Ayollik simfoniyasi: maftunkor iforlar
Bahorga atir tanlaymiz

Parfyumeriyadagi mevali notalar issiqlik va tarovat olamiga bir zumda sho‘ng‘ish demakdir. Ular parfyumeriya kompozitsiyasida turli vazifalarni bajarishi mumkin: e’tiborni darhol jalb qiladigan yuqori notalardan tortib, asta-sekin iforning butun ko‘p qatlamliligini ochib beradigan chuqurroq o‘rta va asosiy notalargacha. Bu notalar kompozitsiyaga yengillik va o‘ynoqilik bag‘ishlab, uyg‘unlik va quvonch muhitini yaratadi. Go‘zallik mutaxassisi Zaxar Grinov ta’kidlaganidek, bunday atirlar hayotimizni yorqin his-tuyg‘ularga to‘ldirish va baxt tuyg‘usini hadya etish qobiliyatiga ega.
ELLE O‘zbekiston bahorda e’tiboringizga loyiq bo‘lgan mevali xushbo‘y atirlar to‘plamini taqdim etadi.
Ex Nihilo Spiky Muse
Bu atir ayollik qudrati va nafosatini o‘zida mujassam etadi. Gullar malikasi bo‘lmish atirgul notalari ishtaha qo‘zg‘ovchi pista va tabiiy qulupnay bilan uyg‘unlashib, yangi, jozibador ohang hosil qiladi. Mevali notalarning yengilligi atirgulning iliq anbar va yog‘och aksentlariga qarama-qarshi bo‘lgan kuchli sadosiga o‘z o‘rnini bo‘shatib beradi. Xotirjamlik bilan hissiyot va ilhom muhitiga cho‘mib, bu atir o‘zining ko‘p qirrali tabiatini namoyon etadi, qolaversa, yorqin taassurot qoldiradi.

fotо: instagram \ @exnihiloparis
Tiziana Terenzi Cabiria
Fellinining shoh asaridan ilhom olgan bu atir bizni poklik va ruhiy kuch olamiga chorlaydi. Nok va yashil olmaning mayin notalari simfoniyasi qovunning mayinligi bilan ravon qo‘shilib ketadi, yalpiz va qora smorodinaning musaffo ohanglari esa unga hayotiylik baxsh etadi. Jasmin va atirgul kompozitsiyaga romantik tus beradi, geliotrop va anbar esa jozibali, shuningdek, unutilmas iz qoldiradi.

fotо: instagram \ @tizianaterenzi.official
ZIELINSKI & ROZEN Dark Fig
Pishgan anjirning sersuv ta’mi pushti qalampirning xushbo‘y ohanglari bilan uchrashuvi hissiyotga to‘la muhit yaratadi. Kompozitsiya issiqlik va jozibadorlikni uyg‘unlashtirgan holda yog‘ochli akkord bilan yakunlanadi. Bu atir o‘z egasining betakrorligini ta’kidlab, erkinlik va o‘zini ifoda etishni aks ettiradi.

fotо: instagram \ @zielinskiandrozen_official
Furla Armoniosa
Bu atirning yengilligi va nafisligi mandarin, qora smorodinaning yorqin ohanglari bilan uyg‘unlashadi. Kardamon va jasmin unga tetiklik baxsh etsa, kashemir hamda anbar nafislik ato qiladi. Yengil va nafis bu atir sizning o‘ziga xosligingizni ta’kidlovchi ko‘zga ko‘rinmas bezakka aylanadi.

fotо: instagram \ @cnfstoreofficial
Jusbox Carioca Heart
Erkinlik va baxt tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan bu xushbo‘y atir Lotin Amerikasi musiqasining zavq-shavqidan ilhom olgan. Limon, ananas va mangoning uchqunli ohanglari maftun etsa, kompozitsiya markazida esa jasmin, rom va sandal daraxti namoyon bo‘ladi. Bu notalar uyg‘unlik va xotirjamlik muhitini yaratib, sizni g‘amgin romantikaga cho‘mdiradi.

fotо: instagram \ @jusboxperfumes
Histoires de Parfums Dates 1804
Bu atir ehtiros va erkinlikni ifodalaydi. Ekzotik mevalar, ziravorlar va gullar bilan boy anbar-gulli akkordlar zavq-shavq olamiga olib kiradi. Gardeniya, shaftoli va ananasning yuqori notalari musaffolik baxsh etadi, kompozitsiyaning jasmin va atirgul bilan to‘ldirilgan yuragi esa atirga chuqur hissiylik va sirlilik bag‘ishlaydi. Bu atirning har bir shtrixi muhabbat va ehtiros olamiga yo‘ldir.

fotо: instagram \ @histoiresdeparfums
Kilian Apple Brandy on the Rocks
Shinamlik va quvonchga to‘la yengil mevali atir. Muz bo‘laklari qo‘shilgan olmali brendi yangilik va iliqlik tuyg‘usini uyg‘otadi. Olma, qaymoqli asal va yong‘oqli biskvit notalari ta’sirchan yog‘ochli akkordlar va ekzotik shirin ananas bilan uyg‘unlashadi. Bu atir yumshoqlik va nafislik baxsh etib, sizni xotirjam lazzat muhitiga cho‘mdiradi.

fotо: instagram \ @kilianparis
New Notes Cocktail Maracuja
Bu atirning quvvati va tetikligi yorqin his-tuyg‘ularni uyg‘otadi. Uning tarkibida marakuya, qora smorodina, nok va qulupnay limon shirinligi bilan aralashib, mevali notalar kaleydoskopini hosil qiladi. Jasmin, atirgul va kardamondan tayyorlangan gul yuragi tropik zanjabil va anbar bilan ajoyib uyg‘unlashib, xotirada sehrli taassurot qoldiradigan to‘yingan iz hosil qiladi.

fotо: instagram \ @newnotesparfums
Sisley L’eau Revee D’Aria
Bu atir haqiqiy simfoniyadir, unda har bir unsur sizning kayfiyatingizga hamohang raqsga tushadi. Osmantusning yengil shivirlashi, sitrus mevalar va zanjabil ajoyib uyg‘unlikni yaratadi. O‘rik va shaftoli vanil hamda pachuli tafti bilan uyg‘unlashib, noziklikning yangi qirralarini ochib beradigan nafis ohangdoshlikni hosil qiladi.

fotо: instagram \ @sisleyparisofficial