Moda olamidagi eko tashabbuslar

Sport brendlari – tabiat manfaati uchun

26 Avg 2024
Foto: instagram/puma

Ma’lumki, tabiatga eng ko‘p zarar keltiruvchi omil moda sanoati, xususan, mahsulotlarning ortiqcha ishlab chiqarilishi va iste’mol qilinishidir. Barqaror va qayta tiklanadigan materiallardan foydalanish BMT tomonidan 2018-yilda ishlab chiqilgan CO2 chiqindilarini kamaytirish strategiyasining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. O‘shanda bu tashabbusni Kering xoldingi, Chanel, Nike, Puma, Burberry kabi brendlar, shuningdek, H&M Group boshchiligidagi ommabop bozor vakillari qo‘llab-quvvatlagandi.

Sustainability Index 2022 yillik tadqiqotida mutaxassislar o‘ttizta yetakchi moda kompaniyasining ko‘rsatkichlarini tahlil qildilar. Ularning xulosasiga ko‘ra, issiqxona gazlari chiqindilari atigi 38 foizga, ishlab chiqarishda suv sarfi 26 foizga kamaygan, etikaga oid materiallarga o‘tish 25 foizni tashkil etgan. Chiqindilarni esa faqatgina 19 foizga qisqartirishga erishilgan.

Foto: unsplash

Shunday bo‘lsa-da, har doim o‘zingizdan boshlash va tabiatni asrovchi brendlarni tanlash maqsadga muvofiqdir. Gucci, Balenciaga, Bottega Veneta, Saint Laurent mahsulotlari ekologik izni 40 foizgacha kamaytirgan holda ishlab chiqarilmoqda. Kering xoldingi bioxilma-xillikni saqlash strategiyasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu strategiya bir nechta tamoyillarga asoslanadi: cheklash, kamaytirish, qayta tiklash, yangilash va o‘zgartirish.

Sustainability Index reytingiga qaytadigan bo‘lsak, Puma brendi barqaror materiallarga o‘tish tashabbusi tufayli yetakchi o‘rinni egallab turibdi. Bir necha yil ichida brendning barcha mahsulotlari organik paxtadan va qayta ishlangan poliefirdan tayyorlanadigan bo‘ladi. Bu xom ashyolar pestitsidlar va kimyoviy o‘g‘itlardan foydalanilmagan holda yetishtirilishi mumkin, bu esa tuproq va suv resurslariga bo‘ladigan salbiy ta’sirni kamaytiradi. Shuningdek, ananas yoki banan kabi o‘simlik chiqindilaridan olingan tolalar ham to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishda qo‘llanilmoqda.

Fransuz brendi VEJA barqarorlikka alohida e’tibor qaratgani tufayli moda olamida keng tan olinishga erishdi. Kompaniya 50 foizi makkajo‘xori chiqindilaridan iborat bo‘lgan biologik parchalanuvchan materialdan sport poyabzallarini ishlab chiqarmoqda. Bu material charm (кожа)ning to‘laqonli o‘rnini bosuvchi vositaga aylandi. VEJA bu inqilobiy material ustida besh yildan ortiq vaqt davomida izlanish olib bordi.

Bundan tashqari, sanoatda suv o‘tlaridan mato ishlab chiqarish amaliyoti ham mavjud. Bunday materiallardan foydalanish insoniyatning ekologik izini kamaytirish va tabiiy ekotizimlarni saqlashga yordam beradi. Adidas brendi “Parley for the Oceans” notijorat ekologik tashkiloti bilan hamkorlikda dengizlar va okeanlarning ifloslanishiga qarshi kurashmoqda. Brend shu tariqa sport kiyimlari va poyabzallarini yaratish uchun okeanlardan olingan hamda qayta ishlangan plastikdan foydalanmoqda.

Maqolani baham ko'ring

Related articles