Passiv ta’til: 2024-yil yoz mavsumida qayerda dam olish mumkin?

Mashhur yo‘nalishlarni siz uchun to‘pladik.

Unsplash: Gerardo MR

Yoz – bu dam olish va yangilanish payti. Dengiz sohilida bemalol hordiq olib, quyoshdan zavqlanib, 100 foizlik xotirjamlikka nima yetsin? Ideal passiv sayohatni ko‘pchilik aynan shunday tasavvur qiladi. Sizlar uchun xuddi shunday dam olish mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxatini havola qilamiz. 

Bodrum, Turkiya

Egey dengizining qirg‘og‘ida joylashgan Bodrum passiv hordiq uchun eng mashhur yo‘nalishlardan biri. Bu yerning qulay va shinamligi shundaki, butik, mehmonxonalar,  SPA&Wellness dasturlar, diqqatga sazovor sayyohlik joylari – hammasi aynan bir yerda joylashgan. Masalan, Avliyo Petr qal’asining ichida Arxeologiya suvosti muzeyi joylashgan. Bu dunyodagi juda kamyob muzeylardan biri hisoblanadi. 

Shuningdek, Egey dengizi sohili bo‘ylab yaxta va qayiqlar yordamida uyushtiriladigan turli xil dengiz sayohatlari mavjud. Bu yerga yana quyosh botganda, Bodrum ko‘rfazining hayratlanarli manzaralarini taqdim etadigan shamol tegirmonlarini tomosha qilish uchun tashrif buyurishingiz mumkin.

Dam olish uchun eng yaxshi vaqt: iyul-oktyabr oylaridir.  

Foto: Unsplash

Batumi, Gruziya

Gruziyaning marvaridi hisoblanmish – Batumi Qora dengiz sohilida joylashgan. Ushbu shahar o‘zining boy tarixi, madaniy va tarixiy joylari bilan mashhurdir. 

Batumi dengiz sohilidagi dam olish maskanlari va tog‘li hordiq chiqarish joylaridan tortib vino sayohatlarigacha bo‘lgan xilma-xil passiv dam olish turlarini taklif etadi. Batumi plyajlari toza va quyoshli bo‘lib, u yerda jonli va go‘zal manzarali burchaklar hamda ko‘plab ko‘ngilochar maskanlari mavjud.

Mamlakat o‘zining ajoyib mazali taomlari bilan mashhur. Bu yerda siz tabiatning panoramik manzarasiga ega bo‘lgan ko‘plab restoran va kafelarni topishingiz mumkin. Kechki payt "Ali va Nino" haykalini tomosha qilish uchun kelishingizni tavsiya qilamiz. Abadiy sevgi ramzi bo‘lgan bu ikki figura asta-sekin bir-biriga qarab harakat qiladi va keyin esa bir-biriga birlashib ketadi.

Dam olish uchun eng yaxshi vaqt: iyun-oktyabr oylaridir.  

Foto: Unsplash

Sharm-al-Shayx, Misr

Qizil dengiz sohilida, Sinay yarim orolining janubida Sharm al-Shayxning dengiz kurorti joylashgan. Mazkur kurort hayratlanarli suv osti dunyosi, xilma-xil oshxonalar va hashamatli mehmonxonalarni o‘z ichiga olgan.

Misrning eng ko‘p sayyohlar tashrif buyuradigan ushbu shahri o‘zining toza plyajlari, ekstremal ko‘ngilochar maydonlari, marjon qoyalari va sayohat maskanlari bilan mashhurdir. Bu joy snorkeling va dayving uchun eng yaxshi joylardan biri hisoblanadi. Sharm al-Shayxdagi dengiz qoyalari o‘zining turli xil marjonlari va suv osti dunyosi bilan kishini hayratda qoldiradi. Ushbu hudud kristalli toza suvi va chiroyli ko‘rinishi bilan boshqa joylardan ajralib turadi.

Sharm-al-Shayxda siz cho‘l safariga otlanishingiz, tuyada sayr qilib ko‘rishingiz yoki oqshomingizni madaniy dasturdan zavq olib o‘tkazishingiz mumkin. Dam olish turidan qat’i nazar, ta’til siz uchun bayramona va qiziqarli o‘tadi.

Dam olish uchun eng yaxshi vaqt: avgust-noyabr oylaridir.  

Foto: Unsplash

Abu-Dabi, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA)

Amirliklar osuda hordiq chiqarish uchun eng yaxshi dam olish maskanlaridan biridir. So‘nggi paytlarda Abu-Dabi o‘zining sokin atmosferasi va qiziqarli joylari tufayli mashhur bo‘lib bormoqda. Sizni, albatta, hissiyotlarsiz qoldirmaydigan nuqtalardan biri bu Luvr Abu-Dabi muzeyidir. Bu mashhur Luvr muzeyining Fransiyadan tashqaridagi birinchi filiali. Abu-Dabida, shuningdek, Amerikadagi Solomon Guggenxaym sanʼat muzeyining filialini ochish ham rejalashtirilgan.

Abu-Dabida juda ko‘p ko‘ngilochar maskanlar, jumladan, akvaparklar, akvariumlar, istirohat bog‘lari va savdo do‘konlari mavjud.

Dam olish uchun eng yaxshi vaqt: sentyabr-noyabr oylaridir.

Foto: Unsplash

Maqolani baham ko'ring

Related articles