Bulutlar og‘ushida, dengizlar ostidagi uyqu

Tunashni sarguzashtga aylantiradigan hayratlanarli mehmonxonalar

16 Iyul 2025
manba: Roberto Nickson, pexels

Bugungi kunda tobora ko‘proq sayohatchilar mehmonxona tanlashda nafaqat odatiy ma’nodagi qulaylikni, balki noyob va unutilmas taassurotlar olish imkoniyatini ham izlamoqda. Tajribali sayohatchilar esa o‘z safarlarini iloji boricha ekzotika va yangiliklar bilan boyitishga intilib, ko‘pincha g‘ayrioddiy turar-joylarni afzal ko‘rishmoqda. Shunday qilib, kundalik hayotdan farqli mehmonxonalar paydo bo‘lmoqda: ba’zilari mehmonlarni qoya cho‘qqilariga olib chiqsa, boshqalari suv ostiga tushiradi, yana boshqalari esa mehmonlarga yovvoyi hayvonlar bilan do‘stlashish imkonini beradi. Bunday mehmonxonalarda yashashning o‘zi sarguzashtga, xona esa yangi voqelik darvozasiga aylanadi.

ELLE O‘zbekiston tahririyati dam olish haqidagi tasavvurni kengaytiradigan va hatto tajribali sarguzasht izlovchilarni ham hayratga soladigan dunyodagi eng g‘ayrioddiy mehmonxonalar to‘plamini tayyorladi.

manba: W W, pexels

Conrad Maldives Rangali Island, Maldiv orollari

Hashamatli mehmonxona hududida qisman suv ostiga cho‘ktirilgan ikki qavatli lyuks The Muraka joylashgan. Yotoqxonadagi panoramali derazalardan Hind okeanining suv osti olami ko‘zga tashlanadi. Bu makon ertaknamo suv osti saroyida bo‘lishni orzu qilganlar uchun noyob imkoniyatdir: xonada marjonlar va dengiz jonivorlari orasida bo‘lib, o‘zingizni tabiat va okean bilan uyg‘unlikda his etasiz. 

Skylodge Adventure Suites, Peru

Ushbu mehmonxonada xonalar 400 metr balandlikdagi tik qoyaga o‘rnatilgan shaffof kapsulalar shaklida taqdim etilgan. Ularga faqat maxsus belgilangan yo‘ldan qoyaga tirmashib chiqish yoki ziplayn yordamida yetib borish mumkin. Mehmonxona oddiy tunashni emas, balki Inklar muqaddas vodiysining cho‘qqisida And tog‘larining maftunkor manzarasini tomosha qilish imkonini beruvchi haqiqiy sarguzashtni taklif etadi.

manba: bruisedpassports.com

Kakslauttanen Arctic Resort, Finlandiya

Qutb doirasidan tashqarida joylashgan mehmonxona shaffof shisha tomli iglu-xonani taklif etadi. Mehmonxonaning g‘oyasi – cheksiz qorli o‘rmonda yorug‘lik va issiqlik orolchasini yaratishdir. Mehmonlar issiq, yumshoq o‘rinda yotib, shimoliy yog‘duni kuzatishlari mumkin. Bu shinamlik va muuzli shimol sehrining unutilmas uyg‘unligidir.

Palacio de Sal, Boliviya

Uyuni sho‘rxoklari chekkasida g‘aroyib saroy qad rostlagan: bu yerdagi devorlar, pol va hatto jihozlar ham tuz bloklaridan yasalgan. Mehmonxonada sehrli muhit hukmron: cho‘lning oppoq kengliklari ufq bilan ayqashib ketadi, tun cho‘kkanda esa o‘zingizni boshqa sayyorada turgandek his etasiz. Aynan mana shu betakror manzaralari tufayli Uyuni sho‘rxoklari “Yulduzlar jangi” kosmik dostonini suratga olish maskaniga aylangan.

manba: bigseventravel.com

Giraffe Manor, Keniya

Mahobatli qasrda joylashgan mashhur butik-mehmonxona. Hududda jirafalar bemalol kezib yuradi: ular balkonlarga yaqinlashib, do‘stona tarzda yegulik so‘raydi va hatto suratga tushishga ham rozi bo‘ladi. Ayniqsa, mehmonlarning ertalabki qahva ichish paytida olgan selfilari juda ajoyib chiqadi, chunki jirafalar qiziqish bilan restoranning baland derazalariga mo‘ralab turadi.

The Stanley Hotel, AQSh (Kolorado)

Boy tarixi va – ma’muriyatning so‘zlariga ko‘ra – haqiqiy arvohlari bilan mashhur bo‘lgan afsonaviy qo‘rqinchli mehmonxona. Aynan shu yerda Stiven King o‘zining “Nur yog‘dusi” nomli mashhur romanini yozgan bo‘lib, u bestsellarga aylangan. Mehmonxona eng jasur mehmonlar uchun dahshat ustasining kitobiga bag‘ishlangan maxsus sayohat taklif etadi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles