Fashion Awards 2024
Eng, eng yaxshilari
Londondagi Royal Albert Hall butun moda olamini o‘zida jamladi – 2-dekabr kuni u yerda Britaniya moda kengashining Fashion Awards 2024 taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirning maqsadi moda sohasidagi eng muhim yutuqlarni e’tirof etish.
“Yil dizayneri” unvoni haqli ravishda Jonatan Andersonga berildi – uning rahbarligida Loewe eng mashhur brendlardan biriga aylandi. Bu unvonga Jon Galyano, Miuchcha Prada, Piter Myule, Rik Ouens va Chemena Kamali ham da’vogar bo‘lishgandi.
Tom Ford sanoatga qo‘shgan hissasi uchun faxriy mukofotga sazovor bo‘ldi. “Eng yaxshi britaniyalik ayollar kiyimi dizayneri” unvonini Saymon Rosha, “Eng yaxshi britaniyalik erkaklar kiyimi dizayneri” unvonini esa Greys Uels Bonner qo‘lga kiritdi.
BFC Foundation jamg‘armasining maxsus mukofotini Chopova Lowena brendining asoschilari Emma Chopova va Laura Lovena olishdi. Britaniya moda kengashi ‘Yilning madaniyat innovatori” deb A$AP Rokkini tanladi. Izabella Blou nomidagi moda sohasiga qo‘shgan hissasi uchun beriladigan mukofotga fotograf Tayler Mitchell sazovor bo‘ldi.
“Ayollar kiyimining yangi eng yaxshi dizayneri” deb 16Arlington’dan Marko Kopaldo, erkaklar kiyimi bo‘yicha esa Ahluwalia e’tirof etildi. Aleks Konsani “Yil modeli”, Remo Ruffini esa “Yilning ilg‘or kishisi” deb topildi.
Qizil yo‘lak marosimning asosiy qismidan kam bo‘lmagan darajada e’tiborni o‘ziga tortdi. Rihanna Christian Lacroix Couture’ning moviy rangdagi libosida va 2002-yilgi kuz-qish kolleksiyasidan olingan shlyapada A$AP Rokkini qo‘llab-quvvatladi. Juliya Foks yana bir bor jasur moda bayonotini berdi – u Fashion Awards 2024 qizil yo‘lagiga Dilara Fındıkog‘lu libosida chiqdi. Rita Ora esa ommalashgan ofis uslubiga ishora qilib, Primark ko‘ylagi va bo‘yinbog‘i bilan ancha vazmin ko‘rinishni ma’qul ko‘rdi.