peterning «Senga qancha kerak?» degan savoliga javoban Iman oʻsha o‘ziga kerakli bo‘lgan miqdor, ya’ni sakkiz ming dollar so‘radi.

Rasmlar oʻsha pul evaziga tushirildimi, yoʻqmi, hali-hamon sir boʻlib qolgan. Bu taqdir ishi boʻlib, ketidan porloq karyeraga poydevor qoʻyila boshladi. Iman Nyu-Yorkga koʻchib oʻtdi, u yerda uning modellik olamidagi koʻmakchisi Beard boʻldi. Bir yildan soʻng, 1976-yilda ilk marotaba “Vogue” jurnali muqovasida Imanning surati aks etgan soni chop etildi.

Model haqida uni chakalakzordan topishgani, ingliz tilini bilmasligi toʻgʻrisida yozishar edi. Ba’zan u oʻzi haqida insonlarning fikrini bilish uchun ham ataylab o‘zini til bilmaganlikka solardi. Aslida esa Iman beshta tilni biladi. Xuddi pardoz qilmaganidek, u baland poshnali poyabzal ham kiymas edi.

Irqchilik borasidagi hujumlar uni ham chetlab oʻtmadi. Na tashqi koʻrinish, na oliy maʼlumot unga yordam bera oldi. Irqchilik fonida yuzaga kelgan qiyinchiliklar turli xil kelib chiqishga ega bo‘lgan qizlar uchun moda sanoatida teng huquqlar uchun kurashning boshlang‘ich nuqtasiga aylandi.

Shon-shuhrat Imanni koʻp kuttirmadi. U Gianni Versace, Donna Karan, Calvin Klein, Thierry Mugler va Yves Saint-Laurentlarning ilhom parisiga aylandi. Imanga hattoki butun boshli toʻplamlarni baxshida qilishgan: African Queen Yves Saint Laurent 1980-yilda modelning tarixi bilan ilhomlangan.

70-80-yillarda Iman moda timsoli boʻlgan. Romantika, keragidan ortiqlik hamda yorqinlik, uning hayot uslubining aksi edi. Iman tonggacha raqs tushib, soʻngra esa suratga olish jarayoni va koʻrgazmaga shoshilar edi.

«Modellik qiz bolani katta hayotga tayyorlamaydi, siz shunchaki, tasodifan qoʻlingizda koʻpgina pullar bilan navnihol boʻlib qolasiz».

Vaqt oʻtib, bosh “it-girl” boʻlish va ziyofatlarda porlash zamoni oʻta boshladi. Uning oʻrniga irqchilik masalalarida faol kurash olib borish xohishi uygʻondi. Qora tanli modellar qoida boʻyicha, tomoshalarda juda kam paydo boʻlishar edi. Va podium hamda suratga olish maydonchasida ularning mehnatlariga nisbatan kamroq haq to‘lanardi.

2000-yillarning boshida Iman Annie Leibovitzga tarixga kirgan portretni yaratish uchun turli xil avlodga mansub oʻn oltita qora tanli supermodellarni toʻplashda yordam berdi. Bu bilan u koʻrgazmalarga bittadan ortiq qora tanli model olinmaydigan davrga o‘z ehtiromini ko‘rsatdi.

Bir paytlar Iman o‘zining kosmetika brendini ishga tushirishga qaror qilgan. Uzoq yillar davomida u o‘ziga alohida tus beruvchi rangni tayyorlashga va uni suratga olish maydonchalariga olib kelishga majbur bo‘lgan. Chunki palitrada unga mos tushadigan rang yo‘q edi. Mana shu sabab tufayli u yana bir yashin tezligidagi muvaffaqiyatga erishdi!

«Tasvirga olishda meni yordamchi vositalardan tayyorlangan qandaydir bo‘yoqlar bilan bo‘yaganlaridan keyin bosma sahifalarda o‘zimning noodatiy kulrang yuzimni ko‘rganimda, ishni o‘z qo‘limga olish kerakligini tushundim. Mening go‘zalligim – mening valyutam. Agar ular buni qanday qilib to‘g‘ri ko‘rsatishni bilishmasa, demak, buni ularga mendan boshqa hech kim tushuntirib berolmaydi».

Irqiy tengsizlik mavzusi 2013-yilda yana ko‘tarildi. Bu safar Iman Naomi Campbell va buker Bethann Hardison bilan birgalikda «Balance Diversity» kampaniyasini yoʻlga qoʻyishdi. U dizaynerlarga irqiy tenglikni eslatib turishi uchun bir chaqiriq edi. Ular birgalikda moda uylariga kelib chiqishi yevropalik bo‘lmagan modellarni ko‘proq yollashlarini so‘rab xatlar yuborishdi.

Iman Mohamed Abdulmajid britaniyalik rok musiqachi David Bowie bilan turmush qurgan. U katta ommaviylikka intilmaydi, kamdan-kam hollarda chiqish beradi. 2019-yilda Iman industriya rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, podiumda irqiy tengsizlikka qarshi kurashi uchun Franca Sozzani mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles