Toshkent viloyatidagi itlar oroli

Uydan olisda muhabbatli hayot. Zabonsiz mavjudotlarga qanday yordam berish mumkin?

Toshkentdan bor-yo‘g‘i 25 kilometr masofada joylashgan manzil 7000 dan ortiq itning uyiga aylangan va ularning soni doimiy ravishda ortib bormoqda. Shu intervyu paytidayoq boshpanaga bir necha o‘nlab yangi hayvonlar olib kelindi. Bu yerda jami uchta nazoratchi doimiy ishlaydi.


ELLE O‘zbekiston jamoasi “Shakar teatri” jamoasi va bloger Oskar Jalilov bilan birgalikda xayriya uchun suratga olish mqsadida boshpanaga keldi. Bu ataylab rejalashtirilmagan bo‘lmasa-da sayohat “Butunjahon hayvonlarni himoya qilish kuni”ga to‘g‘ri keldi. Jamoaning bir qismi itlar boshpanasi bo’ylab sayrga chiqqan paytda biz “Hayot” asoschisi Iroda Matkarimova bilan boshpana qanday yaratilganligi, ular nimani orzu qilishlari va ularga qanday yordam berish mumkinligi haqida suhbatlashdik.

Iroda bilan “Hayot” hududidagi nazoratchilar uyida o‘tiribmiz. Bu yerda kuchukcha Anensi o‘zini to‘laqonli xo‘jayin deb his qiladi. U ushbu loyihani yaratish va qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z mablag‘larini sarmoya kiritgan va shaxsiy buyumlarini sotgan asoschining tizzasida o‘tiradi.

ELLE: “Hayot” qanday yaratilgani, u nima bilan yashayotgani haqida so‘zlab bering.

IM: Boshpana tarixi men uchun juda kutilmagan tarzda boshlandi. 2015-yilda, bir kuni uysiz hayvonlarni himoya qilish jamiyatiga yer berilgani haqida eshitdim. O‘shanda hujjatlarni rasmiylashtirish uchun barcha mas’uliyatni o‘z zimmamga oldim. Bu yerni qonuniylashtirish uchun roppa-rosa to‘rt yil ketdi. 2018-yilda biz 200 ta it bilan bo‘m-bo‘sh yerga joylashdik. O‘shanda men bu yerda qamish va to‘rdan birinchi volerlarni yasaganman. Bu og‘ir edi, lekin ortga yo‘l yo‘q, faqat oldinga. Boshpana xususiy kompaniyalardan bir martalik yordam oladi, ammo doimiy ta’minot uchun mablag‘lar, shu jumladan sovuq mavsumda oziq-ovqat va jihozlash uchun materiallar yetarli emas. Aholiga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Men, albatta, yordam ko‘proq bo‘ladi, deb o‘ylagan edim. Afsuski, biz hayvonlar uchun pul yo‘qligini tushuntira olmaymiz.

Hozirda fuqarolarning beg‘araz yordami bilan yetimxona faoliyat ko‘rsatmoqda, hudud volerlar bilan jihozlangan, ozuqa olib kelinmoqda, ko‘ngillilar kelishmoqda, lekin bu yetarli emas.

ELLE: Sizni nima qo‘llab-quvvatlaydi?

IM: Meni ularning qarashlari, sadoqati qo‘llab-quvvatlaydi. Bu meni har kuni davom ettirishga ilhomlantiradigan eng katta narsa.

ELLE: “Hayot”ga qanday yordam berish mumkin?

IM: Har qanday yordam muhim va zarur. Siz moliyaviy yordam berish shart bo‘lmagan holda, qo‘lingizdan keladigan har qanday summani o‘tkazishingiz mumkin. “Hayot” uchun har qanday qo‘llab-quvvatlovdan xursandmiz. Siz ozuqa, oziq-ovqat yoki keraksiz narsalarni olib kelishingiz, yilning sovuq paytida volerlarni isitishda jismoniy yordam berishingiz, tomni tuzatishingiz yoki shunchaki itlar bilan sayr qilishingiz mumkin.

Yetimxona asoschisi bilan suhbatlashayotganimizda nazoratchilar va ko‘ngillilar veterinariya shifokorlariga hayvonlarni sterilizatsiya qilishda yordam berishmoqda edi.

ELLE: Sizningcha, mamlakatda uysiz hayvonlar muammosini qanday hal qilish mumkin?

