Kadr ortidagi eng buyuk inson

Satyajit Ray – yo‘qdan bor qilgan rejissyor

Foto: Instagram / satyajitrayfilms

“Kim Satyajit Ray filmlarini ko‘rmagan bo‘lsa, quyoshni ham, oyni ham ko‘rmagan”, – Akira Kurosava.

Satyajit Ray otasiz ulg‘aydi. U ikki yoshga to‘lganda otasi vafot etgan. Bo‘lajak rejissyorning onasi barcha qiyinchiliklarga qaramay, uni yolg‘iz tarbiyaladi. Ichki dunyosi berk va uyatchan Satyajit maktabni tugatgach, tabiiy fanlarni o‘rganish uchun Prezident kollejiga o‘qishga kirdi. Uchinchi kursda u iqtisodiyotni o‘rganishni boshladi. Biroq na fan, na iqtisod uni qiziqtirardi.

Zerikarli o‘qishdan charchagan Satyajit bir kuni uyiga qamalib olib, bir necha kun davomida uzluksiz kino ko‘radi, klassik musiqa tinglaydi. Bunday uzoq soatlik mashg‘ulotlardan so‘ng bo‘lajak rejissyor aktyorlik kasbi uni o‘ziga tortmasligini, lekin filmlarda uni boshqa narsa qiziqtirishini anglaydi. Bu – kadr ortidagi odamlar edi. Ernst Lyubich, Jon Ford, Frenk Kapra va Uilyam Ueller kabi jahonga mashhur rejissyorlar Satyajitning xayolini band qildi.

1939-yilda Prezident kollejini tugatgach, Satyajit Ray onasiga endi na fan, na iqtisodiyot bilan shug‘ullanmoqchi emasligini aytadi. Bunday kutilmagan xabardan hayratga tushgan onasi: “O‘qimasang och qolsan-ku?” deb so‘raydi.

“Hamma qanday yesa, men ham shunday yeyman. Ishlayman. O‘sha maoshga ovqatlanaman”, – deb javob beradi bo‘lajak rejissyor.

Rayning rejissuraga bo‘lgan qiziqishidan tashqari, muvaffaqiyati kam bo‘lmagan boshqa bir qiziqishi ham bor edi. Yoshligida u Tagor universitetida rassomlik va grafikani o‘rgandi. Mo‘yqalamni hayratlanarli darajada mohirlik bilan ishlatishni o‘zlashtirgan Ray turli qalinlikdagi mo‘yqalam izlaridan foydalanishning ahamiyatini tushuna boshladi. Ba’zan uning mo‘yqalami dag‘al va keskin bo‘lib, bezovta, jo‘shqin to‘g‘ri chiziqlar chizar, ba’zan esa bu chiziqlar matoga lirik tarzda tushardi.

Grafika bilan ishlashning bu dastlabki tajribasi Rayning kino san’atiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Bu ko‘pincha uni keyinchalik, suratga olish paytida qutqarib qoldi. Eyzenshteyn yoki Xichkok singari u ham o‘z filmlariga sahnalar qoralamalarini chizardi. Garchi u buni ko‘proq byudjet cheklovlari tufayli qilgan bo‘lsa-da, rassom sifatida suratga olishni boshlashdan oldin mukammal kadrlarni chiza olardi. Ray har doim yo‘qdan bor qilishni uddalardi.

Rayning filmlari tafsilotlarga e’tibor va chuqur insonparvarlik bilan ajralib turadi. Bu Sharq va G‘arbning uyg‘unlashuvi edi: ularda Hindiston madaniyati, shuningdek, italyan neorealizmining ta’siri sezilib turardi. U Vittorio De Sika va Roberto Rossellini kabi ustozlar ijodidan ilhomlanib, kino dunyosini chuqurroq tushunish uchun G‘arb san’at shakllarini o‘rgandi.

Rayning ijodi shu qadar idrokka ochiqki, u har bir insonning qalbini zabt etishga va unga kirib borishga qodir. “Mazmunidan ko‘ra uslubiga ko‘proq e’tiborni tortadigan film yomon”, – degan edi rejissyor.

Uning asarlarida inson holati va xarakteri, ijtimoiy muammolar va boshqa muhim mavzular ochib berilgan. Kundalik hayot nozik jihatlarini ilg‘ab olish va ularni ekranda hayratlanarli darajada sodda ifodalash uning mohir hikoyachi ekanligidan dalolat beradi.

Rayning dastlabki asarlaridan biri – 1955-yilda suratga olingan “Yo‘l qo‘shig‘i” uni butun dunyoga mashhur qildi – uni Kannda olqishlar bilan kutib olishdi. Keyinchalik kinotanqidchi Filip French bu filmni “eng buyuk kartinalardan biri” deb atadi.

Hind rejissyorining filmlari hukumat va hukmron mafkuralarga nisbatan tanqid ifodasidir. Uning tayanch nuqtasi har doim alohida shaxs bo‘lgan. Hatto eng qabih zamonlarda ham hech bo‘lmaganda bir kishining halolligi va tamoyillarini saqlab qolish qobiliyati Rayning o‘z xalqi muammolariga yagona javobi edi. Shu yo‘l bilan u bir shaxsning halolligi butun nomaqbul manzarani xiralashtirishi mumkinligini isbotlamoqchi bo‘ldi.

“Katta shahar”, “Ma’buda”, “Uch shahar”, “Charlatta”, “O‘rmondagi kunlar va tunlar”, “Apu haqida trilogiya”, “Yo‘l qo‘shig‘i” – Rayning bu asarlarining barchasida ayollar obrazi alohida sinchkovlik bilan ishlangan. Ular hech qachon erkaklarga nisbatan ikkinchi darajali bo‘lmagan va ko‘p qirraliligi bilan ajralib turgan.

O‘z vatanida buyuk rejissyorning filmlari G‘arbda erishgan darajadagi shuhratga erishmadi. Millatchilar ko‘pincha uning asarlarini masxara qilib, ularni Hindistonning oddiy romantizmi deb atashardi. Ammo shunga qaramay, 1992-yilda hind kinosi dahosining vafoti Kalkuttani larzaga keltirdi. Bugungi kunda kinotanqidchilar hind kinosida ro‘y berayotgan katta o‘zgarishlarni aynan Satyajit Ray nomi bilan bog‘laydilar. Vatanining serqirra hayotini ekranda ko‘rsatishga bo‘lgan intilish o‘z maqsadiga erishdi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles