Nozik qo‘llar yaratgan durdonalar
Stereotiplarni o‘zgartiruvchi ayol oshpazlar

Jamiyat faqat erkak bosh oshpaz bo‘lishi mumkinligiga va yuqori oshxona “ayollarning ishi emas”ligiga ko‘nikkan. Boshqa tomondan esa, butun umrini o‘choq boshida o‘tkazadigan ayol obrazi va “Buning nimasi g‘ayrioddiy?” degan fikr mavjud.
Kundalik ovqat tayyorlashdan farqli o‘laroq, bosh oshpaz kasbi san’atkorlik kabi ijodiy mashg‘ulotga aylandi. Afsuski, yaqin vaqtlargacha ayollar yuqori malakali oshpazlar tayyorlaydigan barcha oshpazlik maktablaridan chetda qolishgan.
Qiyinchiliklar va to‘siqlarga qaramay, ayollar rivojlanishdan va o‘rnatilgan qoliplarni buzishdan to‘xtamadilar. Bu nozik qo‘llar gastronomiya olamida salmoqli yutuqlarga erishdi. Bugungi kunda ularning hissasi nafaqat oshpazlik san’atini boyitmoqda, balki oshpazlarning yangi avlodini ham ilhomlantirmoqda. Bundan tashqari, restoran sanoatidagi ayollar pazandachilik olamiga o‘zgartiruvchi ta’sir ko‘rsatadigan noyob nuqtayi nazar, ijodkorlik va innovatsion yondashuvlarni olib kirishmoqda. Keling, ularning bir nechtasi bilan tanishamiz!
Ann-Sofi Pik
Bobosining traktiri joylashgan uyda o‘sgan Ann-Sofi Pik, dastlab hayotini oshpazlik bilan bog‘lashni rejalashtirmagan edi. Iqtisodiyot fakultetini tugatib, bir muddat Fransiya, Yaponiya va AQShda yashagach, 23 yoshli Ann Valansga qaytadi. Uyga qaytgach, u bobosi va otasining an’analarini davom ettirishga qaror qiladi.
Bobosining “Maison Pic” traktiri uchta Mishlen yulduziga ega edi. 2007-yilda esa Ann-Sofi ham uchta yulduz sohibasiga aylandi. Sayohatlardan ilhomlanib, u yangi ta’mlarni kashf etdi. Ilgari notanish bo‘lgan mahsulotlar Ann-Sofining nozik qo‘llarida oshpazlik durdonalariga aylanadi. U bu mahsulotlarning ta’mini ta’kidlash uchun ularni nima bilan va qanday taqdim etish mumkinligini o‘ylab topadi.
Angela Hartnett
Angela Hartnett bolaligidanoq ovqat pishirishni yaxshi ko‘rardi. Tarix bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lsa-da, u qalb amri bilan harakat qilib, buvisi sabab sevib qolgan oshpazlik kasbini tanladi. Gordon Ramsayning oshxonalarida pog‘onama-pog‘ona ko‘tarilib, Angela Mishlen yulduzini qo‘lga kiritib, Petrusda bosh oshpaz bo‘ldi. “York and Albany” gastropabini boshqarib yurgan paytida o‘zining “Murano” restoranini ochishga qaror qildi.
Uning gulkaram va no‘xatdan tayyorlangan vegetarian karri yoki qizil karam va xantal nokli o‘rdak ko‘kraklari kabi o‘ziga xos taomlari italyan bolaligiga borib taqaladigan uy shinamligi va iliqligining bir qismidir.
Sara Moulton
Sara Moulton – uy oshxonasini ommalashtirishga katta hissa qo‘shgan taniqli amerikalik oshpaz va teleboshlovchi. Uning “Gourmet” va “Cooking Live” kabi nufuzli joylardagi ish tajribasi, shuningdek, bir nechta pazandachilik kitoblarining muallifi ekanligi unga oshpazlik san’ati sohasida obro‘ olib keldi. Bugungi kunda Sara Moulton o‘z bilim va ko‘nikmalarini teleko‘rsatuvlar va mahorat darslari orqali faol targ‘ib qilmoqda.
Uning asosiy maqsadi odamlarning uyda tez-tez ovqat tayyorlashlariga va har kuni mazali uy taomlaridan bahramand bo‘lishlariga ko‘maklashishdir.