O‘zbekistonning zargar ayollari
An’analar va zamonaviylikni o‘zida mujassamlashtirgan taqinchoqlar
Tarixga nazar
O‘zbekistonda zargarlik hunarmandchiligi boy tarixga ega. Mintaqamiz ustalarining ishlab chiqarish texnologiyasi va an’analari ko‘p asrlar davomida shakllangan va turli madaniy aloqalar tufayli doimiy ravishda rivojlanib kelgan. Tarixiy manbalarga nazar tashlansa, o‘zbek zargarlarining mahorati o‘rta asrlarning oxirlaridayoq yuksak darajaga ko‘tarilganligini anglash mumkin.
Zeb-ziynatlarni erkaklar ham, ayollar ham taqishgan. Turli zargarlik bezaklari, asosan, ijtimoiy maqom, muayyan yosh toifasiga mansublik ko‘rsatkichi sanalgan. Barcha taqinchoqlar to‘plamidan esa asosiy tadbirlar va albatta, to‘y tantanalarida foydalanilgan.
Ayollar taqinchoqlari nihoyatda rang-barang ishlangan. Ularni tayyorlashda asosan kumush va oltindan, kam miqdorda mis, jez va boshqa metallardan foydalanilgan. Ko‘pgina buyumlarda novdalar, barglar va donlar kabi o‘simlik motivlari ishlatilgan. Zargarlik buyumlarida, shuningdek, qushlar, baliqlar, ilonlar va boshqa hayvonlar tasvirini ham uchratish mumkin edi. Bunday tasvirlar o‘ziga xos ramziy ma’noga ega bo‘lgan. Ustalar g‘oyalarni aynan tabiatning o‘zidan olishgan.
O‘zbekiston zargarlik san’ati XIX asr va XX asrning boshlarida gullab-yashnadi. Jumladan, Buxoro, Xiva, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona vodiysi ustalari tomonidan ishlangan taqinchoqlar Sharq va G‘arbda nihoyatda xaridorgir bo‘lgan. Ayniqsa, Buxoro va Toshkent zargarlik buyumlari yuqori baholangan. Chunki ular boy shakllarga ega ekanligi, detallarning puxta ishlanganligi va o‘ta nafisligi bilan ajralib turardi.
Albatta, asrlar davomida zargarlik buyumlarini nisbatan did bilan yaratish, sekin bo‘lsa-da, o‘zgardi. Bu davr o‘zbek taqinchoqlarining umumiy xususiyatlari haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, bular – arxaik shakllar, ularning qadimgi diniy-sehriy tasavvurlar bilan bog‘liqligi, murakkab kompozitsiya, turli xil texnik vositalar (cho‘kichlash, zarb qilish, zarhal berish, filigran, don, emal)dan foydalanish, qadama naqshlar va shokilalarning ko‘pligidir.
Zamonaviy zargarlik san’ati
Bugungi kunda O‘zbekistonda zargarlik hunarmandchiligi uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha rivojlanayotgan badiiy qadriyatlarning tiklanishini boshdan kechirmoqda. Ulardan birinchisi – ko‘p asrlik mahoratni yetkazib berish va an’anaviy dekorativ motivlarning boy palitrasidan foydalanish. Zargar ustalarning avloddan avlodga o‘tib kelayotgan ishlari bunga misol bo‘la oladi.
Ikkinchi yo‘nalishda ayni milliy va mumtoz an’analar doirasida ijod qilayotgan, lekin ko‘pincha belgilangan me’yordan biroz chetga chiqib, o‘ziga xos bo‘lmagan dekorativ va obrazli motivlarni joriy etayotgan ayrim mualliflarning talqin va uslubiy elementlarining ko‘payganligini ko‘rishimiz mumkin.
Uchinchi yo‘nalishni esa amaliy rassomlar va dizaynerlar rivojlantiradi, ularning plastik o‘zgarishlari ba’zan zamonaviy texnologik yechimlardan foydalangan holda dekorativ kompozitsiyalarni yaratadi.
Anel Ulumbekova
Uning zargarlik san’ati bilan aloqalari 1994-yilda, Benkov nomidagi Respublika rassomlik maktabining teatr liboslari bo‘limida o‘qishni tugatgandan so‘ng boshlangan.
