Coco Chanel – afsonaning yaralishi
"Men haqimdagi hikoya hech qachon unutilmasin, men unga baxtli kelajak tilayman!"
Gabrielle Chanel
Hammamiz, kattalardan tortib kichkinalargacha "Chanel" modalar uyi haqida eshitganmiz. Barchamizga ma’lumki, uning asoschisi hali hayotligidayoq moda tarixini o‘zgartirib, afsonaga aylangan jasur va nafis ayol bo‘lgan. Gabrielle Chanel hikoyasi shahzodani uchratish baxtiga muyassar bo‘lgan Zolushka haqidagi ertak emas. Bu butun bir davr stilining timsoliga aylangan inqilobchi va isyonkor ayol haqidagi hikoyadir. Uning innovatsion va dadil g‘oyalari ayollar garderobining an’anaviy qiyofasini o‘zgartirdi va Chanel yaratgan ko‘plab modellar bugungi kungacha eskirmagan klassika hisoblanadi.
Coco
Chanel 1883-yil 19-avgustda Fransiyaning Somur shahrida tug‘ilgan. Unga Gabrielle ismi berilgan. Bu nom qizaloqning dunyoga kelishiga yordam bergan doya sharafiga qo‘yilgan. Undan tashqari, Janna Devol va Albert Chanel oilasida yana to‘rt farzand bor edi. Gabrielle 12 yoshga to‘lganida onasi vafot etdi. Otasi besh farzandiga g‘amxo‘rlik qila olmadi, shuning uchun o‘g‘illarini qarindoshlari oldiga jo‘natdi va uch qizini Obazin shahridagi Rim cherkoviga qarashli katolik yetimxonasiga joylashtirdi. Chanel 18 yoshigacha yetimxonada yashadi. U yerda rohibalardan kiyimlar va kashtalar tikishni o‘rgandi. Gabrielle yetimxonani tark etgach, Mollen shahriga yo‘l oldi. Yosh qiz u yerda kunduzi tikuvchi bo‘lib ishlab, kechalari qovoqxonada qo‘shiq aytishni boshladi. Uning sevimli qo‘shiqlaridan biri "Qui qu’a vu Coco" bo‘lib, Chaneldan tomoshabinlar shu qo‘shig‘ini tez-tez takror kuylashini so‘rashardi. Shunday qilib, Coco degan qiziqarli va jarangdor laqab yaralgan. Biroq Coco qo‘shiqchilik faoliyatini davom ettirish niyatida emas edi. Chanel nafaqat o‘ziga xos tashqi ko‘rinishi, balki jo‘shqin tabiati bilan ham doimo olomon orasida ajralib turardi. U tez orada nufuzli doiralardan do‘stlar orttirdi va u yerda Boy laqabini olgan sevgilisi Artur Keypelni uchratdi.
Hamma gap shlyapada
Gabriellening yaqin do‘sti Eten Balsan va sevgilisi Artur Keypel qizga o‘z biznesini boshlashda yordam berishdi. Hammasi shlyapalar do‘konidan boshlandi. 1909-yilda Chanel Parijdagi kichik kvartirasida shlyapa ustaxonasini ochdi. Ishlar tez rivojlandi, mijozlarga Chanel bosh kiyimlarining murakkabligi va antiqa dizaynlari yoqardi. Ko‘p o‘tmay, 1910-yilda Coco va Boy birgalikda Parijning zamonaviy kvartallaridan birida yana bir shlyapa do‘konini ochdilar. Keyinchalik ularning bizneslari kengayib bordi va 1913-yilda Chanel Dovilda o‘zining birinchi butikini ochdi.
Trikotaj himoyachisi
Birinchi jahon urushi boshlanib, u bilan birga tovar va xomashyo, jumladan, matolar taqchilligi ham yuzaga keldi. Gabrielle sun’iy trikotaj matosi – jersidan kiyim tikishni boshladi. Bu liboslar barcha uchun odatiy bo‘lgan, belni ajratib ko‘rsatadigan va ko‘p miqdordagi detallarga ega kiyimlardan farqli o‘laroq, erkin, kiyish va ishlash uchun qulay edi. Coconing yangi moda yo‘nalishi yaratuvchisi sifatidagi nufuzi mustahkamlandi. Chanel 1915-yilda Biarritsda modalar uyini ochdi. Gabrielle ayollar uchun shimlarni modaga kiritdi va shu bilan ayollar garderobida inqilob yasadi. U qulaylik va erkinlikni targ‘ib qilar, bu atrofdagi barchaga darhol ta’sir ko‘rsatardi.
Tvid matosidan o‘zgacha uslub
1921-yilda Chanel dunyoga yana bir yangi model – tvid matosidan tikilgan yoqasiz kostyum va qomatga mos yubka juftligini taqdim etdi. Keyinchalik aynan shu libos AQShning birinchi xonimi Jackie Kennedyning tashrif qog‘oziga aylandi. O‘sha yili Gabrielle o‘zining birinchi atirlarini chiqardi. Noyob, qimmatbaho va jozibali iforni yaratishda unga parfyumer Ernest Bo yordam berdi. Coco taqdim etilgan namunalardan beshinchisini tanladi va iforni "Chanel №5" deb atadi.
Kichik qora ko‘ylak
1919-yilda Chanelning sevgilisi Artur Boy avtohalokatda halok bo‘ldi. Bu Coco uchun qattiq zarba bo‘ldi va u uzoq vaqt davomida faqat qora rangda yurdi. Keyinchalik, 1926-yilda Chanel bu motam rangiga yangicha ma’no berishga qaror qildi va o‘sha kichik qora ko‘ylakni o‘z ichiga olgan universal kiyimlar kolleksiyasini yaratdi. Ushbu garderob predmeti nafaqat Chanel modalar uyining asosiy dizayniga aylandi, balki ko‘p yillardan beri har bir ayolda bo‘lishi kerak bo‘lgan kerakli narsalar qatoriga kirdi.
Urush moda vaqti emas
1939-yilda urush boshlanganda, Gabrielle bu moda uchun nomaqbul vaqt ekanligini his qildi va o‘z biznesini yopdi. Keyinchalik u Parijni tark etib, Shveysariyaga ko‘chib o‘tdi. Moda poytaxtiga qaytish faqat 1954-yilda, Chanel 70 yoshga to‘lganida sodir bo‘ldi. U fransuz modasini Christian Dior va Cristobal Balenciaga kabi erkaklar boshqarayotganini uzoq vaqt kuzatdi va bu uning g‘ashini keltirdi. Shuning uchun darhol ishga qaytishga qaror qildi. Tez orada u o‘zining urushdan keyingi birinchi kolleksiyasini dunyoga taqdim etdi.
Afsona bilan xayrlashish
Chanel o‘zining so‘nggi kechasini yangi to‘plam ustida ishlashni yakunlab o‘tkazdi. Ushbu kolleksiya Coconing dafn marosimidan ikki hafta o‘tgach ommaga taqdim etilgan. Gabrielle Chanel 1971-yil 10-yanvarda vafot etdi. Yuzlab odamlar, jumladan, Yves Saint-Laurent va Paco Rabanne moda olamining afsonasi bilan xayrlashgani kelishdi. Chanel hech qachon kimningdir izdoshi bo‘lmagan, balki hamisha kashfiyotchi va yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘lgan. Uning tug‘ilgan kunida biz yana bir bor Chanel hech qachon modadan chiqmasligini eslaymiz.