Women in Tech Uzbekistan Yaponiyada o‘tkazilgan global sammitda mukofotga sazovor bo‘ldi

Mamlakat xalqaro maydonda o‘zini namoyon etmoqda

Screenshot

Women in Tech Global Summit 2025 – 50 dan ortiq mamlakatdan 400 dan ziyod ishtirokchilarni jamlagan tadbir. Sammit Yaponiyaning Osaka shahrida bo‘lib o‘tdi va xalqaro texnologik hamjamiyat hamda O‘zbekiston uchun muhim voqeaga aylandi. Mamlakat o‘zini Markaziy Osiyoning rivojlanayotgan innovatsion markazi va raqamli tenglik bo‘yicha global muloqotning faol ishtirokchisi sifatida ishonch bilan namoyon etdi.

Women in Tech Uzbekistan’ning nufuzli “Youth Engagement Award” mukofotiga sazovor bo‘lishi muhim voqea bo‘ldi. Bu O‘zbekistonning yoshlarni, ayniqsa, ayollarni qo‘llab-quvvatlash va raqamli iqtisodiyotga jalb etish borasidagi sa’y-harakatlarining xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilishidir. Mukofot IT sohasida ayollar yetakchiligini rivojlantirish va yoshlar tashabbuslarini ilgari surish bo‘yicha harakatlarning yuqori darajasini tasdiqlaydi.

“Osakada o‘tkazilgan Women in Tech Global Summit’da ishtirok etish O‘zbekiston uchun ayollarning texnologiya sohasidagi ishtirokini kengaytirish va mamlakatni mintaqaviy IT-markazga aylantirish borasidagi ishlarimizni e’tirof etish yo‘lidagi muhim bosqich bo‘ldi. So‘nggi yillarda biz ayollarni nafaqat zamonaviy raqamli ko‘nikmalarga o‘rgatmoqdamiz, balki ularga iqtisodiyotimiz kelajagini shakllantirish imkoniyatini berishga intilmoqdamiz. “Youth Engagement Award” mukofotining qo‘lga kiritilishi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ayollarni raqamli iqtisodiyotga jalb qilish borasidagi faoliyatimizga berilgan muhim e’tirof bo‘ldi. Bu bizni yanada qat’iyat va mas’uliyat bilan rivojlanishga ruhlantiradi”, – dedi O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova.

Sammit ishtirokchilari AQSH, Germaniya, Fransiya va Yaponiya pavilonlari bilan bir qatorda “Innovation Trail” maxsus yo‘nalishiga kiritilgan World Expo 2025 dagi O‘zbekiston pavilyoniga ham tashrif buyurishdi. Taqdim etilgan tashabbuslar va madaniy jihatlar mamlakatni nafaqat shakllanayotgan IT-markaz, balki turli sohalarda barqaror rivojlanish strategiyalariga ega zamonaviy, ochiq va istiqbolli davlat sifatidagi qiyofasini yangidan namoyish etdi.

“O‘zbekiston boshidanoq yoshlarga nisbatan hurmat, tenglik va inklyuzivlik qadriyatlarini joriy etish qanchalik muhimligini ko‘rsatmoqda. Mavjud tizimni o‘zgartirish qiyin, ammo bu tamoyillarni dastlabki bosqichdan singdirish yanada ta’sirliroqdir. Bu sog‘lom va teng huquqli jamiyatni shakllantirishga yordam beradi”, – dedi Women in Tech Uzbekistan direktori Anna Ambrozevich.

Sammit raqamli sohada gender tengligi uchun global harakatda muhim bosqich bo‘ldi. Tadbir doirasida O‘zbekiston raqamli dunyoda ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Osaka protokoli – xalqaro shartnomani imzoladi. Bu qadam ramziy bayonot va raqamli dunyoda ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratadigan harakatlarga aniq chaqiriq bo‘ldi.

Mamlakat inklyuziv raqamli iqtisodiyot va ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratish yo‘lida xalqaro hamjamiyat bilan faol hamkorlik qilib, jahon maydonidagi o‘z mavqeini mustahkamlamoqda. O‘zbekiston global texnologik kun tartibida yetakchilikka intilishini tasdiqlab, ishonch bilan oldinga harakat qilmoqda.

Maqolani baham ko'ring

Related articles