Yangi shakllar va teksturalar: London podiumlaridan soch trendlari
Mavsumning eng g‘ayrioddiy soch turmаklari

London Moda haftaligi yana bir bor sochlar bilan tajribalar zamonaviy qiyofaning ajralmas qismi ekanligini isbotladi. Dizaynerlar teksturalar, hajm va ranglar bilan tajriba o‘tkazib, soch turmaklariga yangicha yondashuvni taklif etishdi. Bu mavsumda murakkab texnika elementlari bilan kontrast, dinamika va tabiiylikka urg‘u berilgan. E’tiborga loyiq eng g‘ayrioddiy va dolzarb tendensiyalarni ko‘rib chiqamiz.
Yangicha gofre
Gofre texnikasi qaytib kelmoqda, ammo endi zamonaviylashgan ko‘rinishda. To‘liq gofrelash o‘rniga stilistlar kombinatsiyalangan variantlarni taklif qilishmoqda: sochning yuqori qismi silliq, pastki qismi esa gofre shaklida bo‘ladi yoki tutamning o‘rtasi teksturalangan to‘lqinlarga ega bo‘lib, uchi va ildizi tekis qoladi. Bunday effekt soch turmagiga o‘ziga xoslik va dinamika qo‘shib, ko‘p qatlamlilik va nur o‘yini ta’sirini yaratadi. Ayniqsa, “gofre-o‘tish” uzun sochlarga juda yarashadi, ularga hajm va joziba baxsh etadi.

fotо: spotlight \ Chet Lo
Havoli hajm
Bu mavsumda 60-yillardan ilhom olingan soch turmaklari dramatik ko‘rinish kasb etadi. Baland soch turmаklari, qabariq dumlar va biroz beparvo ildizlar – ajoyib hajm va retro-shikni yoqtiradiganlar uchun eng maqbul tanlovdir. Biroq, bu mavsumda stilistlar an’anaviy soch turmagini yumshatib, uni yanada havoli, tabiiy, og‘ir laksiz tarzda talqin qilishdi. Soch tolalari harakatchan bo‘lib qoladi, bu esa qiyofani yengil va nafis qiladi.

fotо: spotlight \ Huishan Zhang
Kokildagi kontrast tolalar
Kokilda yorqin rangli aksentlar ijodiy yechimlarni sevuvchilar uchun haqiqiy kashfiyot bo‘ldi. Xoh pastel ranglar bo‘lsin, xoh neon jilolari – bunday usul qiyofaga zamonaviylik va o‘ziga xoslik baxsh etadi. Trendni har qanday uslubga moslashtirish mumkin: sariq sochlardagi yengil karamel jilvalaridan tortib, to qora sochlardagi dadil pushti va ko‘k aksentlargacha. Asosiy qoida – kontrast tabiiy ko‘rinishi va umumiy qiyofaga uyg‘un bo‘lishi kerak.

fotо: spotlight \ Keburia
Kokilning asimmetrik kaskadi
Oddiy, ammo ta’sirchan detal – yuzga yumshoq tushadigan asimmetrik kokil. U soch turmagiga yengillik va harakatchanlik bag‘ishlaydi, qisqa soch turmagi bilan ham, uzun sochlar bilan ham mukammal uyg‘unlashadi. Bu mavsumda stilistlar kokilning bir tomonini sezilarli darajada uzunroq qoldirib, uzunlik bilan tajriba o‘tkazishni taklif qilmoqdalar, bu esa qiziqarli effekt yaratadi. Bunday kokil yuz ovalini to‘g‘rilashga yordam beradi, chiziqlarga ko‘proq nafislik beradi.

fotо: spotlight \ SRVC
Shamol effekti
Yengil shamolda to‘zg‘ib ketgandek tuyuladigan sochlar mavsumning eng romantik va tabiiy tendensiyalaridan biridir. Bunday ta’sirga yengil jingalaklar va teksturali spreylar yordamida erishiladi, bu esa “hozirgina podiumdan tushgandek” uslubini yaratadi. Sochlar xuddi shamolda mayin to‘zg‘ib ketgandek ko‘rinadi, bu esa qiyofaga o‘ynoqilik va tabiiylik baxsh etadi. Bu murakkab amallarni talab qilmaydigan, ammo zamonaviy va yangi ko‘rinadigan kundalik pardoz uchun eng maqbul variantdir.

fotо: spotlight \ SS Daley
Erkin tushuvchi soch tolali turmak
Ushbu trend yig‘ilgan sochlarning aniqligi va erkin tushuvchi soch tolalarining yengil beparvoligini o‘zida mujassam etgan. Bunday joylashuv yanoqlarni ta’kidlaydi va qiyofaga noziklik qo‘shadi, shu bilan birga tabiiy ko‘rinadi. Bunday uslubni har qanday vaziyatga moslashtirish mumkin – xoh kechki tadbirga, xoh kundalik hayotga. Tabiiylikka alohida e’tibor qaratish lozim: soch tolalari ataylab yotqizilgandek ko‘rinmasligi kerak, yengil egilishlar va yumshoq chiziqlar esa tabiiylik va ayollik ta’sirini yanada kuchaytiradi.

fotо: spotlight \ Di Petsa
Namlik effekti
Silliq, yaltiroq, nam soch effektiga ega jingalak sochlar mashhurligini yo‘qotmayapti. Dizaynerlar ularni silliq soch turmagi yoki ataylab e’tiborsiz joylashtirish shaklida taqdim etishni taklif qilishmoqda, bu esa nam tolalarning zamonaviy illyuziyasini yaratadi. Bu mavsumda namlik effekti yanada universal bo‘ldi: uni ideal silliq tugunlarda ham, bo‘shashgan jingalak sochlarda ham ko‘rish mumkin. Asosiy jihat - yog‘li sochlar ta’sirisiz tabiiy yaltiroqlikni saqlab qoladigan to‘g‘ri tanlangan soch turmaklash vositalaridan foydalanish.

fotо: spotlight \ Di Petsa