Apsaikl, moda bitiruvchilari va Kopengagendagi moda haftaligida qoliplardan voz kechish

Kopenhagen podiumlaridan asosiy tendensiyalar va esda qolarli ko‘rinishlar

07 Avg 2025
fotо: OpéraSPORT

Kopengagen an’anaviy tarzda 2026-yilning bahor-yoz yangi moda mavsumini boshlab beradi va bir zumda e’tibor markaziga hamda sanoatning barqaror kelajagi kun tartibiga aylanadi.

Yildan-yilga u butun dunyodagi mutaxassislarni tobora ko‘proq o‘ziga jalb etmoqda. Ko‘cha uslubi, yosh va taniqli brendlar, ochiq osmon ostidagi yoki kutilmagan manzillar, ertalabki nonushtadan tortib sho‘x kechalargacha bo‘lgan boy dastur.

Bu mavsumda 1000 ga yaqin brendni qamrab olgan to‘liq spektrli dinamik ko‘rgazma - CIFF tadbirning hamkori bo‘ldi. Daniyaning ikki eng nufuzli moda kuchlari ittifoqi CPHFW NEWTALENT – Shimoliy Yevropaning uzoqni ko‘ra oladigan dizaynerlarini qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib qilishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaga aylandi.

Umuman olganda, Skandinaviya uslubi sof minimalizm va konseptual avangard o‘rtasida muvozanatni saqlab, hayotiylik, shakllarning aniqligi va taktil qulaylikni o‘zida mujassam etadi. Biroq, barcha mahalliy nomlar ham ixchamlikka rioya qilmaydi, ba’zida kolleksiyalar juda kutilmagan bo‘ladi.

OpéraSPORT

OpéraSPORT kompaniyasining havzadagi ko‘rgazmasi moda haftaligi doirasidagi qiziqarli dizaynerlik yechimi bo‘ldi. Yaqinda Seulga qilgan sayohatidan ilhom olgan brend asoschilari - Stefani Gundelax va Ava Malina Stelter ziddiyatlar shahrini kiyimlar orqali aks ettirdilar. Shaharning an’anaviy sokinligi va zamonaviy sur’ati uyg‘unlashgan obrazlar o‘tmish va kelajakni birlashtirdi. Kolleksiyaning rang palatrasi ongni “allalaydi” – mavrak, sarg‘ish oltin, tutunsimon ko‘k, nafis pushti va brendning o‘ziga xos pastel yashili. Koreyaning milliy o‘simligi bo‘lgan gibiskus gulining tasviri tushirilgan mualliflik naqshi ramziy urg‘u vazifasini o‘taydi. Asosiy liboslar orasida haykaltaroshlik uslubidagi ko‘ylaklar, 3D gullar bilan bezatilgan yarim shaffof to‘r, me’moriy uslubdagi kostyumlar va an’anaviy gullar bilan bezatilgan vegan charm kurtka mavjud. Brend qayta ishlangan va organik matolardan foydalanib, ekologik yondashuvga sodiq qolmoqda. Bu mavsumda Havaianas bilan hamkorlikda taqdim etilgan, 3D-printerda chop etilgan dunyodagi birinchi shippaklar, shubhasiz, eng ko‘p xaridorgir mahsulotga aylanadi.

Forza Collective

Kristoffer Kongshaugning "Forza Collective"si 1920-yillar nafisligini 1990-yillar minimalizmi bilan mohirona uyg‘unlashtiradi. O‘tmishni zamonaviylik nuqtai nazaridan qayta talqin etib, har bir buyum shakllarning aniqligi va chiziqlarning yumshoqligi o‘rtasidagi muloqotni yuzaga keltiradi hamda brendning o‘ziga xos estetikasini ta’kidlaydi. Siluet ustida puxta ishlash taniqli hajmlarda namoyon bo‘lib, top-galstuklar va kesimlar kabi qiziqarli tafsilotlar bilan boyitiladi. Ranglar jilosi vazmin, biroq ifodali – u go‘yo kiyimni yaqindan ko‘rib chiqishga, uning kayfiyatini his qilishga undaydi: asosan qora, oq, kulrang va qizil tuslar ishlatilgan. Buyumlar o‘zgaruvchanlik hissi bilan sug‘orilgan: liboslardagi nosimmetrik etak va materialning oquvchanligi bunga misol. Ijro mahorati nozik nafosat bilan uyg‘unlashib, bir vaqtning o‘zida ham jasoratli, ham kamtarona narsalarni yaratadi.

Swedish School of Textiles

Shvetsiya to‘qimachilik maktabi bitiruvchilarining namoyishi shaxsiyat, xotiralar va nomukammallik mavzularini yoritdi. Kelajak sanoat vakillari tajriba, chuqur tadqiqot va ijodiy yondashuvni uyg‘unlashtirib, yuqori texnologiyali laboratoriya va studiyalarda ishlash orqali texnika va innovatsiyalar tilini o‘zlashtirishdi.

