Sarponing oxirgi 30 yillikdagi evolyusiyasi

To‘y o‘zbek xalqi uchun azaldan muhim voqealardan biri bo‘lib kelgan. Qadim zamonlardan beri “sarpo” sepini tayyorlash va yig‘ish muqaddas an’analardan sanalgan. Vaqt o‘tishi bilan sepni to‘ldirish an’analari ham o‘zgardi. Zamonaviy O‘zbekistonda bu samarali biznes modeliga aylandi va pandemiya boshlanishi bilan to‘y marosimlariga munosabat ancha soddalashdi.

19 Iyun 2024

Oʻzbek etnik guruhi dunyodagi eng qadimiy, shuningdek, Markaziy Osiyodagi eng koʻp sonli etnik guruhdir. Ijtimoiy mavqei, dunyo qarashidan qat’i nazar, an’analarga rioya qilish va ularni hayotga tatbiq etish har bir o‘zbekning azaliy burchi bo‘lib kelgan. O‘zbek jamiyatining xalq ongi tomonidan uzoq yillar davomida yaratilgan stereotiplari amalda o‘zgarmadi. O‘zbek xalqining asosiy qadriyatlari azaldan oila rishtalari va boshqalar bilan hamjihatlik tuyg‘usi bo‘lib kelgan. O‘zbekistonda to‘y marosimlarining etnik xususiyatlari mavzusi bugungi kungacha dolzarbdir, chunki ularda xalqning kundalik hayoti, turmush tarzi va oilaviy qadriyatlari haqidagi tasavvurlari o‘z ifodasini topgan.

Foto: Serafim Dim

"Sarpo" nima?

“Sarpo” forscha “boshdan-oyoq kiyinmoq” degan ma’noni anglatadi. Bu kelin sepining 30 yil oldin va yaqin vaqtgacha bo‘lgan tarkibini tushuntiradi. Yosh o‘zbek qizining hayoti ikki qismga bo‘linadi: to‘ydan oldin va to‘ydan keyin. Ko‘pgina oilalar qizi tug‘ilgan paytdan yoki 14-16 yoshdan boshlab sep yig‘ishni boshlaydilar. Ular bu muqaddas jarayonga alohida hayajon va e’tibor bilan tayyorgarlik ko‘rishadi: axir, bu sep bilan kelin bo‘lajak erining uyida yashaydi va unga qilingan sarpo yangi hayotida xizmat qiladi hamda ota-onasining boyligi va didining ko‘rsatkichiga aylanadi.

Foto: Xayrullayeva Oyjon

30 yil oldin qanday edi?

Qadimgi an’analarga ko‘ra, kelin yangi uyida ikkita xona: yotoqxona va yashash xonasini "kiyintirishi" kerak bo‘lgan. Uy uchun sarpo tarkibiga quyidagilar kirgan: mebel (yotoqxona to‘plami, yashash xonasidagi stol va stullar, idish-tovoq uchun javon), shuningdek gilamlar, pardalar, qandillar, mehmonlarni qabul qilish uchun bayramona idishlarning bir nechta to‘plami, uy matolari (choyshab, sochiqlar), yangi turmush qurganlar uchun liboslar). Kelin sepining muhim qismi ko‘rpacha to‘plami bo‘lgan (qadimgi vaqtlarda kelinning onasi va buvilari qo‘lda tikishgan ko‘rpa-to‘shak). Tayyor sarpolar sandiqqa solingan va yangi uyga ko‘chirilgan.

Kelinning "sarpo"siga ushbu so‘zning ma’nosiga mos keladigan barcha narsalar kiritilgan: har bir mavsum uchun ham bayramona, ham kundalik liboslar, ichki kiyimlar, poyabzallar, parfyumeriya va zargarlik buyumlari. Kelinning to‘ydan keyin va an’anaviy bayramlarda birinchi marta kiyadigan "yangi kelin" liboslarini alohida ta’kidlash kerak. Odatda bunday liboslar o‘ta nafis bo‘lib, har xil munchoqlar va milliy uslubdagi kashta naqshlari bilan bezatilgan. Qizning ota-onasi kelin uchun sepdan tashqari kuyovga ham “sarpo” tayyorlab berishgan. Qoidaga ko‘ra, bunga kostyum, poyabzal, parfyumeriya va milliy zardo‘zi chopon kiradi.

Foto: Serafim Dim

O‘zbeklarning oldingi to‘y an’analari orasida "challar" tadbiri ham bor. To‘ydan keyingi ikkinchi kuni kelin tomoni turmushga chiqqan qizi sharafiga ziyofat beradi, kuyov tarafni taklif qiladi va yig‘ilgan sepni ko‘rsatadi.  

30 yildan ko‘proq vaqt oldin turmushga chiqqan, hayot yo‘lida allaqachon muvaffaqiyatga erishgan ayollarning aytishicha, o‘sha paytdagi "Sarpo" to‘plamlaridagi milliy ko‘ylak-ishton (lozim)lar va ularga mos yengil rang-barang ro‘mollardan iborat import kiyimlarga ehtiyoj katta edi. Shuningdek, kelin keyinchalik o‘zi uchun kiyim tikishi mumkin bo‘lgan turli xil matolar ham sarpo sandig‘idan joy olgan.

