Boucheron: Afsonaga aylangan 5 ta zargarlik buyumi
Yuqori zargarlik olamida trend yaratuvchi uylar bor. Ammo shunday uylar ham borki, ular abadiyatni bunyod etadilar. Boucheron aynan shunday uylardan: ularning bezaklari nafaqat vitrinalarni bezab turadi, balki moda va san’at tarixida o‘z hayotini yashaydi.

1858-yilda Frederik Busheron tomonidan asos solingan bu zargarlik uyi dastlabki kunlardanoq yangi me’yorlarni o‘rnatdi: yengillik, avangard, zamon ruhini his qilish va uni qimmatbaho shakllarda mujassamlashtirish qobiliyati. Bugun biz yuqori zargarlik madaniyatining ajralmas qismiga aylangan va butun dunyoni ilhomlantirish davom etayotgan beshta Boucheron taqinchoqlarini esga olamiz.
Point d’Interrogation marjoni: egilish jozibasi
1879-yilda Boucheron inqilob qildi – u tarixdagi birinchi bo‘lib tugmasiz, assimetrik, bo‘yinni xuddi so‘roq belgisi kabi o‘rab oluvchi marjonni yaratdi.
Point d’Interrogation shunchaki bezak emas, balki erkinlik falsafasidir. Uning nafis yoyi tanani tabiiy ravishda, qat’iy chegaralarsiz, xuddi shamolda hilpirayotgan ipak sharf kabi o‘rab olish imkonini beradi.
Bugungi kunda assimetriya yana urfda – Loewe va Schiaparelli namoyishlarini eslash kifoya, ularda shakllar ifodalilik uchun simmetriyani buzadi. Bir asrdan ko‘proq vaqt oldin yaratilgan Boucheron marjoni esa xuddi hozirgina podiumdan tushgandek ko‘rinadi.

Photo: Boucheron.com
Plume de Paon to‘g‘nog‘ichi: javohirlar qanotida parvoz
1880-yillarda Boucheron uyi tovus pati shaklidagi birinchi to‘g‘nog‘ichni taqdim etganida, tomoshabinlar maftun bo‘lishgandi.
Plume de Paon – zargarlik yengilligining eng noyob namunasidir: bu yerda metall deyarli vaznsiz tuyuladi, olmoslar esa shudring tomchilari kabi yaltiradi.
Frederik Busheron ilhom olgan tabiat mavzusi bugungi kunda yanada kuchliroq jaranglaydi: ekologik tozalik va organiklik nafaqat modada, balki zargarlik san’atida ham tendensiyaga aylandi. Qadimiy to‘g‘nag‘ich esa haqiqiy go‘zallik doimo jonli dunyo bilan muloqotda ekanligini eslatib turadi.

Photo: Boucheron.com
Quatre uzugi: megapolis ritmi
2004-yilda Boucheron Quatre kolleksiyasini taqdim etganida, bu klassik zargarlik olamida yangi nafasga aylandi.
Grafika, arxitektura, urbanistika – Quatre uzuklari yangi asr ramziga aylandi: ularning aniq chiziqlari va fakturalari ham Parij ko‘chalarini, ham Nyu-Yorkning shisha minoralarini aks ettiradi.
Materiallar aralashmasi – sariq oltin, oq oltin, jigarrang PVD-po‘lat – o‘sha paytda dadil qadam bo‘lib tuyulgan bo‘lsa, bugungi kunda Bottega Veneta yoki Balenciaga’ning so‘nggi namoyishlaridagi kabi fakturalar va “gibrid” uslublarni aralashtirish tendensiyasiga juda mos keladi.

Photo: Boucheron.com
Serpent Bohème marjoni: shivirlayotgan oltin
Boucheron zargarlarining qo‘lida himoya qiluvchi ilon haqidagi afsona hissiy talqinni topdi.
1968-yilda Serpent Bohème marjoni paydo bo‘ldi – olmoslar bilan bezatilgan ilon boshi shaklidagi tomchilar, yengil zanjir naqshlari va boho-shik jozibasi.
Bugungi kunda, taqinchoqlardagi ramziylikka qiziqish yana cho‘qqiga chiqqan paytda – Dior yoki Givenchy’ning bahorgi kolleksiyalarini eslaylik – Serpent Bohème ayniqsa dolzarb tuyuladi: bu shunchaki bezak emas, balki nozik va ayollarga xos shaxsiy tumor.

Photo: Boucheron.com
Trouble uzugi: o‘tkir tuyg‘ular
2000-yillarning boshida yaratilgan Trouble uzugi yangi hissiyotning manifestiga aylandi: ehtiros spiralini eslatuvchi egilishlar, dadil, ammo nafis yaltiroqlik.
Bu kolleksiya kinodagi “yangi to‘lqin”ning zargarlik ekvivalentidir: ozgina provokatsiya, ozgina she’riyat va ko‘plab haqiqiy his-tuyg‘ular.
Trouble uzugi zamonaviy xarakterli taqinchoqlarga bo‘lgan talabga juda mos keladi – xuddi Cartier’ning Clash kolleksiyasidagi kabi, bu yerda ham klassika o‘tkirlik kasb etadi.

Photo: Mikaeldan.com
Boucheron taqinchoqlari hech qachon shunchaki zargarlik buyumlari bo‘lmagan. Ular romandagi sahnalarga o‘xshaydi, unda har bir marjon, to‘g‘nog‘ich yoki uzuk o‘z hikoyasini so‘zlab beradi: jasorat haqida, o‘zini anglash haqida, klassika va dadillik o‘rtasidagi abadiy o‘yin haqida.
Har mavsumda tendensiyalar o‘zgarib turadigan dunyoda o‘zingizdan so‘rashingiz kerak: qaysi taqinchoqlar siz bilan abadiy qoladi – nafaqat qutida, balki qalbingizda ham?