Zamonaviy go‘zallik sanoatida aknega qarshi kurash
Yorqin teri san'ati
Yuzdagi akne shunchaki estetik muammo emas, balki salomatligimiz va o‘zimizga bo‘lgan ishonchning aksidir.Ular hayotning turli davrlarida, hattoki o'smirlik yoki balog'at yoshida ya'ni o'zini ishonchli va jozibali his qilish ayniqsa muhim bo'lgan davrda ham paydo bo'lishi mumkin. Aknening kelib chiqish sababidan qat’i nazar, yuz terisini parvarish qilish shunchaki vaqtinchalik yechim emas, balki yallig‘lanishga qarshi kurashishga qaratilgan to‘laqonli, puxta o‘ylangan tartib ekanligini yodda tutish muhimdir. Xo'sh, qanday qilib akne bilan kurashish va terining yorqinligini tiklash mumkin? ELLE qadam-baqadam maqsadingizga intilishingiz va o'zingizni yaxshi his qilishingizga yordam beradigan chek-list tayyorladi.
Tozalash
Tozalash sog'lom terining asosidir. Yumshoq ko‘pik yoki geldan foydalangan holda ertalabki protsedura terini quritmasdan iflosliklarni ketkazishga yordam beradi. Kechqurun terini ikki bosqichda tozalash tavsiya etiladi: birinchi navbatda, pardozni eritib, yuzdagi poralarni gidrofil moy bilan chuqur tozalang, so'ngra qoldiqlarni to'liq bartaraf qilish uchun odatdagi yuvish vositasidan foydalaning.
Tonusni oshirish
Akne paydo bo‘lishining sabablaridan biri kislota-ishqor muvozanatining buzilishi bo‘lishi mumkin, shuning uchun terining neytral va sog‘lom muhitini saqlash muhimdir. Bunda tonik yoki toner yordam beradi: u tozalashdan so‘ng terining pH darajasini tiklaydi va keyingi parvarishlashga tayyorlaydi. Muammoli teri uchun yaratilgan tinchlantiruvchi tarkibli vositalarga ustunlik bering va spirtli qurituvchi losyonlardan saqlanishga harakat qiling.
Namlantirish
Akne bo‘lsa ham, terini namlantirish - parvarishning muhim bosqichi hisoblanadi. Terining suv muvozanatini va himoya qatlamini saqlab turish juda ahamiyatli. Seramidlar va gialuron kislotasi qo‘shilgan gipoallergen kremlar terining qurib qolishini va ortiqcha yog‘ (sebum) ajralishining oldini olishda yordam beradi.
Nuqtali parvarish
Nuqtali surtish vositalari yallig‘lanishlarga qarshi samarali kurashib, ularning rivojlanishini oldini oladi va tuzalish jarayonini tezlashtiradi. Rux qo‘shilgan aralashmalar ko‘proq kechqurun ishlatishga mos, chunki ular terida qurigach, oq parda hosil qiladi. Kunduzgi parvarishni kremlar, zardoblar yoki gidrogelli niqoblar bilan to‘ldirishingiz mumkin. Bundan tashqari, akne uchun mo‘ljallangan shaffof plastirlar yallig‘langan joylarni tasodifiy tegishlardan himoya qiladi, bu esa jarohatlanish xavfini pasaytiradi.
Niqob va pilinglar
Kundalik parvarishingizga muntazam ravishda pilinglar va niqoblarni qo‘shing. Ular muguzlangan hujayralarni yumshoqlik bilan tozalaydi va yuzingizni yangilaydi. Bunday parvarish natijasida teringiz silliq bo‘lib, poralaringiz tozalanadi.
Quyoshdan himoyalash
Ultrabinafsha nurlardan himoyalanishni unutmang - bu nafaqat yozda, balki qishda ham muhimdir. SPF 30 va undan yuqori bo‘lgan quyoshdan himoyalovchi krem pigmentatsiya paydo bo‘lishining oldini oladi va terini zararli nurlardan himoya qiladi.
Makiyaj
Yuzingiz uchun dekorativ kosmetika tanlashda, mikroblarga qarshi va yog'ni tartibga soluvchi xususiyatlarga ega yengil teksturalar va mahsulotlarni tanlang. Terini ortiqcha yuklamaslik va rangni tekislash uchun yengil tusli parvarishlash kremidan foydalaning, kerak bo‘lsa, nuqsonli konsiller bilan niqoblang. Bunday qoplama tabiiy ko‘rinadi va zich tonal vositalardan farqli o‘laroq, ajin tushirmaydi va teri teksturasini buzmaydi.
Ovqatlanish va sog'lom turmush tarzi
Go‘zallik ichkaridan boshlanadi. Muvozanatli ovqatlanish, jismoniy faollik va to‘g‘ri uyqu rejimi - bularning barchasi teri salomatligining muhim tarkibiy qismidir. Yetarli miqdorda suv va foydali qo‘shimchalarni iste’mol qilish teringizga ijobiy ta’sir qiladi va nuqsonlarga qarshi kurashda yordam beradi.
Akne - bu taqdir emas. To‘g‘ri parvarish qilish, tanangizga e’tiborli munosabatda bo‘lish va dermatolog bilan maslahatlashish sizga sog‘lom va yorqin teri sari qadam tashlashga yordam beradi.