Kopengagen moda haftaligi sharhi
Kopengagen modadagi o‘yin qoidalarini qanday o‘zgartirmoqda

Kopengagen moda haftaligi (CPHFW) allaqachon oddiy mahalliy tadbir chegarasidan chiqib, sanoatning yangi me’yorlari uchun global platformaga aylandi. Milan, Parij va Nyu-York tijorat va ijod o‘rtasida muvozanatni saqlashga harakat qilayotgan bir paytda, Kopengagen ongli yondashuvga, mahalliy o‘ziga xoslikka va tajribaviy uslublarga e’tibor qaratmoqda.
Barqarorlik CPHFWning asosiy maqsadi
2020-yildan boshlab CPHFW barqaror modani rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni izchil ravishda joriy etib, ekologik xavfsizlikni shunchaki trend emas, balki zaruriy me’yorga aylantirmoqda. 2023-yilda yangilangan talablar taqdim etilgan bo‘lsa, 2025-yildan boshlab ularni bajarish barcha ishtirokchilar uchun majburiy shartga aylandi. Endi rasmiy dasturga kiritilishni istagan brendlar quyidagi qat’iy ekologik mezonlarga javob berishi shart:
- Barqaror rivojlanishning aniq strategiyasi – brendlar o‘z biznes modelining atrof-muhitga zarar yetkazmasligini isbotlashlari kerak;
- Kamida 60 foiz sertifikatlangan yoki qayta ishlangan materiallardan foydalanish – jun, paxta, sintetika va hatto charm ekologik ishlab chiqarilganligi tasdiqlanishi lozim;
- Mo‘yna, noyob teri va patlarga to‘liq taqiq – bu materiallardan foydalanadigan birorta ham brend CPHFWda qatnasha olmaydi;
- Sotilmagan buyumlarni yo‘q qilishdan voz kechish – endi har bir mahsulot birligi qayta ishlash, xayriya yoki qayta foydalanish orqali o‘z o‘rnini topishi shart;
- Ekologik namoyishlar – minimal karbonat izi, bir martalik plastikdan voz kechish va dekordan ongli ravishda foydalanish.

foto: SPOTLIGHT
Bu yangiliklar CPHFWni barqarorlik haqida shunchaki gapirmaydigan, balki uni amalda joriy etadigan birinchi moda haftaligiga aylantirdi.
CPHFWga ohang bergan Daniya brendlari
Bu mavsumda nafaqat yangi barqarorlik talablariga javob beradigan, balki o‘ziga xos ijodiy g‘oyalarni namoyish etadigan brendlar e’tiborni tortdi. Ular orasida Stine Goya, Filippa K, Skall Studio, Han Kjøbenhavn va Gestuz bor. Bu brendlar Daniya dizayni zamonaviy modani qayta tushunishda davom etayotganining yorqin namunalariga aylandi.
Stine Goya: Skandinaviya minimalizmiga qarshi yorqinlik
Stine Goya – 2006-yildan beri Skandinaviya modasi haqidagi qoliplarni buzib kelayotgan Daniya brendi. Odatdagi minimalizm o‘rniga bu yerda rang, naqshlar va nostandart siluetlar asosiy o‘rin tutadi. Bu mavsumda 2025-yilning kuz-qish kolleksiyasi Kopengagenda emas, balki Olborgdagi Kunsten zamonaviy san’at muzeyida namoyish etildi, bu esa ko‘rgazmani yanada ta’sirchan qildi. Dizayner yil fasllarining almashinuvidan ilhom olgan: yoz mayin burmalar va yorqin gul naqshlari orqali, kuz esa qat’iyroq shakllar va to‘q ranglarda ifodalangan.

foto: SPOTLIGHT / Stine Goya
Garderobiga ko‘proq rang va ifodalilik qo‘shmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik moda ishqibozlari uchun Stine Goya ajoyib tanlov. Brend yorqin naqshlar, nozik siluetlar va qulay uslublarni uyg‘unlashtirib, ajralib turadigan, ammo kundalik hayot uchun qulay kiyimlarni yaratadi.

foto: SPOTLIGHT / Stine Goya

foto: SPOTLIGHT / Stine Goya
Filippa K: zamonaviy minimalizm klassikasi
Filippa K – 1993-yildan beri Skandinaviya minimalizmi me’yorlarini belgilab kelayotgan brend bo‘lib, sifat va funksionallikka urg‘u bergan holda nafis, sodda kiyimlarni taklif etadi. 2025-yil kuz-qish kolleksiyasida ijodiy direktor Anna Ternell klassik garderobni qayta ko‘rib chiqdi, odatiy qat’iy chiziqlarga ko‘proq plastiklik va shakl tajribalarini qo‘shdi. Uzun paltolar, hajmli trikotaj buyumlar, ko‘p qatlamli obrazlar – bularning barchasi kolleksiyani bir vaqtning o‘zida ham universal, ham ifodali qiladi.

foto: SPOTLIGHT / Filippa K
Filippa K – oddiy, ammo zamonaviy garderobga sarmoya kiritadiganlar uchun ideal tanlov. Bu kiyimlar har qanday sharoitga oson moslashadi: ularni sovuq mavsumda issiq qatlamlar bilan birlashtirib, mavsumlar oralig‘ida esa erkin, ammo puxta o‘ylangan ko‘rinish yaratish mumkin. Brend aniq chiziqlar va yuqori sifatli materiallarni qadrlaydiganlarga mos keladi.

foto: SPOTLIGHT / Filippa K

foto: SPOTLIGHT / Filippa K
Gestuz: sirli joziba va ayollik kuchi
Gestuz rok-n-roll ruhidagi ayollikning dadil va keskin talqinini o‘zida mujassam etadi. 2008-yilda Sanne Sexested tomonidan asos solingan brend vintaj va o‘tgan o‘n yilliklardan ilhomlanib, ayolning nozikligini emas, balki uning kuchini ochib beradigan kiyimlar yaratadi. 2025-yil kuz-qish kolleksiyasida Gestuz murakkab his-tuyg‘ular va o‘zgarishlar mavzusini davom ettiradi. Mavsumning bosh qahramoni – sirli, erkin, kuchli, ammo ayni paytda zaif ayol. Podiumda bu qarama-qarshiliklar orqali namoyon bo‘ldi: nozik to‘rlar og‘ir charm bilan, trikotajlar qomatga mos kostyumlar bilan, bayker kurtkalari nafis kechki liboslar bilan uyg‘unlashdi.

foto: SPOTLIGHT / Gestuz
Gestuz odatiy me’yorlardan voz kechish va uslubga ko‘proq xarakter, dadillik va o‘ziga xoslikni qo‘shish imkoniyatini beradi. Brend ayollik va kuchni bir qiyofada uyg‘unlashtirib, tajriba qilishdan qo‘rqmaydiganlarga mos keladi.

foto: SPOTLIGHT / Gestuz

foto: SPOTLIGHT / Gestuz
Skall Studio: tabiatdan ilhomlangan moda
Opa-singil Juli va Mari Skallar tomonidan yaratilgan Skall Studio brendi tabiatdan ilhomlangan moda, hunarmandchilik mahorati va materiallarga chuqur hurmatni o‘zida mujassam etgan. Ular 100% tabiiy tolalardan kiyim yaratib, mo‘yna va charmdan foydalanmaydilar. Ularning o‘ziga xos trikotaj mahsulotlari Daniyaning eng qadimgi fabrikalarida ishlab chiqariladi, bu esa har bir buyumni haqiqatan noyob qiladi. 2025-yil kuz-qish kolleksiyasida dizaynerlar ayollik uslubiga e’tibor qaratib, qat’iy siluetlarga to‘r, kashta va kechki ko‘ylaklarga qo‘lda tikilgan shisha marvaridlarni qo‘shdilar. Belga o‘rnashgan paltolar, hajmli trikotaj va romantik dehqoncha ko‘ylaklar – bularning barchasi uyg‘unlik va abadiy nafosat muhitini yaratadi.

foto: SPOTLIGHT / Skall Studio
Skall Studio an’analar va zamonaviylik uyg‘unligini o‘zida mujassam etgan. Ularning kiyimlari tabiiy matolarni, soddalik va noziklikni qadrlaydiganlarga mos keladi. Bunday kiyimlar turli mavsumlarga oson moslashadi va trendlardan tashqarida qolib, shaxsiy uslubni ta’kidlaydi.

foto: SPOTLIGHT / Skall Studio

foto: SPOTLIGHT / Skall Studio
Han Kjøbenhavn: moda orqali san’at va his-tuyg‘ular
Han Kjøbenhavn o‘ziga xos va dadil obrazlarni yaratish orqali an’anaviy moda tushunchasining chegaralarini kengaytiradi. 2008-yilda Yannik Vikkelse Davidsen tomonidan asos solingan brend haykaltaroshlik siluetlari, sanoat shakllari va chuqur hissiy ma’noni birlashtiradi. 2025-yil kuz-qish kolleksiyasi dizaynerning shaxsiy hikoyasiga aylandi: u bolaligidan, Kopengagen atrofidan va uning hayotiga ta’sir ko‘rsatgan odamlardan ilhom oldi. Podiumda bu qo‘pol materiallar – sun’iy mo‘yna, charm, denim va keskin siluetlar: bo‘rttirilgan yelkalar, tanaga yopishgan ko‘ylaklar, massiv etiklar uyg‘unligida namoyon bo‘ldi. To‘q ranglar orasida kutilmagan element – umid ramzi bo‘lgan xira siyoh rang paydo bo‘ldi.

foto: SPOTLIGHT / Han Kjøbenhavn
O‘zbekistonliklar uchun Han Kjøbenhavn eng qulay tanlov bo‘lmasa-da, ilhom manbai bo‘lishi shubhasiz. Uning obrazlari – bu chaqiriq, tajriba va xarakter. Noan’anaviy yechimlardan qo‘rqmaydiganlar uning uslubi elementlarini o‘zlaricha talqin qilib, kiyim javonlariga dramatik siluetlar, tuzilishli matolar va qarama-qarshiliklar o‘yinini qo‘shishlari mumkin.

foto: SPOTLIGHT / Han Kjøbenhavn

foto: SPOTLIGHT / Han Kjøbenhavn
Moda kelajagi allaqachon shu yerda
CPHFW barqarorlik, o‘zini namoyon etish va innovatsiyalar ustuvor ahamiyat kasb etadigan yangi davrni shakllantirmoqda. Bu mavsumda taqdim etilgan brendlar Skandinaviya modasining turli qirralarini namoyish etmoqda.
Daniya dizayni ifoda erkinligini, kiyim-kechakka puxta yondashuvni va estetika hamda funksionallik o‘rtasidagi muvozanatni taklif etadi. Ehtimol, Kopengagen hali moda poytaxti hisoblanmasa-da, uning global ta’siri tobora ortib bormoqda.