“Menga bitta baget, iltomos. “Fendi”dan
Italiyan Fendi uyi faqatgina charm va mo‘yna kiyimlar bilan bog‘liq chegaralardan chiqib ketishiga sabab bo‘lgan ramziy sumka haqida so‘z yuritamiz.

28 yil oldin, aniqrog‘i 1997-yilda, Fendi uyi asoschilari Adel va Eduardo Fendilarning nabirasi Silviya Venturini Fendi parijlik ayollarning baget nonini qo‘ltig‘ida beparvolik bilan ko‘tarib yurishidan ilhomlanadi. U mashhur Karl Lagerfeld bilan hamkorlikda bugungi kungacha “it-bag” deb nomlanayotgan Baguette sumkasini yaratadi.

foto: spotlight/fendi
Bu sumka modelining 1000 dan ortiq turi mavjud, biroq uni tuzilishidan darhol tanib olish mumkin: qisqa tasma va 26 ga 14 santimetrlik standart o‘lcham. Shu bilan birga, Pico nomli alohida versiyasi ham bor bo‘lib, u 4 ga 4 santimetrlik o‘lchami bilan hayratda qoldiradi va alohida buyum emas, balki sumka uchun aksessuar hisoblanadi.

foto: INSTAGRAM/@FENDI
Bugungi kunda Baguette sumkasini Kim Kardashyandan tortib, uzunroq tasmani ma’qul ko‘radigan Jeykob Elordigacha bo‘lgan turli xil jahon miqyosidagi mashhurlar qo‘lida ko‘rish mumkin. Biroq bu sumka haqiqiy afsonaga aylanishiga Sara Jessika Parker va barchamizga tanish bo‘lgan serial sabab bo‘ldi. Serialning 3-mavsumi 17-qismida uning qahramoni Kerri Bredshou kunduz kuni Nyu-York ko‘chalarida o‘g‘riga yo‘liqadi.
- Give me your bag! – dedi o‘g‘ri asabiylashib.
- It’s a Baguette! – deb aniqlik kiritdi Kerri vahimaga tushib.

foto: INSTAGRAM/@FENDI
Bu so‘zlar “qanotli ibora”ga aylanib, Fendi sumkasi Sara Jessika Parker, Rianna va hatto mashhur rassom Reychel Faynshteyn kabi taniqli shaxslar bilan hamkorliklar markaziga aylanib, yanada mashhurlik kasb etdi.
Fendi Baguette sumkasi katta o‘zgarishlarga duch keldi va hatto ishlab chiqarish vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lsa-da, u hamon o‘ziga xosligini ta’kidlashni xohlaydigan mashhur moda izdoshlari orasida sevimli bo‘lib qolmoqda.