Uyqu va ayol organizmi

Go‘zallik va yoshlikning asosiy sirini ochamiz

Katta shaharning tig‘iz hayotida nozik jins vakilalari uchun uyquga kam vaqt qoladi. Ammo surunkali uyqu yetishmasligining oqibatlari haqida ko‘pchilik o‘ylab ko‘rmaydi. Siz sog‘lom turmush tarzini olib bormoqchi bo‘lsangiz, birinchi navbatda to‘laqonli uyquga eʼtibor qaratishingiz zarur - o‘zimizni qanday his etishimiz va tashqi ko‘rinishimiz aynan ushbu omilga bog‘liq.

Jismoniy salomatlik 

Uyqu vaqtida organizmning barcha hujayralari yangilanadi, shu boisdan to‘laqonli uyqu immunitetni oshiradi. Agar bunga rioya qilmasangiz, kasal bo‘lish ehtimoli bir necha bor ortadi. Sezgan bo‘lsangiz kerak, surunkali uyquga to‘ymaslik sharoitida ko‘p kasal bo‘lishni boshlaymiz, har qanday virus “yopishaveradi”. Bundan tashqari, uyqu rejimining buzilishi qandli diabet va yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanish xavfini oshiradi. Uyqu yetishmasligi ayollar organizmida aks etadi, bu esa nomuntazam hayz sikli va libido pasayishiga olib keladi.  

Tashqi ko‘rinish 

Uyquga to‘ymaslik qon aylanishi va moddalar almashinuvini yomonlashtiradi, natijada ko‘zlar osti shishib, qora doiralar paydo bo‘ladi. Uyqu yetishmasligi charchoq va stressni keltirib chiqaradi, bu esa o‘z navbatida, stress gormoni bo‘lgan kortizol ishlab chiqarilishiga sabab bo‘ladi, bu gormon teri hujayralari yangilanishiga to‘sqinlik qiladi. Oqibatda teri holati yomonlashadi va erta qariydi. 

Uyqu vaqtida go‘zalligimiz haqida qayg‘uradigan muhim gormon - bu melatonin. U faqat qop-qorong‘u vaqtda ishlab chiqarilishini unutmang, shu sababli gadjetlarsiz uxlashga harakat qiling.

Ortiqcha vazn

Xalqaro tadqiqotlarga ko‘ra, sutkada 6 soatdan kam uxlaydigan ayollar ortiqcha vazn yig‘ishga moyil bo‘ladi. Bu organizmda gormonlar ishidagi buzilish muhitida sodir bo‘ladi. Yuqorida taʼkidlangan kortizoldan tashqari, uyqu yetishmasligida ochlik gormoni grelin ishlab chiqariladi. Uyquga to‘ymaslik natijasida yoki stressni “yeyishni” boshlaymiz yoki ochlikni yengish uchun qiyinchiliklarga uchraymiz.     

Xotira va diqqatning susayishi 

Har kuni miyamiz ko‘p miqdordagi axborot ustida ishlaydi. Uyqu vaqtida esa uni o‘zlashtiradi. Agar uyqu jarayoni muntazam buzilaversa, bu xotira, diqqatni jamlash va kun davomida samaradorlikka taʼsir ko‘rsatadi. 

Hissiy holat 

Muntazam uyquga to‘ymaslik asab tizimini charchatadi. Shuning uchun uyqu yetishmaslikdan aziyat chekuvchi ayollar asabiy va tajovuzkor bo‘lishadi. Uyqu yetishmasligida shuningdek, miyada sezilarli o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Salbiy hislar va pessimizm uchun javob beruvchi sohalarda faollik ortadi hamda ijobiy fikrlash sohalarida u kamayadi. 

Ish va hordiq o‘rtasida muvozanatni topishga intiling. Soat 23.00 gacha uxlashga harakat qiling, shunda uyqungiz to‘laqonli va foydali bo‘ladi. Ko‘zguda esa baxtli, maftunkor va sog‘lom ayolni ko‘rasiz.

Maqolani baham ko'ring

Related articles