Blush is back: nega qizil yog‘upalar yana tildan tushmayapti
Qizil yog‘upalarni surtishning trend va texnikalari

Qizil yog‘upalar tantanali ravishda qaytmoqda. Shunisi ahamiyatliki, so‘z “pushtirang yonoqlar uslubidagi klassika haqida ketmayapti. Gap professionallar ham, pardoz ixlosmandlari ham o‘zlari uchun qayta kashf etayotgan to‘laqonli vosita haqida ketyapti. Shaftoli rang porlash, blash-konturing, yonoqlar va chakkalardagi yorqin aksentlar — zamonaviy qizil yog‘upalar siz o‘ylaganingizdan ancha ko‘p vazifani bajara oladi.
Mahsulotga bo‘lgan qiziqishni raqamlar ham tasdiqlamoqda: mavzu bo‘yicha qidiruvlar soni o‘sib bormoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ham qizil yog‘upa muhokamalar markazidan joy olmoqda. Pardoz ustasi Zaxar Grinovning so‘zlariga ko‘ra, insonlar borgan sari tabiiylik tarafdoriga aylanib, pardozlari jonli, mayin va tabiiy ko‘rinishiga intilishmoqda. Qizil yog‘upa bir necha soniyalar ichidayoq mana shunday natijaga erishishga yordam beradi.
Bugungi kunda teri tiniq, dam olgan va sog‘lom ko‘rinadigan “quyosh kabi porlab turuvchi” qiyofa yaratish uchun bu vositani nafaqat yonoqlar, balki chakka, qovoqlar va burun o‘rtasiga ham surtishmoqda.
Ko‘rinishlari: qizil yog‘upalarning qanday turlari bor
Zamonaviy qizil yog‘upalar uch xil tuzilishga ega bo‘lib, ularning har biri o‘ziga xos afzalliklarga ega.

fotо: freepik
Quruq
- Presslangan — yuzning ayni bir qismiga nuqtali surtishga mo‘ljallangan ixcham variant. Yonoqlarga odatiy qizillik yurgizish uchun eng yaxshi tanlov.
- Kukun ko‘rinishidagi — ayniqsa keng cho‘tka bilan surtilganda yengilgina qizillik beradi. Ko‘pincha tarkibida teriga yengil porlash baxsh etuvchi shimmer yoki satin finishi bo‘ladi.
Kremli
Teringizni nam qilib ko‘rsatadi, osongina surtiladi va yoyiladi, quruq va yetuk teri uchun ayni muddao. Sho‘ralash, qurish alomatlarini yashiradi, teriga taranglik va sog‘lom ko‘rinish beradi.
Ko‘rinishlari: stiklar, tyubiklar, bankachalar yoki paletkalar. Stiklar yuz shaklini chiqarishda juda qulay, lekin ularni teriga yoyib yuborish bir oz mushkulroq.
Suyuq
Tint yoki yengil flyuidlarni eslatadi. Ko‘pga chidaydi, tez o‘rnashadi, teriga bir oz singigan tabiiy rang beradi. Kechgacha turib berishi kerak bo‘lgan kunduzgi makiyaj uchun aʼlo variant.
Qiziq yangilik — terining pH darajasiga qarab o‘zgaruvchi mineral qizil yog‘upa. Mazkur mahsulot terining individual xususiyatiga moslashadi va maksimal darajada tabiiy ko‘rinish beradi.
Qanday surtiladi: texnika va tavsiyalar
Quruq qizil yog‘upa
Keng, yumshoq tukli cho‘tkada aylana bo‘ylab asta harakatlantirib surting. Yog‘upa bilan birga sotiluvchi kichkina cho‘tkalar u darajada qulay bo‘lmaymi, ular yordamida bu vositani teriga chiroyli yoyishning imkoni yo‘q. Yuzda yaqqol ko‘rinadigan qizil dog‘lar paydo bo‘lmasligi uchun yog‘upaga botirilgach, yuzga surtishdan avval cho‘tkadagi ortiqcha pigmentni qoqib yuborish lozim.

foto: freepik
Kremli va suyuq yog‘upa
Ularni ishlatishda sizga barmoqlar, sponj yoki sintetik cho‘tka yordamga keladi. Qay birini tanlashingiz esa qanday shaklda va qanchalik quyuq qilib surtishni istashingizga bog‘liq. Aniq-tiniq, chizib qo‘ygandek qilib surtmoqchimisiz, unda qiyshiq cho‘tka aynan siz uchun. Tabiiy natijaga erishishni istasangiz, barmoqlaringiz bilan teringizga yoyish tavsiya etiladi.
Munosib tanlov: eʼtiboringizga loyiq mahsulotlar
Sisley L‘Orchidée Highlighter Blush Bir paletkadan joy olgan uch xil rangdagi tovlanuvchi yog‘upa bois yuz terisining toni tekislanib, porlab turadi. Tarkibidagi oq nilufar gul terini parvarishlab, yuz rangini ochib, tetik ko‘rinish beradi.

foto: instagram \ @sisleyparisofficial
ROMANOVAMAKEUP Sexy Cream Blusher Yengil krem ko‘rinishidagi mahsulot GOOD GIRL va SHINY PEACH deya nomlangan universal ranglarda bo‘lib, yuz terisi ko‘rinishini yaxshilovchi yorug‘likni qaytaruvchi zarrachalarga ega.

foto: instagram \ @romanovamakeup_usa
Dior Backstage Rosy Glow Teri pH darajasiga moslashuvchi qizil yog‘upa ko‘pga chidamli, tabiiy va albatta individual rang beradi. Oson yoyiladi, ustma-ust yaxshi surtiladi.

fotо: instagram \ @diorbeauty
Givenchy Prisme Libre Blush O‘zaro bir-biri bilan aralashtirish mumkin bo‘lgan 4 ta pigmentdan iborat kukunli formula. Yorug‘likka moslashuvchan pigmentlar yog‘upaning ko‘pga chidashini taʼminlaydi va yorqin-u xira chiroqlar ostida ham tabiiy go‘zal ko‘rinish beradi.

foto: instagram \ @givenchybeauty
Guerlain Terracotta Healthy Glow Powder Blush 90% tabiiy komponentlardan iborat bo‘lgan kukun shaklidagi yengil yog‘upa - universal ranglar, tarovatli finish va tetik ko‘rinish degani.

fotо: instagram \ @guerlain