Masalan, Zuzana Vrabelova kiyimlarni inson tanasidan mustaqil ravishda paydo bo‘ladigan, ammo shu bilan birga u bilan o‘zaro ta’sirlashadigan tuzilmalar sifatida talqin etadi. To‘qish asosiy vosita sifatida qo‘llanilib, oddiy mato tasmalarini murakkab haykaltaroshlik tuzilmalariga aylantiradi. Tuzilmalar soch, teri yoki suyaklarga o‘xshab, tana va mato o‘rtasidagi chegarani xiralashtiradi. Margot Leverrier qarama-qarshi to‘qimachilik texnikalari: xira namat va to‘r o‘rtasidagi munosabatni o‘rganadi. U Normandiya to‘r merosiga asoslanib, bu hunarmandchilikni qo‘l mehnati va sanoat jarayonlarini uyg‘unlashtirgan zamonaviy nuqtai nazar orqali qayta talqin qiladi. Lan Krebs bir qatlamli jersining yangi qo‘llanilish usulini kashf etdi. “Ushbu material ko‘pincha funksional va oddiy deb qabul qilinadi, men esa jersiga dinamik tuzilmalar tilini berdim. Mashina trikotajidan foydalanib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanada matoni qatlamlash, o‘rash va shakllantirish imkoniyatini o‘rgandim – idrokni majburlamasdan”

Kettel Atelier

Kettel Atelier’ning haqiqiy installyatsiyasi moda, san’at va ekologik tafakkurning o‘zaro uyg‘unligidir. “O‘rilish” to‘plamida kiyim matoga, ijod esa harakatga aylandi. To‘plamning asosini ko‘p qatlamli siluetlar, to‘r naqshlar va qadimiy to‘qimalarda ifodalangan bogema ruhi va apsaykl mahorati tashkil etadi. Har bir buyum moda va shaxsiy tarixning kesishgan nuqtasida yaratilgan noyob san’at asaridir. Mehmonlar brend hikoyasining bir qismiga aylangan rangtasvirdan tortib performansgacha bo‘lgan yaratish jarayonining guvohi bo‘lishdi. Liboslarning go‘zalligi go‘yo material va his-tuyg‘ular yagona jo‘shqinlikda birlashgan hissiy she’riyatga o‘xshaydi. Podium o‘rniga tomoshabinlar bilan birga nafas oladigan jonli sahna namoyish etildi.

Taus 

Edith Bouvier Bil va Sinead O‘Connor timsollaridan ilhom olgan Taus kolleksiyasi

bir paytlar jamiyat tomonidan tushunilmagan yoki rad etilgan ayollar hayoti haqidagi she’riy mushohadaga aylandi. Taqdimot Esterbro tumanidagi tarixiy Villa Kultur’da o‘tkazildi, u yerda modellar ko‘rpachalarga yonboshlab, kitob o‘qishdi va sukut lahzalarini baham ko‘rishdi.

O‘tmish va bugunning chegaralari xira bo‘lgan vaqtning noaniq tuyg‘usi asosiy mavzuga aylandi. Bu shunchaki kiyim emas, balki xotira tashuvchisidir! Barcha buyumlar Kopengagen markazidagi kichik atelyeda qo‘lda yaratilgan - tabiiy eskirish ta’sirini berish uchun choy, qahva va lavlagi yordamida qo‘lda bo‘yalgan. To‘plamda faqat vintaj va qayta ishlangan materiallardan foydalanilgan bo‘lib, bu nafaqat brendning barqaror yondashuvini aks ettiradi, balki o‘ziga xos estetikani ham yaratadi. Noyob namunalar orasida eski sharf-ro‘moldan tikilgan 20-yillar uslubidagi ko‘ylak, eski dasturxonlardan yaratilgan nikoh libosi va teskari ag‘darilgan eski nimchadan tikilgan ustki kiyim bor.

Skall Studio

Bu mavsumda opa-singil Juli va Mari Skallar raqs san’atiga berildilar. “La Dans Act II” to‘plamida ular qat’iy xoreografiyani oqimsimon siluetlar va aksessuarlar qatoridan iborat his-tuyg‘uga to‘la harakatlarga almashtirishdi. Kiyimlar yengillik va erkinlik bilan nafas olayotgandek, go‘yo ularda shamol “kezib yurgandek” – ko‘ylaklarning keng yenglari, shimlarning bemalol shakli, qulay bichimli blazerlar va nihoyatda qulay denim. Skall Studio ekologik tozalikni o‘rganishni davom ettirmoqda: Sitsiliya apelsini va kaktus chiqindilaridan tayyorlangan teriga o‘xshash materialdan yasalgan poyabzal birinchi bor namoyish etildi. Bundan tashqari, ushbu materialdan hashamatli kamarlar va yumshoq sumkalar ham tayyorlanmoqda. Chamasi, tez orada sandallar Daniya ta’sir doirasidagi shaxslari orasida mashhur bo‘lib ketadi.

Martin Quad

Martin Quad modasining chuqur ma’noli talqini steril xavotirlik uslubida vayronagarchilik, an’analar va avangard kutyure mavzularini tadqiq etishdir. G‘oya “Hayot yulduzi” – tez tibbiy yordam ramziga ishora qiluvchi oltita ramziy harakat atrofida qurilgan bo‘lib, ularning har biri insonning mo‘rtligi va qayta tiklanishi jihatlarini yoritadi. Pidjaklar o‘zgaradi: yenglar ichkariga tikilib, konstruktiv chiziqlarni yashiradi va yaxlit siluet hosil qiladi. Shimlar ko‘krak darajasigacha ko‘tariladi, mini-yubkalar esa zo‘rg‘a sonlarga yetadi. Kamar uchun halqalar tortqichlarga aylanadi va yoqalar bo‘yin asosigacha ko‘tarilib, tibbiy jihozlarni eslatadi. Ishlab chiqarishda faqat “o‘lik tovar” va qayta ishlangan matolardan foydalanilgan - brend italiyalik ishlab chiqaruvchi hamkori bilan birgalikda yaratilgan mahsulotlarni taqdim etdi.

Han Kjøbenhavn

Han Kjøbenhavn o‘zining “Yana bir kun” nomli asarini taqdim etdi – bu voqelikdan qochish emas, balki takrorlanish, realizm va hissiy merosdir. Shahar atrofi parchalarini siluet va yuzalarga aylantirish orqali Yannik Vikkelse Davidsen o‘tmish va hozirgi zamon chatishib ketadigan avtobiografiyaga asoslangan dizayn tilini yaratishni davom ettirmoqda. Kiyimlar bu dunyodan ilhom oladi, ammo bo‘rttirish va taranglik orqali qayta talqin qilinadi. Sun’iy charmdan tikilgan bomber kurtkalar keng va issiq, to‘rli sport kostyumlari tanaga yopishib, bir vaqtning o‘zida sport va dabdabali ko‘rinishni hosil qiladi. Qolipli nimcha ostiga kiyiladigan charm mayka himoya va amaliylikni uyg‘unlashtiradi. Patlar – ataylab sun’iy qilingan – yelka yoki o‘mrov chiziqlarini ta’kidlaydi, kumushrang bo‘rtma naqshli liboslar esa mushaklarga o‘xshab yopishib turadi va faqat bokschilar shimi hamda krossovkalar bilan uyg‘unlashadi. Uslub ko‘cha tarzidan dabdabali ko‘rinishgacha o‘zgarib turadi, bu esa bodibilderning maqtanchoqligini muloyimlik va vazminlik bilan to‘qnashtiradi.

Rolf Ekroth

Rolf Ekroth global beqarorlik sharoitida pragmatizm, omon qolish va shaxsiy o‘zgarishlarni namoyon etmoqda. Encore kolleksiyasi – bu o‘z-o‘zini tahlil qilish va dizayn strategiyasini qayta ko‘rib chiqish bo‘lib, unda oldingi mavsumlardagi muvaffaqiyatsizliklar yangi g‘oyalar uchun asos bo‘ladi. O‘tmishdagi kiyimlar ikkinchi hayot topadi: masalan, olti juft eski jinsi “bulutsimon” naqshli shimga, qutqaruv nimchalari esa oqimdagi siluetlarga aylanadi. Garderobga beshta turdagi ertalabki xalatlar qo‘shiladi: qizil katakdan tortib himoya qatlamli modellargacha. Finlyandiyaning LSJH chiqindilarni qayta ishlash kompaniyasi bilan hamkorlikda, dizayner barqaror yondashuv va qayta ishlash mavzusini ko‘tarib, eski fin matolari va denimni nafis materiallarga aylantiradi. Rang gammasi ustaxonaning kulrang tuslaridan mayin oq va bezovta qiluvchi to‘q sariq ranglargacha o‘zgarib turadi. Har bir buyum hunarmandchilik ruhi bilan sug‘orilgan: qo‘lda tikilgan 15 000 ta marvarid, teskari lazer logotiplari, polka dot elementlari. Obrazlar Ildar Vafin bilan hamkorlikda yaratilgan kumush taqinchoqlar bilan mukammal tarzda to‘ldirilgan va qoldiqlardan organik o‘sish g‘oyasini aks ettiradi.

Alis

Alis uchun ikkinchi mavsum debyutga qaraganda ishonchliroq va yaxlitroq jarangladi. Ranglar majmuasi bosiq bej-ko‘k katakdan to yorqin xantal, moviy yo‘l-yo‘l va binafsha naqshlargacha rivojlandi. Har bir rang o‘zgarishi kayfiyat o‘zgarishlari bilan hamohang edi – vazminlikdan o‘ynoqilikka, befarqlikdan deyarli romantik holatga. Kolleksiya erkinlik, yengillik va ichki g‘ayrat tuyg‘usini uzatardi. Shou finali - modellarning qayiqqa o‘tirib, suzib ketishi – andozalardan qochish ramziga aylandi. Brend hamon ko‘cha, skeytbord va samimiy o‘zini ifoda etish tilida so‘zlashmoqda. U o‘z ildizlariga sodiq qolgan holda, hamjamiyat ruhini va murosasiz ijodni rivojlantirmoqda.

Suratlar brendlarning JA-xizmatlari tomonidan taqdim etilgan.

Maqolani baham ko'ring

Related articles