Olo is the new black?
Ilm va uslub tutashgan joyda ilgari mavjud bo‘lmagan rang tug‘ildi

XXI asrda bizni hech narsa hayratga solmaydigandek tuyulsa-da, Berkli universiteti olimlari jamoasi boshqacha fikrda ekan. Ular odatiy chegaralarni kengaytirib, inson ko‘zi ilg‘ay olmaydigan rangni dunyoga namoyish etishga qaror qildi. Aytishlaricha, ko‘zlarimiz 10 million rangni ajrata oladi, biroq amalda bu palitra ancha kamtarroq, agar siz rassom, dizayner yoki noyob tetraxromatik ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lmasangiz, albatta.
Olimlar juda nozik lazer impulslari yordamida to‘r pardaning alohida hujayralariga ta’sir ko‘rsatib, sinov ishtirokchilariga faqat “kosmik to‘yinganlikdagi yalpiz-moviy-yashil” deb ta’riflash mumkin bo‘lgan rangni ko‘rish imkonini berdi. Bu rangni so‘z bilan ifodalab yoki ekranga chiqarib bo‘lmaydi – hatto olimlar e’lon qilgan eng yaqin tus ham asl nusxaga nisbatan xira, uning yengil soyasidek tuyuladi.

foto: Instagram / Hypebeast
Hozircha “Olo”ning haqiqiy rangini butun dunyoda atigi besh kishi ko‘rgan, bizning ekranlarimizda esa u Tiffany’ning sevimli moviy rangi bilan feruza o‘rtasidagi tusni eslatadi. Moda olamida bunday ranglar vaqti-vaqti bilan podiumda paydo bo‘ladi, ular biroz farq qilsa-da, Ologa juda yaqin. Acne Studios, Moschino, Bottega Veneta, Elie Saab va boshqa ko‘plab brendlar o‘z kolleksiyalariga yangilik va kelajakka xos nafislik baxsh etish uchun aynan shu rangga murojaat qilishgan.

foto: Spotlight / Acne S25

foto: Spotlight / Bottega Veneta F19

foto: Spotlight / Bottega Veneta S23

foto: Spotlight / Elie Saab S24

foto: Spotlight / Moschino F18
Ushbu kashfiyot inson ko‘rish qobiliyati haqidagi tasavvurni o‘zgartirishga va’da bermoqda. Kelajakda bu texnologiya ranglarni idrok etishni yaxshilashga va hatto daltonizm bilan og‘rigan odamlarga ham yordam beradi. Chamasi, bu rang atrofimizda tez-tez uchraydigan bo‘ladi – u haqidagi yangilik allaqachon sanoatda va undan tashqarida ham katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.