Muvaffaqiyatli ayollarning sog‘lom odatlari
Qanday qilib kasbda ilgarilash, baxtli oilani barpo etib, yoshlikni saqlab qolish mumkin
Muvaffaqiyatli ayollarning aytishicha, ularning yutuqlariga intizom va to‘g‘ri odatlar sabab bo‘lgan. Bir qarashdan, bular oddiy va sodda tushunchalar, ammo aynan shular yoshlik va go‘zallikni uzaytiradi. Mashhur go‘zallarning hayotidan misollar bunga yaqqol isbot.
Sindi Krouford
90-yillarning eng talabgir modellaridan biri, go‘zallik namunasi va omadli farzandlar onasi. Sindi Krouford doim o‘z anʼanalariga sodiq: sport, ovqatlanish, sochlar va yuz terisi parvarishi, to‘g‘ri kun tartibi va, albatta, o‘zini yaxshi ko‘rish! Top-model kardio va kuch yuklamalari mashqlari mavzusida bir qator videolar ishlagan, ularni model velosipedda sayr qilish, raqslar va boshqa faolliklar bilan aralashtirishni maslahat beradi. Har kungi tongini u smuzi bilan boshlaydi, kofe o‘rniga ko‘k choy ichadi va suyuqlik ichishni unutmaydi. Har kunlik ratsionida sabzavotlar, mevalar va dengiz mahsulotlari bor. Sindi shuningdek, bir vaqtda uxlashga harakat qiladi. Barcha ayollarga asosiy maslahati esa - vaqtni yolg‘iz o‘zi o‘tkazish, yaxshi hissiyotlarni to‘plash va o‘zini yaxshi ko‘rishdir.
Jennifer Lopes
Tarang tana, porlab turuvchi teri, kuchli quvvat… Kim Jennifer Lopes 50 yoshdan oshgan deydi? Raqs qirolichasining aytishicha, eng muhimi - oddiy qoidalarga rioya qilish. Xonanda doim faol, uning fikricha, jismoniy yuklamaga yaxshi kayfiyat hamroh bo‘lishi kerak. Yana ikkita qoida - to‘g‘ri ovqatlanish va suv ichish rejimi. Jey Lo tabiiy ovqat tarafdori, yarim tayyor va ishlov berilgan mahsulotlarni yemaydi. Jennifer shuningdek, to‘yib uxlaydi, imkon qadar tikka quyosh nurlaridan saqlanadi va meditatsiyalarga vaqt ajratadi.
Viktoriya Bekxem
Uslub va go‘zallik maʼbudasi Viktoriya Bekxem doim sog‘lom hayot tarzi tarafdori. Muntazam mashg‘ulotlar, ertalabki yugurish va to‘g‘ri ovqatlanishdan tashqari, Viktoriya har kuni aminokislotalar, vitaminlar, minerallar va asalari changini isteʼmol qiladi. Teri va tanasi parvarishiga qo‘shimcha ravishda dizayner suyuqlik rejimi va to‘laqonli uyquni unutmaydi hamda ekran oldida ko‘p vaqt o‘tkazishni maslahat bermaydi va uyqu oldidan telefonni chetga surib qo‘yishni tavsiya etadi.
Enn Xeteuey
Yana bir yosh sohibjamol Enn Xeteuey kunini sportzalda mashqlardan boshlaydi, mabodo suratga olish ishlariga tayyorlansa, intensiv mashg‘ulotlar rejimiga o‘tadi. Bunda aktrisaning taʼkidlashicha, dam olish va meʼyorni unutmaslik kerak. Bir necha yil davomida Enn veganlikni olib boradi. Bu unga vaznni meʼyorlashtirish, salomatlikni saqlashga ko‘maklashadi va yaxshi hissiyotlarni bag‘ishlaydi. Yana Xeteuey tana va ongni meditatsiya orqali poklashni qo‘llaydi hamda inson o‘zini va noyob yo‘lini borligicha qabul qilishga chaqiradi.
Rozi Xantington-Uaytli
Sobiq farishta Viktoriya Sikret, aktrisa va model bir necha yildan buyon ajoyib tashqi ko‘rinishi bilan eʼtiborni tortadi. Rozi har kuni tongda och qoringa bir stakan suv ichadi, bu orqali shishlarni ketkazadi va hazm organlari ishini ishga tushiradi. U ratsionidan sutli mahsulotlar, shakar, qizil go‘sht va glyutenni chiqarib tashlagan. Model haftada bir necha marotaba sport bilan shug‘ullanadi. Ko‘pincha bu yoga, pilates yoki raqs bo‘lishi mumkin. Rozi shuningdek, o‘zining mental salomatligiga ham alohida eʼtibor beradi. Xavotir olganida, kitob o‘qiydi, meditatsiya qiladi yoki suv bo‘yiga sayrga chiqadi.
Ko‘rib turganingizday, ushbu har bir mashhur ayolga intizom va o‘ziga hamda organizmiga bo‘lgan mehr-muhabbat xos. Sport, sog‘lom taomlar, uyqu, meditatsiya - bular yosh va chiroyli bo‘lib qolishni istagan har bir ayolning qo‘lidan keladigan harakatlardir.