Yangi yilni nishonlash g‘oyalari: bayramni qanday unutilmas qilish mumkin?

Yangi yil bayramini o‘tkazish uchun eng yaxshi manzillar sharhi

26 Dek 2024
Fotо: Instagram / ethanbarber.co

Yangi yil – mo‘jizalar vaqti. Dekabr boshidan ko‘chalar chiroqlar bilan to‘ladi, ko‘chalarda bayram ruhi kezadi. Ammo bu unutilmas lahzani qayerda kutib olish kerak? ELLE O‘zbekiston tahririyati unutilmas bayram va ta’tillarni o‘tkazish mumkin bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatini tayyorladi.

Fransiya

Yangi yil yaqinlashgani sayin Parij yangicha qiyofada jonlanadi. Shahar o‘zgaradi: zamonaviy uylarning vitrinalari mavzuli bezaklar bilan yasatiladi, ko‘chalarda esa Rojdestvo yarmarkalari muhiti hukmron bo‘ladi. Yangi yil kechasida qayiq-restoranda joy band qilib, Sena bo‘ylab sayohat qilish, Mulen Ruj kabaresidagi bayram tomoshasini ko‘rish yoki nafis fransuz restoranlaridan birida kechki ovqatdan bahramand bo‘lish mumkin.

Théo qayiq-restorani alohida e’tiborga loyiq. 2024-yil 31-dekabr oqshomini uning shinam sahnida tungi Parij chiroqlarining manzarasidan zavqlanib o‘tkazish mumkin. Bogrenel bandargohidan boshlangan sayohat sehrli, lazzatli taomlar va unutilmas muhitga to‘la kechani va’da qiladi.

Oilaviy bayram yoki yorqin tomoshalarni yoqtiruvchilar uchun Disneyland ajoyib tanlov bo‘ladi. 31-dekabr kuni soat 17:00 dan boshlab mehmonlarni qiziqarli attraksionlar, ajoyib shou va ulkan paradlar kutadi, bularning barchasi bog‘ ustidagi osmonni yorituvchi rang-barang mushakbozlik bilan yakunlanadi.

 

Qishki manzarani sevuvchilar uchun Kurshevel – Fransiya Alp tog‘laridagi mashhur tog‘ chang‘i kurortiga borish maqsadga muvofiq. Hashamatli mehmonxonalar, o‘rmon uylari, har qanday darajadagi chang‘ichilar uchun yo‘laklar va ajoyib manzaralar bu joyni qishki dam olish uchun ideal qiladi. Kurort oilaviy sayohatchilar uchun qulay muhit va yoshlar uchun turli xil ziyofatlarni taklif etadi.

Agar dam olishni istasangiz, Kurshovelda Aquamotion eng yaxshi tanlov bo‘ladi. Yevropaning eng yirik suv markazi akvapark, spa-zona, sport va ko‘ngilochar tadbirlarni taqdim etadi. Majmuaning ochiq maydonida bolalar maydoni, mini-golf, plyaj voleyboli va quyoshda toblanish olish joylari mavjud.

Amerika Qo‘shma Shtatlari

Nyu-Yorkda Yangi yil – bu haqiqatga aylangan orzu. Rokfeller markazidagi mashhur archani tomosha qiling, Saks Fifth avenyusidagi yorug‘lik tomoshasidan zavqlaning yoki Markaziy bog‘da konkida uching. Omadingiz kelsa, hatto Santa-Klausni ham uchratishingiz mumkin!

Asosiy mo‘jiza sahnada boshlanadi. Mamlakatning eng mashhur Rojdestvo shousi “Christmas Spectacular”da Amerika Rojdestvosi ruhini his qilish mumkin. Ajoyib vizual effektlar, harakatlanuvchi dekoratsiyalar va bayram sahnalari xotirangizda o‘chmas iz qoldiradi. Bu shou an’anaga aylangan, usiz Nyu-Yorkda Rojdestvoni tasavvur qilish qiyin.

Birlashgan Arab Amirliklari

Qor va sovuq yoqmasa, Dubayga e’tibor qarating. Bu yerda yangi yil ulkan miqyosda nishonlanadi: Burj-Xalifa yonida yorug‘lik shousi va mushakbozlik uyushtiriladi. Yolg‘izlikni afzal ko‘ruvchilar uchun yaxta ijaraga olib, bayramni tungi shahar qurshovida o‘tkazish mumkin. Mushakbozlikni kuzatish uchun eng yaxshi joylar – The Dubai Mall, Souk Al Bahar yoki Burj Park.

Yaxtani Xclusive Yachts operatoridan ijaraga olish mumkin, kemada ziyofat uyushtirishni esa Amwaj Al Bahar’ga ishonib topshirish mumkin. Eng muhimi – hamma narsa mukammal o‘tishi uchun band qilishni kechiktirmaslik.

 

Tailand

Yangi yilni uch marta nishonlashni xohlaysizmi? Tailandda bu mumkin! 31-dekabr bayramidan tashqari, bu yerda fevral oyida Xitoy Yangi yili va aprel oyida Tailand Songkrani nishonlanadi. Yorqin his-tuyg‘ularni yoqtiruvchilar uchun Bangkokning markaziy ko‘chasi, Ko Pangandagi shovqinli plyaj kechalari yoki bayramona muhit hukm suradigan Vertigo yoki Moon Bardagi zamonaviy kecha mos keladi.

Romantikani xohlovchilar Loy Nava River Cruise yoki Tasaneeya Nava kruizlarini ko‘rib chiqishlari kerak. Yaxtadagi tun yaqinlaringiz davrasida yorqin xotiralar qoldiradi. Kimki yolg‘iz qolishni istasa, osmondagi minglab chiroqlarni tomosha qilish uchun Chiangmay ko‘chasiga borishi yoki Ko Samui sokin plyajlarini tanlashi mumkin. Ping daryosi shinamlik va jonli musiqa taqdim etadi.

 

Yangi yilni qayerda kutib olishingizdan qat’iy nazar, eng muhimi – bu atrofingizda yaratgan muhitingizdir. Bayram lahzalari – bu nafaqat yorqin chiroqlar va shovqinli kechalar, balki uzoq yillar davomida biz bilan qoladigan shinamlik, xotirjamlik va xotiralardir. Har bir lahza o‘ziga xos bo‘lsin, Yangi yil esa xonadoningizga baxt, quvonch va farovonlik olib kelsin.

Maqolani baham ko'ring

Related articles