Dunyodagi eng yaxshi vintaj do‘konlari

Tarixga ega buyumni sotib olish mumkin bo‘lgan joylar

Fotо: Unsplash

Vintaj buyumlarini sotib olar ekanmiz, biz nafaqat uni xarid qilamiz, balki tarix bilan ham aloqada bo‘lamiz. Qiziqarli qadimiy narsalarni yaxshi sifatda topish oson emas, ularni qayerdan qidirishni bilish kerak. ELLE tahririyati Nyu-Yorkdan Tokiogacha bo‘lgan moda manzillarini taqdim etadi, u yerda siz qadimiy modaning haqiqiy xazinalarini va o‘tmishdagi ilhomlantiruvchi topilmalarni sotib olishingiz mumkin.

What comes around, goes around – Nyu-York, AQSH

Eng nufuzli chakana savdo do‘konlaridan birining flagmani “What comes around, goes around” 1993-yilda Nyu-Yorkning Soho shahrida ochilgan. Bu yerda 1880-yildan hozirgi kungacha yaratilgan kiyim-kechak, sumka va aksessuarlarning eng katta assortimenti taqdim etilgan. Kiyimlardan Jean Paul Gaultier, Dior, Yves Saint Laurent, Gucci, Fendi, Azzedine Alaïa va boshqa ko‘plab arxiv kolleksiyalaridan buyumlar xarid qilish mumkin.

Vintaj butikda Chanel, Hermes va Louis Vuitton kabi brendlarning noyob aksessuarlari va sumkalarini topish mumkin. Moda shinavandalari ushbu do‘konga xarid-investitsiya maqsadida kelishadi, aynan bu yerda siz Birkin yoki Kelly sumkalarining noyob modellarini, LV Pochette 2001, Chanel Medium Classic Flap sumkalarini va boshqalarni topishingiz mumkin. Xarid qilingan barcha tovarlarga hujjatlar va autentifikatsiya kartasi qo‘shib beriladi.

Rellik Vintage – London, Buyuk Britaniya

Rellik Vintage vintaj kutyur do‘koni 1999-yilda Londondagi mashhur Portobello bozori yaqinida ochilgan. Butikda 1930, 1960, 1970, 1980 va 1990-yillarning katta assortimenti yig‘ilgan. Bundan tashqari, bu yerda arxiv kolleksiyalaridan yoki brendlar/dizaynerlar o‘rtasidagi ramziy hamkorliklardan zamonaviy mahsulotlarni topish mumkin.

Ushbu moda manzilidan turli davrlarning kamyob va nodir namunalarini, masalan: Azzedine Alaia charm jaketlari, Alexander McQueen tillarang atlas paltosi, Burberry klassik trenchi (trench – suv o‘tkazmaydigan, yomg‘irda kiyiladigan palto), Westwoodning pank aksessuarlari, Nicki Bodenning qisqichbaqa shaklidagi to‘g‘nag‘ichlari, 1936-yil Schiaparellining  oqshom uchun mo‘ljallangan yaltiroq jaketi va ko‘plab boshqa narsalarni xarid qilishingiz mumkin.

Valois Vintage – Parij, Fransiya

1998-yilda Parijning eng zamonaviy nuqtalaridan biri bo‘lgan «Triangle D’or»da dunyoga mashhur yodgorliklar va lyuks brendlari butiklari joylashgan Valois Vintage do‘koni ochildi. Butikda 10 mingdan ortiq vintaj namunalari namoyish etilgan. Bu yerda Hermès, Chanel, Louis Vuitton, Yves Saint Laurent, Prada, Christian Dior, Christian Lacroix va boshqa brendlarning arxiv mahsulotlari jamlangan.

Do‘konning diqqatga sazovor jihati 1980 va 1990-yillardagi Chanel zeb-ziynat buyumlari, Gucci sumkalarining noyob modellari, Gianni Versace va boshqa taniqli kutyuryelarnining to‘plamlarini o‘z ichiga olgan «eski» vintaj kolleksiyasi hisoblanadi.

Vintage Delirium – Milan, Italiya

Milanning sokin tumanidagi ko‘rimsiz turar-joy binosi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Vintage Delirium moda ziyoratgohiga olib boradi. Franco Jacassi tomonidan yaratilgan ushbu manzil moda ishqibozlari va dizaynerlar ilhomlanish uchun keladigan eng yaxshi namunalarga ega muzeyni eslatadi. Barcha javonlar mo‘yna, poyabzal, sumkalar, ko‘ylaklar, kamarlar va taqinchoqlardan iborat turli xil vintaj kiyimlar va aksessuarlar bilan to‘ldirilgan.

Bu yerda siz eng noyob, nodir va asl narsalarni topishingiz mumkin. Masalan, Armanidan yo‘l-yo‘l kostyum, Schiaparelli kichik shlyapasi, 1960 va 1970-yillardagi Yves Saint Laurent buyumlari, Emilio Pucci namunalari va boshqalar. Vintage Delirium’da, shuningdek, arxiv moda jurnallari, matolar, tugmalar va krujevalarni ham xarid qilishingiz mumkin.

Time’s Up – Kopengagen, Denmark

«Time’s Up» vintaj kiyimlar do‘koni Kopengagen shahri markazida, «Dumaloq minora» yaqinida joylashgan. Butik egalari bu joyni o‘ziga xos laboratoriya deb atashadi, u yerda har doim turli davrlarning uslublari va modasi bilan tajriba o‘tkazish mumkin.

Ushbu joyda Chanel va Yves Saint-Laurent kabi dizaynerlardan tortib, uncha dovrug‘ qozonmagan brendlargacha bo‘lgan eng yaxshi vintaj topilmalari to‘plangan. Vintaj poyabzalning xilma-xil tanlovi alohida e’tiborga loyiqdir. Aksessuarlar orasida vintaj taqinchoqlar, sharflar va galstuklar ham mavjud.

QOO Vintage – Tokio, Yaponiya

QOO Vintage – Tokiodagi eng yaxshi dizaynerlik do‘konlaridan biri. Ikki qavatli butikda sumka va aksessuarlardan tortib kiyim-kechak va poyabzalgacha bo‘lgan 2 mingdan ortiq mahsulotlar namoyish etilgan.

Birinchi qavatdagi javonlar Louis Vuitton, Gucci, Prada, Celine va Saint Laurent arxiv kolleksiyalari bilan to‘ldirilgan. Ikkinchi qavatda esa Rolex, Gucci va Chanel brendlaridan zamonaviy soatlar, shuningdek, Chanel va Hermès brendidan noyob sumkalar kolleksiyasini topish mumkin. Barcha buyumlar a’lo va original holatda taqdim etiladi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles