Sog‘lom va yorqin teriga erishish uchun yetti qadam

Mukammal parvarish yo‘li

09 Fev 2025
fotо: freepik

Chiroyli va parvarishlangan teri shunchaki yaxshi genetika emas, balki muntazam va to‘g‘ri parvarish natijasi hisoblanadi. Nafaqat sifatli vositalardan foydalanish, balki ularni to‘g‘ri ketma-ketlikda qo‘llash ham muhimdir. Keling, haqiqatan ham samarali bo‘lgan parvarish tartibini qanday yaratishni bosqichma-bosqich ko‘rib chiqamiz.

1-qadam: Tozalash

Tozalash – parvarishning asosiy bosqichi bo‘lib, keyingi vositalarning samaradorligi aynan shunga bog‘liq. Kechqurun terini ikki bosqichda tozalash kerak: avval makiyaj, quyoshdan himoyalovchi krem va ortiqcha yog‘ni gidrofil moy, balzam yoki mitsellar suv yordamida ketkazish, so‘ngra gel yoki ko‘pik bilan g‘ovaklar tozalanib, jarayon yakunlanadi. Ertalab yumshoq vosita yetarli bo‘lib, u yog‘ va tungi parvarish qoldiqlarini olib tashlaydi. Yuvingandan so‘ng terida tortilish hissi bo‘lmasligi kerak – bu teri himoya qatlamining shikastlanganligi belgisidir.

fotо: freepik

2-qadam: Piling

Piling o‘lik hujayralarni olib tashlashga, teri relyefini tekislashga va faol komponentlarning kirib borishini kuchaytirishga yordam beradi. Buning uchun yo skrablardan, yoki muguzlangan hujayralarni nozikroq eritadigan kislotalardan foydalanish mumkin. Piling har kuni emas, balki teri turiga qarab haftasiga 1-3 marta o‘tkaziladi. Ortiqcha piling ta’sirlanishni keltirib chiqarishi, himoya qatlamini yupqalashtirishi va terining sezgirligini oshirishi mumkin.

fotо: freepik

3-qadam: Tonik

Tonik tozalashni yakunlaydi, terining tabiiy pH-muvozanatini tiklaydi va keyingi vositalarning so‘rilishini yaxshilaydi. Uni tuzilishiga qarab kaftlar yoki paxta disk bilan surtish mumkin. Tonik tarkibi terining ehtiyojlariga mos kelishi kerak: gialuron kislotasi kabi namlantiruvchi komponentlar quruq teri uchun mos kelsa, niatsinamid yoki salitsil kislotasi kabi g‘ovaklarni toraytiruvchi ingredientlar yog‘li teri uchun foydali bo‘ladi. Tarkibida spirt bo‘lsa, u terini haddan tashqari quritishi mumkin, shuning uchun kundalik parvarish uchun spirtsiz tarkiblarni tanlagan ma’qul.

fotо: freepik

4-qadam: Zardob

Zardob faol moddalarning yuqori konsentratsiyasiga ega bo‘lib, aniq vazifalarni bajaradi: namlaydi, yallig‘lanishga qarshi kurashadi, teri rangini tekislaydi yoki qarish belgilariga qarshi ta’sir ko‘rsatadi. Vosita yaxshi singishi uchun kremdan oldin yengil surtiladi. Teri uchun bir necha tomchi yetarli, ortiqchasi ta’sirni kuchaytirmaydi, aksincha nojo‘ya ta’sirlanishga olib kelishi mumkin. Tarkibiy qismlarning bir-biriga mos kelishini hisobga olish muhim: masalan, C vitaminini kislotalar va retinol bilan bir vaqtda ishlatish tavsiya etilmaydi, gialuron kislotasi esa har qanday parvarish uchun mos keladi.

fotо: freepik

5-qadam: Ko‘z atrofi terisini parvarishlash

Bu sohadagi teri yupqaroq va sezgirroq, shuning uchun u maxsus parvarishga muhtoj. Ko‘z uchun mo‘ljallangan krem namlash, shishlarni kamaytirish va ajinlarning oldini olishga yordam beradi. Uni nozik tarzda, nomsiz barmoq bilan, yengil, tashqi burchakdan ichki burchakka qarab surtish kerak. Ta’sirlanish va shishning oldini olish uchun vositani kipriklarga juda yaqin surtmaslik lozim.

fotо: freepik

6-qadam: Namlash

Krem zardob ta’sirini mustahkamlaydi, namlaydi va himoya to‘sig‘ini hosil qilib, namlik yo‘qolishining oldini oladi. Kunduzgi krem qo‘shimcha ravishda tashqi ta’sirlardan himoya qiladi, tungi krem esa terining tiklanishiga yordam beradi. Krem yuzning markazidan chetlariga qarab yengil harakatlar bilan yoyiladi. Hatto yog‘li teri ham namlanishga muhtoj, ammo uni ortiqcha yuklamaslik uchun yengil tuzilishli vositalar tanlanishi kerak.

fotо: freepik

7-qadam: Tungi niqob

Qo‘shimcha parvarish oldingi qadamlarning ta’sirini kuchaytirishga yordam beradi. Yog‘ namlikni ushlab turadi va himoya qatlamini mustahkamlaydi, tungi niqob esa uyqu paytida terini chuqur oziqlantiradi. Agar teri quruqlikka moyil bo‘lsa, yog‘ kremdan keyin surtiladi, niqob esa odatdagi krem o‘rniga haftasiga 1-2 marta qo‘llaniladi. Yog‘ namlantirish o‘rnini bosmaydi, faqat uning ta’sirini kuchaytiradi, shuning uchun ularni birgalikda ishlatish maqsadga muvofiq.

fotо: freepik

Ushbu yetti qadam teri barcha kerakli narsalarni olayotganda samarali tartibni yaratishga yordam beradi. Terining turi va holatiga qarab vositalarni tanlash, qo‘llash ketma-ketligiga rioya qilish va parvarishni ortiqcha bosqichlar bilan to‘ldirmaslik muhimdir.

Maqolani baham ko'ring

Related articles