IM: Butunlay sterilizatsiya – bugungi kundagi eng insonparvar yechim. Agar O‘zbekistonda har yili ommaviy sterilizatsiya o‘tkazilsa, bizda shunchaki boshpanasiz itlar bo‘lmas edi. Barcha xo‘jayinlarga o‘z hayvonlarini sterilizatsiya qilish va mas’uliyatsiz ko‘paytirishni to‘xtatish majburiyatini yuklash kerak. Biz har yili Bridjit Bardo jamg‘armasi bilan sterilizatsiya bo‘yicha qo‘shma aksiya o‘tkazamiz va har bir bunday aksiya ko‘chalarda uysiz hayvonlar qolmasligi uchun qadamdir. Bu haqiqiy yechim.

ELLE: Hayvonlarni qanchalik tez-tez olib ketishadi?

IM: Har kuni bizdan 10 tagacha it olib ketishadi. Biz hayvonlarni Rossiya, Yevropa va boshqa mamlakatlarga jo‘natamiz. Juda ta’sirli bir hikoya bor, u qalbingizda abadiy qoladigan hikoyalardan biri. Uch yil muqaddam menga bir qiz qo‘ng‘iroq qilib, yig‘lab yordam so‘radi. U hamma haydab, tepib yurgan yarador itni topgan, u esa shunchaki yordamga muhtoj edi. Biz uni darhol klinikaga jo‘natdik, keyin u ancha vaqtgacha boshpanamizda tuzalib ketdi. Itga Chimgan, deb ism qo‘yishdi. Men har kuni uning ahvoli haqida hisobot berardim va bir kuni menga italiyalik Diana ismli ayol xat yozdi. U Chimganga ko‘ngil qo‘yganini va uni uyiga olib ketmoqchiligini aytdi. Biz barcha zarur hujjatlarni rasmiylashtirdik va u yangi yil arafasida uni Italiyaga olib ketish uchun keldi. Bu ajoyib voqea edi, hammamiz quvonchdan yig‘lab yubordik. Endi Chimgan italiyalik. Biz ularning taqdirini o‘zgartiramiz, bu – bebaho.

Shu bilan birga, ELLE O‘zbekiston bosh muharriri Polina Agliamova, “Shakar teatri” jamoasi va Oskar Jalilov “Hayot” tarbiyalanuvchilari bilan mehmondo‘stlik qilishdi. Sayrga ko‘plab to‘rt oyoqlilar qo‘shildi – boshpanadagi itlarni yaxshi ko‘rishadi, ammo nazoratchilar ham, ko‘ngillilar ham har biriga e’tibor berish imkoniga ega emas.

“Boshpanani qo‘llab-quvvatlash shunchaki mehr-shafqat emas, balki mas’uliyatli va zamonaviy jamiyatning muhim qismidir. Bunday tashkilotlarga yordam berib, biz birgalikda dunyoni biroz yorug‘ va mehribonroq qilamiz. Har bir tirik mavjudot muhabbat, g‘amxo‘rlik va iliqlik huquqiga ega”, – Polina Aglamova, ELLE O‘zbekiston bosh muharriri.

“Ko‘p asrlar oldin itlar bizning eng yaxshi do‘stlarimizga aylangan. Ko‘chmanchilik davrida ular bizni qo‘riqlashardi, o‘troq hayot kechira boshlanganda esa ular uylarini hujum qilganlardan himoyalardi. Bugun Toshkentning itlari bizning yordamimizga muhtoj! Agar siz hatto juda kichik bo‘lsa ham yaxshilik qilsangiz, butun hayotingiz nur va kelajakka umid bilan to‘ladi. boshpanalarni qo‘llab-quvvatlash orqali biz hayvonlar taqdiriga befarq emasligimizni ko‘rsatamiz va ular bilan insonparvar munosabatda bo‘lish tarafdorimiz”, – Elizaveta Sukerberg, “Shakar teatri” rahbari.

“Yaxshilik qilish har bir inson bu dunyoga berishi mumkin bo‘lgan eng oddiy va shu bilan birga eng muhim narsadir”, – Oskar Djalilov, bloger.

ELLE O‘zbekiston’ning asosiy missiyalaridan biri – mahalliy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash. Ushbu suratga olish xayriya maqsadida amalga oshirildi: mablag‘lar “Hayot” boshpanasiga yordamga yo‘naltirildi, shuningdek, ba’zi zarur narsalar – kiyim-kechaklar, choyshab va boshqalar topshirildi.

“Hayot” boshpanasi hayoti haqida ularning Instagram sahifasida batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.

Foto: Yelena Martinova/ Denis Komarov

Maqolani baham ko'ring

Related articles