Toshkent zargarlik zavodida ishlaydigan Rumiy va Yelena Dadulagovalar ustaxonasiga bo‘lgan tashrifi Anelni ilhomlantirdi. Garchi buning iloji yo‘qligini bilsa-da, ularga shogird tushib o‘qish uchun murojaat qildi.
"Men birinchi kuniyoq bu kasbni sevib qoldim. Bu kasb go‘yoki mening olamimni yorishtirayotgandek edi. Men uyquga ketishdan oldin ishim haqida o‘ylardim, uyg‘onganimda esa tezroq ijod qilishni boshlash uchun ustaxonaga yugurardim. Mana 30 yildirki, o‘z kasbimga bo‘lgan muhabbat va ehtiros hanuz davom etmoqda," – deydi Anel Ulumbekova.
"Men zargarlik buyumlarini asosan qo‘lda yasash texnikasi orqali yarataman. Ya’ni arralash, zarb qilish, montaj qilish, valsovkalash, emallash va inkrustatsiya (biror sirtni rang, faktura, tekstura bo‘yicha farq qiladigan materiallar bilan bezash texnikasi) usullaridan foydalanaman. Quyish texnikasi ham mening tajribamda mavjud, chunki metallda hamma narsani birdaniga bajarish mumkin emas.
Men ishni mumdan model yoki fakturani yaratishdan boshlayman, keyin buyumni quyaman va uni yakuniy natijagacha qo‘lda ishlov berish yordamida yetkazib beraman. Deyarli har bir buyum yagona nusxadir."
Yuliya Kutovaya
Zargarning qizi bo‘lgan Yuliya 7 yoshida asalari mumidan haykalchalar yasashni boshlagan, keyinchalik u otasi bilan ushbu shakllarga kumush quygan. Bu jajji shakllar uning dastlabki ishlari edi.
U san’at kollejida kulolchilik yo‘nalishi bo‘yicha o‘qigan. O‘qish yillarida Yuliya zargarlik buyumlaridan naqshlar g‘oyasini oldi va ularni keramika bilan birlashtirdi.
2011-yilda u 3D modellashtirish texnikasini o‘rgana boshladi va kichikroq nafis, yuqori aniqlikdagi bezaklarni yasay boshladi.
2020-yilda Yuliya "Swarovski Gemstones" tanlovida luxury (hashamatli) uslubdagi buxorocha "Shibirma" to‘y ziraklarining zamonaviy talqini uchun Gran-priga sazovor bo‘ldi.
Taxminan shu davrdan boshlab Yuliya o‘zining zargarlik buyumlarida O‘rta Osiyo naqshlarini rivojlantirishga qaror qiladi.
"Men O‘zbekiston me’morchiligi, amaliy san’ati, shuningdek, zamonaviy ustalarning ishlaridan ilhom olaman. Ayniqsa, Madina Qosimbayevaning kashtasi menga juda yoqadi."
Yuliya faqat oltin bilan ishlaydi, chunki aynan tilla zargarlik buyumlarida mayda detallarni saqlab qolish imkonini beradi.
Aziza Kariyeva
Aziza Kariyeva Toshkent arxitektura-qurilish institutida tahsil olgan.
Dizaynerlik diplomini olgan Aziza 2015-yilda o‘z brendini yaratdi. U bolaligidan o‘z qo‘llari bilan nimadir yaratishni va turli zeb-ziynatlarni o‘ylab topishni yaxshi ko‘rardi.
"Menga brend nafaqat bezak yaratish, balki umuman konsepsiya sifatida yoqadi," – deydi Aziza.
U kitob o‘qishni va sayohat qilishni juda yaxshi ko‘radi. "Yaxshi kitob yangi g‘oyalarga turtki berishi va hamma narsaga boshqacha nazar bilan qarashga undashi mumkin. Sayohatlar nigohni yangilaydi va sevimli ishingizdan zerikib qolmaslik imkonini beradi," – deydi Aziza.
Aziza yaratgan buyumlar asosan qo‘lda ishlangan. Ba’zida u ish jarayonida 3D printerdan ham foydalanadi. U bezaklarni kumush va oltindan, tabiiy toshlar va marvariddan foydalangan holda tayyorlaydi.