Ushbu uzunlikdagi matolar kuyovning barcha amma-xolalari oldida "challar"da qulay tarzda ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan tarzda qadoqlangan. Kesim qatlamlari orasiga karton joylashtirilib, yanada estetik ko‘rinish berish uchun ustiga yelim paket o‘ralib, uning chetlari dazmol bilan dazmollangan va mato atrofiga mahkamlangan.

Ko‘pincha kelinlarning seplariga parcha va qum rangli (pesochniy) deb nomlangan matolar solingan. O‘sha paytlarda sarpo matolarining tarkibiga e’tibor qaratilmagan. Ya’ni gazlamalar tarkibida sintetika bormi-yo‘qmi, necha foiz paxtadan iborat – bular ko‘pchilikni qiziqtirmagan. Aksincha, matoning nafisligi va tadbir tantanasiga mos kelishi muhim edi. O‘sha davrlarda kelinlar uchun usti paxmoqli uy shippaklari ham urfda edi. Onalar va buvilar har bir maoshi yoki nafaqasidan pul yig‘ib, qizining sepi uchun chetdan keltirilgan yoki eng so‘nggi modadagi buyumni buyurtma qilishardi. Bugungi buvilar to‘y oldidan “sarpo yig‘ish” dostonini quvonch bilan eslashadi. Ayniqsa, onalar kelinlik sandig‘idagi sep va taqinchoqlarining bir qismini meros sifatida o‘z qizlariga qoldirishgani juda ta’sirli holat. Va bunday oilaviy an’ana avloddan-avlodga o‘tib, eski urf-odatlarga hurmat ko‘rsatib kelingan. Ya’ni sandiq ichidagi iliq xotiralar shunchaki unut bo‘lib ketmagan, balki avlodlar oʻsha kelinlar qalbida saqlanib qolgan.

Foto: Serafim Dim

An’analarni modernizatsiya qilish

2010-yillardan keyin kelinning sepini yig‘ishda ko‘proq boshqalardan ajralib turish va boyligini ko‘z-ko‘z qilishga katta ahamiyat berila boshlandi. Butun oila bilan sep yig‘ish va qo‘lda ko‘rpacha tikish yoki so‘zana kashta tikish emas, balki Dubaydan nafis idishlar buyurtma qilish, chet eldan keltirilgan kiyim-kechak va parfyumeriya, turk matolari va tayyor ko‘rpacha to‘plamlarini xarid qilish modaga aylandi. Va "sarpo" sandiqlarda emas, balki yuk joylanadigan qismi shaffof oynali, tomi ulkan tasma bilan bezatilgan, maxsus jihozlangan mini-yuk mashinasida yuborila boshlandi. Sarpo biznesi rivojlanib, "sarpo"ni ro‘yxatga olish xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalar paydo bo‘ldi, baxmal sandiqlarni ijaraga olish va sep uchun zarur bo‘lgan barcha narsalar va uy jihozlari sotiladigan maxsus do‘konlar ishga tusha boshladi. U yerda oddiy yotoqxona mebellaridan yaqqol ajralib turuvchi – yumshoq parlar, yaltiroq taqinchoqlar va jimjimador bezaklar bilan ko‘rk berilgan yangi kelin yotoqxonasi jihozlarini topish mumkin edi. Munosib kelin va kuyov bo‘lish uchun yangicha qoidalar ham o‘ylab topildi, jumladan, sovg‘a sandiqlarining nechtadan iborat bo‘lishi qat’iy belgilab qo‘yildi. Yangi turmush qurganlardan tashqari, har bir oila a’zosi uchun nafis sovg‘alar tayyorlandi. “Challar” o‘rniga to‘y oldidan bo‘lib o‘tadigan “fotiha” kunida tomonlar o‘rtasida ayirboshlashdan so‘ng, “sep yoydi” marosimi bo‘lib o‘tgan. Va o‘sha paytda endigina mashhurlikka erishayotgan Instagram ushbu "bema’ni yarmarka" uchun platforma bo‘lib xizmat qildi.

So‘nggi 5 yildagi o‘zgarishlar

Pandemiya paydo bo‘lishi bilan dabdabali bayramlar o‘tkazish tendensiyasi yo‘qola boshladi: to‘ylar yanada samimiy boʻlib bormoqda va azaliy an’analarga oid ustuvorliklar o‘zgarib bormoqda. Kelindan endi yashash xonalarini jihozlash talab qilinmaydi, sepning kengligi va nafisligida oldingi "raqobat" yo‘q: kelin va kuyov, birinchi navbatda, oʻzlariga kerak bo‘lgan narsalarni sotib olishadi. To‘ydan keyingi an’analar ham soddalashtirildi: “challar” uchun “sep yoydi” marosimi kamdan-kam o‘tkazilmoqda, kelin turmushning birinchi oyida to‘liq milliy libos kiyishi shart emas. Hatto to‘yning ertasi kuni ertalab ta’zim qilish uchun kelin va qarindoshlarni tashvishga qo‘yadigan “kelin salom” marosimi ham to‘ydan keyin darhol o‘tkazilmoqda. Endi yangi turmush qurganlar kelinning sepi orqali ko‘zni qamashtiruvchi boyliklarni ko‘rsatish o‘rniga, eng yaqinlari bilan shinam oqshomlarni va romantik sayohatlarni afzal ko‘rishmoqda.

Ammo shuni ta’kidlash kerakki, an’analardagi keskin o‘zgarishlar asosan poytaxtda tez-tez sodir bo‘lyapti. Chekka viloyatlarda esa hali ham ko‘pchilik qadimiy urf-odatlarni hurmat qiladi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles