Skin Fasting: nima sababdan teriga faol zardoblardan “dam” kerak?

Go‘zallik yo‘lidagi tanaffus

19 Avg 2025
foto: freepik

Hammamizga baʼzan taʼtil kerak bo‘ladi. Va terimiz ham bundan mustasno emas. Ko‘p bosqichli parvarish rivojlangan bir zamonda yuz terisi detoksga har qachongidan ham muhtoj. Zero “ko‘p” degani har doim ham “yaxshi” degani emas. Shuning uchun retinoidlar, kislotalar va busterlarni bir chetga surib, lipid muvozanatini tiklash uchun terimizga vaqt beramiz. Bu “beauty-taʼtil” sanoatda skin fasting nomi bilan tanilishga ulgurdi. Agar unga to‘g‘ri yondashilsa, ko‘p komponentli muolajalar orqali erishmoqchi bo‘lgan natijamizni beradi, yaʼni terimizni yaltiroq va silliq qiladi.

foto: pexels

Faol tarkibiy qismlari bo‘lgan kislotalar, retinol, S vitamini va niatsinamid teri uchun haqiqiy triggerlar hisoblanadi. Ular hujayralarni qayta tiklaydi, ajinlarga qarshi kurashadi, dog‘larni kamaytiradi. Lekin bu moddalarning ta’siri kuchayib ketsa, himoya to‘sig‘i o‘z vazifasini bajara olmay qoladi. Va terimiz porlash o‘rniga, unda:

  • qizarishlar va mikroyallig‘lanishlar
  • sho‘ralash va qichishish
  • tortishish
  • hatto mayin kremga nisbatan ham kutilmagan reaksiya berish holatlari kuzatiladi.

Faol moddalar bilan tinmay ta’sir ko‘rsatilganda himoya to‘sig‘i zaiflashadi hamda teri namlikni yo‘qota boshlaydi, harorat o‘zgarishi va oddiy suv ham unga yoqmay qoladi. Shu boisdan bu kabi kimyoviy ta’sirlardan so‘ng gidrolipid muvozanatni tiklash lozim. Ustiga-ustak, vaqt o‘tishi bilan teri faol moddalarga o‘rganib qolishish mumkin, bu esa ularni qo‘llash kamroq samara bera boshlaydi degani. Qisqa tanaffus sezuvchanlik va samaradorlikni tiklashga yordam beradi. Bu nafaqat yuz terisiga, balki tez-tez aknega qarshi vositalar ta’sirida qoladigan  kurak va bel, soch o‘stiruvchi vositalar haddan ziyod ko‘p ishlatiladigan bosh va tez-tez skrablanadigan tana terisiga ham tegishli

foto: pexels

Tanaffus uchun eng maqbul payt 

  • Intensiv kurslardan keyin — masalan, retinoidlar yoki kislotalar bir kurs davomida qo‘llanilgandan so‘ng ikki haftalik tanaffus terining tiklanishiga yordam beradi.

  • Mavsumlar orasida — bahor va kuzda teri shundoq ham yangi harorat va namlikka moslashayotgan bo‘ladi, uni yana faol moddalar bilan qiynamaslik darkor. 

  • Quyosh ostidagi ta’til oldidan — dengizga, toqqa hordiq chiqarish uchun otlangan bo‘lsangiz yoki shaharda tik quyosh nurlari ostida uzoq sayrga chiqmoqchi bo‘lsangiz, shuning o‘zi dog‘ tushishining oldini olish uchun faol moddalardan voz kechib turishga sabab bo‘la oladi.

  • Terida charchash alomatlari ko‘ringanda — pardoz bir tekis yotmayotgan, teringiz qurib, ko‘chayotgan yoki o‘ta ta’sirchan bo‘lib qolgan bir paytda ham, unga ta’til berish ayni muddao bo‘ladi.

foto: freepik

Bunday reabilitatsiyaning mohiyati terini parvarishsiz qoldirishda emas, balki unga imkon qadar ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishdadir. Bunda gialuron kislotasi va beta-glyukanli namlantiruvchi essensiyalar, pantenol, aloe va sentellali qayta tiklovchi zardoblar, seramidlar va skvalanli himoya to‘sig‘ini mustahkamlovchi kremlar va probiotiklar yoki suli ekstrakti qo‘shilgan matoli hamda kremli niqoblar yordamga keladi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles