Supermodellar tongi

Moda olamidagi ayollar kunini nimadan boshlaydi

Mukammal tong nimadan boshlanadi? Jahon modellari uchun ertalabki soatlar – o‘ziga g‘amxo‘rlik qilish majburiy marosimga aylanadigan muqaddas vaqtdir. Shoshilmay uyg‘onish, terini nafis parvarish qilish, bamaylixotir nonushta va qisqa yoga mashqlari ularga tashqi go‘zallik va ichki uyg‘unlik o‘rtasidagi muvozanatni topishga yordam beradi. ELLE O‘zbekiston tahririyati sizni o‘z ertalabki marosimlaringizni yaratishga ilhomlantirish uchun bir nechta modellarning ertalabki odatlarini o‘rgandi.

 

Miranda Kerr

Avstraliyalik supermodel, tadbirkor va moda olamining eng taniqli siymolaridan biri Miranda Kerrning ajoyib ertalabki odatlari ko‘p. Modelning o‘zi ta’kidlaganidek, tong uning uchun ayniqsa muhim vaqt bo‘lib, butun kunning kayfiyatini belgilaydi. Shu bois Miranda ertalab soat 5-6 da turib, kunni xotirjam boshlashga harakat qiladi. Uyg‘onishi bilanoq u qisqa meditatsiyaga vaqt ajratadi. So‘ngra, nonushtadan oldin moddalar almashinuvini faollashtirish uchun limonli iliq bir stakan suv ichadi. Tananing to‘liq uyg‘onishiga ko‘maklashish uchun Miranda oddiy cho‘zilish yoki qisqa yoga mashqlarini bajaradi. Ertalabki tartibning ajralmas qismi terini parvarish qilish va kunni qisqacha rejalashtirish hisoblanadi.

 

Jiji Hadid

Dizayner, tadbirkor va model Jiji Hadid marosimlarga qat’iy rioya qilishdan ko‘ra “muvozanat” tarafdori. U doimo o‘zini rejimga mukammal amal qilishga majburlamasligini, aksincha ko‘proq ichki his-tuyg‘ulariga e’tibor qaratishini ta’kidlaydi. Shu sababli Jiji o‘zini erta turishga majbur qilmaydi, kechroq uyg‘onishni ma’qul ko‘radi. Uning aytishicha, yaxshi va to‘laqonli uyqu uning go‘zalligi va quvvatining asosiy siridir. Modelning majburiy marosimi – mazali va to‘yimli nonushta. Jiji ko‘pincha tuxum, tost va qahvani tanlaydi. Bundan tashqari, u har doim ham erta tongda mashq qilmaydi, biroq kun davomida albatta harakat qilish uchun vaqt topadi.

 

Sara Sampayo

Victoria’s Secret kompaniyasining sobiq “farishtasi” va jahon supermodeli Sara Sampayo o‘zini parvarishlash, sog‘lom ovqatlanish va mo‘tadil jismoniy faollikni o‘z ichiga olgan ertalabki kun tartibiga amal qiladi. Erta turib, foydali nonushta qilgandan so‘ng model teri va tana parvarishiga alohida e’tibor qaratadi. Ba’zan u ochiq havoda qisqa muddat yuguradi, agar vaqt imkon bersa, intensiv pilatesni afzal ko‘radi. Yaxshi uyqu va dam olishning umumiy salomatlik uchun muhimligini ta’kidlaydi. Shuningdek, u stress va xavotirni kamaytirish uchun ertalabdan o‘z-o‘zini tahlil qilish va kitob o‘qishga vaqt ajratadi.

 

Jasmin Tuks

Supermodel va Victoria’s Secret’ning sobiq “farishtasi” Jasmin Tuks uchun ertalabdan eng muhimi – ijobiy kayfiyat. Uyg‘onishi bilanoq model ijobiy ruhda bo‘lishga intiladi va o‘ziga “bugun ajoyib kun bo‘ladi”, deb eslatadi. Uning ishonchiga ko‘ra, fikrlar butun kunning ohangini belgilaydi. Ertalabki teri parvarishidan so‘ng, Jasmin albatta qon aylanishini yaxshilash va shishlarni kamaytirish uchun qo‘llari yoki sovutilgan sharchalar yordamida yuzini uqalaydi. Keyin modelning ertalabki mashg‘ulotlari boshlanadi. U kun bo‘yi tetiklik va quvvatni saqlab qolish uchun pilates va kuch mashqlarini afzal ko‘radi.

 

Kendis Sveynpol

Janubiy afrikalik supermodel Kendis tongni tetiklashtiruvchi qahva yoki dush qabul qilish bilan boshlaydi, bu unga kun bo‘yi g‘ayrat va ruhlanish beradi. U nonushtaga katta e’tibor qaratadi, to‘yimli va foydali taomlarni afzal ko‘radi. Terini parvarish qilgach, model yoga, pilates va kuch mashqlarini o‘z ichiga olgan turli xil mashg‘ulotlarni bajaradi. U haftasiga 3-4 marta 30 daqiqadan shug‘ullanadi, bu unga qomatini va ruhiy muvozanatini saqlashga yordam beradi. Kendis Sveynpol jismoniy va ruhiy salomatlik o‘rtasidagi muvozanatni ta’kidlab, kunni o‘z-o‘zini parvarishlash, sog‘lom ovqatlanish va sport bilan boshlash muhimligini uqtiradi.

 


Maqolani baham ko'ring

Related articles