Zanjabil choyi – salomatlik va quvvat eliksiri

Ichimliklar immunitetni kuchaytirish va tana haroratini saqlab turishga qanday yordam beradi

Fotо: Pexels

Bu xushbo‘y ichimlik nafaqat sovuq kechalarda isitadi, balki tanangiz va ruhingiz uchun ham foydali. ELLE O‘zbekiston tahririyati bu mahsulot nima uchun mashhur bo‘lib, ko‘plab sog‘lom turmush tarzi ixlosmandlari uchun kundalik ratsionning ajralmas qismiga aylangani haqida so‘z yuritadi.

Immunitetning tabiiy kuchaytiruvchisi

Zanjabil o‘zining antibakterial va yallig‘lanishga qarshi xususiyatlari bilan tanilgan. U organizmning viruslarga qarshi kurashishiga yordam beradi, immun tizimini mustahkamlaydi va shamollashdan tezroq tuzalishga ko‘maklashadi. Unga ozgina limon va asal qo‘shsangiz, sovuq mavsumda ideal ichimlik hosil bo‘ladi.

Moddalar almashinuvini yaxshilaydi

Zanjabil choyi tabiiy yo‘l bilan organizm metabolizmini tezlashtiradi, termogenez jarayonini rag‘batlantiradi. Bu holat tananing turli sharoitlarga javoban issiqlik ishlab chiqarishni boshlaydigan holatdir. Bunday jarayon tanaga hatto tinch holatda ham kaloriyalarni sarflashga yordam beradi. Shuning uchun bu, ayniqsa, qomatini saqlashga intiladiganlar uchun muhimdir.

Detoks va tozalanish

Zanjabil organizmni toksinlardan tozalashga yordam beradi, jigar va ichak faoliyatini yaxshilaydi. Bundan tashqari, bu ichimlik hazm tizimini yengil rag‘batlantiradi, ovqatdan keyingi shish va noqulaylikni kamaytiradi.

Antioksidantlar tufayli zanjabil qarish jarayonini sekinlashtiradi, teri rangini yaxshilaydi va yallig‘lanishga qarshi kurashishga yordam beradi. Choyni muntazam ichish teringizga tabiiy yorqinlik baxsh etadi.

Fotо: Pexels

Kofeinsiz quvvat

Agar qahvaga muqobil izlayotgan bo‘lsangiz, zanjabil choyi ayni muddaodir. U tabiiy ravishda tetiklashtiradi, diqqatni jamlaydi va keskin quvvat o‘zgarishlarisiz charchoqqa qarshi kurashadi.

Tinchlik va muvozanat

Zanjabil choyi nafaqat tana, balki qalb uchun ham foydali. U stress darajasini pasaytiradi, mushaklarni bo‘shashtiradi va kayfiyatni ko‘taradi. Yoga yoki meditatsiya bilan birgalikda bu ichimlik kunni uyg‘un o‘tkazishning bir qismiga aylanadi.

Fotо: Pexels

Mukammal zanjabil choyi retsepti

Qishki ichimlikni tayyorlash uchun sizga kerak bo‘ladi:

  • 1 ta kichikroq yangi zanjabil ildizi (3-4 sm);
  • 2 stakan suv;
  • 1 choy qoshiq asal;
  • Limon yoki apelsin bo‘lagi;
  • Bir chimdim dolchin (ixtiyoriy).

Tayyorlash usuli:

Zanjabilni yupqa qilib to‘g‘rang. Suvni qaynatib, zanjabil qo‘shing. Olovni pasaytirib, 10 daqiqa qaynatib oling. Olovdan olib, limon, asal va dolchin qo‘shing. Iliq va xushbo‘y ichimlikdan bahramand bo‘lishingiz mumkin!

Maksimal foyda olish uchun ertalab bir piyola zanjabil choyini ichib, kun davomida quvvat oling yoki kechqurun – sermazmun kundan so‘ng dam olish uchun iching. Zanjabil choyi shunchaki ichimlik emas, balki o‘zingizga g‘amxo‘rlik qilish marosimiga aylansin. Uni kundalik hayotingizga qo‘shing va tanangiz sizga rahmat aytadi. 

Maqolani baham ko'ring

Related articles