Mikelanjelo: davrdan ulug‘, zamondan buyuk
Unutilmas ijodkor – buyuk Mikelanjelo Buonarrotini yodga olamiz

Shu yilning mart oyida Mikelanjeloning tug‘ilganiga 550 yil to‘lmoqda, biz esa hamon u haqida so‘zlashni davom ettirib, uning abadiy asarlarini ko‘rish uchun dunyoning turli burchaklariga yo‘l olamiz.
Aytishlaricha, Mikelanjelo o‘jar, odamovi va yolg‘iz bo‘lgan. Ammo san’ati bor odam yolg‘iz bo‘lishi mumkinmi? U san’at rashkchi, odamdan o‘zini to‘liq bag‘ishlashni talab qiladi, derdi. Darhaqiqat, u butun umrini san’atga bag‘ishladi, 88 yoshigacha ijod qildi. Ehtimol, u jamiyatning sevimli kishisi bo‘lmagandir, biroq hech kim uning iste’dodi va mehnatkashligini inkor eta olmasdi.
Italiyalik dahoga “vaqtni ushlab qolish”, natija emas, balki jarayon va his-tuyg‘uni ko‘rsatish muyassar bo‘ldi. Shu bois biz jang oldidan hayajonlangan Dovud haykalini yoki bir lahza oldin kimnidir chaqirgan Muso tasvirini ko‘ramiz. Mikelanjelo shaklni yaratmayman, balki toshdan ozod qilaman, derdi. Aytish mumkinki, u doimo shaklni emas, haqiqatni izlardi.

Фото:Pexels
Mikelanjelo haykallarga harakatchanlik va his-tuyg‘ular baxsh etib, san’atni o‘zgartirdi. “Pietà”ga boqib, lahzaning butun fojiasi va nafosatini his qilish mumkin. Bryugge madonnasida esa Bibi Maryam cherkov qonun-qoidalariga ko‘ra emas, balki chaqalog‘iga birinchi qadamlarni qo‘yishga imkon berayotgan jonli, yosh, o‘ychan ayol sifatida tasvirlangan. U go‘zallik idealini qayta ko‘rib chiqdi, mushaklarni shunchaki jismoniy qobiq emas, balki ruhiy kuchning in’ikosi sifatida talqin etdi. Shu bois hatto Sikstina ibodatxonasi va “Kentavrlar jangi” marmar relyefidagi keksalar ham atletik tana tuzilishiga ega.
Mikelanjelo o‘z davrining barcha qonun-qoidalarini buzdi, asarlarini vaqtdan tashqarida nafas olishga, his qilishga va mavjud bo‘lishga undadi. Aynan shu sababli 550 yil o‘tgan bo‘lsa-da, biz hamon u haqda so‘zlashimiz va uning har bir asariga qoyil qolishimiz tabiiy.
Tavallud ayomingiz muborak bo‘lsin, Michelangelo di Lodovico di Leonardo di Buonarroti Simoni!

Foto: The Metropolitan Museum of Art