Eng zaruri qaysi? Taʼtilga pardoz sumkachasini yig‘amiz
Taʼtilga to‘g‘ri tanlangan kosmetika — betashvish dam olishning kafolati!

Kurortdagi romantika, sohilbo‘yidagi go‘zal shafaq, suv havzasi yonidagi mazali kokteyllar… Qirg‘oqqa uriladigan to‘lqinlar shovqini ostida o‘tgan uyqusiz tundan so‘ng ham tetik va go‘zal ko‘rinish uchun faqat bir narsa – to‘g‘ri tanlangan pardoz vositalarini jamlagan kosmetika sumkachasi zarur. Pardoz ustasi Zaxar Grinov safaringizda ishonchli hamroh bo‘ladigan vositalar haqida ELLE O‘zbekiston‘ga so‘zlab berdi.

Fotо: Zaxar Grinov
Tozalash - alohida marosim
Ko‘pik, muss yoki yuvinish geli — taʼtilning har bir kuni avvalida (va oxirida ham) ishlatiladigan vositalar. Bular nafaqat katta shahar changi va pardoz qoldiqlarini, balki quyosh ostida soatlab qolgandan keyingi chidamli SPF-qatlamni ham osonlikcha yo‘qotadi.

fotо: instagram \ @erborian
Mitsellyar suvchi? U safar chog‘i yo‘ldagi SOS-yordamchingizdir. Shuningdek, namlantiruvchi toner yoki mist haqida ham unutmang — issiq mamlakatlarda kuningiz sohil va sayr orasida o‘tadigan bo‘lsa, bu vositalar siz uchun mutlaqo must-have‘ga aylanadi.
Terini namlantirish
O‘zga yurtda iqlim, ritm va taomlar o‘zgarsa-da, terining namlantirishga bo‘lgan ehtiyoji o‘zgarmaydi. Kunduzi yengil teksturali vositalarga ixtiyor bering: zardob va emulsiyalar teriga og‘irlik qilmaydi. Ulardan so‘ng yuzingiz porlay boshlaydi.

fotо: instagram \ @sisleyparis
Ko‘chaga chiqishdan avval SPF surtishni unutmang — ixcham ko‘rinishdagi: quyosh nurlaridan asrovchi flyuidlar, ultrabinafsha himoyasiga ega kushon va tintlarni tanlaganingiz ma’qul. Mazkur vositalar samaradorligi jihatidan klassik kremlardan qolishmaydi, shu bilan birga ularni qo‘llash ancha oson va qulayligi bilan ajralib turadi.
Tiklanish
Aperol va raqsdan so‘ng — tiklanish vaqti keladi. Teri tungi niqoblar va oziqlantiruvchi kremlarni yoqtiradi: siz uxlayotgan vaqtda, ular ishlaydi. Muhimi, oshirib yubormaslik. Ertalab yuzingiz “salondan chiqqanday” ko‘rinishi uchun bir dona quyuq universal vositaning o‘zi kifoya qiladi.
Tanangiz haqida ham unutmang: quyoshga chiqqandan keyin surtiladigan krem yoki moy nafaqat namlantiradi, balki teringizning oftobda toblangan rangi ko‘pga chidashini ta’minlaydi.

fotо: instagram \ @lasultanedesabaofficiel
SPF filtri — haqiqiy kutqaruvchi
SPF filtriga ega krem — bu shunchaki himoya emas, balki teringiz sog‘lom bo‘lishi uchun kiritgan sarmoyangizdir. 30, 50 yoki 70? Bu iqlimga va fotopipingizga bog‘liq bo‘ladi. Kremni xarid qilishdan avval sinab ko‘rishni tavsiya qilamiz, chunki u faqat samarali emas, balki surtganda yoqimli ham bo‘lishi shart. Ana shunda siz uni haftada bir marta emas, balki har kuni bajonudil ishlatasiz.

fotо: instagram \ @larocheposay
Maxfiy qurol: SOS-vositalar
Safarda qar qanday holatga tayyor turish kerak. Shu boisdan pardoz sumkachangizda patchi (masalan, gidrogellisi), matoli niqoblar va yallig‘lanishga qarshi vositalar bo‘lishi darkor. Agar sizni tonggacha davom etadigan ziyofat kutayotgan bo‘lsa, ertasiga aynan shu vositalar bois yuzingizda uyqusiz tunning asorati qolmaydi va siz tetik hamda go‘zal ko‘rinasiz.

fotо: instagram \ @cosrx
Yozgi pardoz: oz va soz
Kurortga mo‘ljallangan pardoz qancha yengil bo‘lsa, shuncha yaxshi. Surtganingizda hatto sezilmaydigan BB yoki CC-kremlar bois yuzingiz tabiiy porlab turadi. Xuddi shunday bilinmaydigan kukunli, shaffof upa haqida ham unutmang. U pardozingizga putur yetmasligiga va teringiz ortiqcha yaltiramasligiga yordam beradi.

fotо: instagram \ @erborian
Sun-kissed: quyoshsiz toblanish
Bronzer — qiyofangizning bosh qahramoni. Uni qovoqlaringiz, yonoqlaringizga hamda ozroq peshonangizga ham surting. Qarabsizki, hozirgina sohildan qaytgandek ko‘rina boshlaysiz. Bu vositani to‘g‘ri surtish uchun vizajist ko‘nikmasi talab etilmaydi, u tez ishlaydi va sizga doim qo‘l keladi.

fotо: instagram \ @benefit
Ko‘zlarga urg‘u beramiz
Murakkab sxemalar shart emas: yengil satin finishiga ega kremli tenlar, yumshoq jigarrang qalam va tush, u ham jigarrang bo‘lsa, ayni muddao. Bunday to‘plam ko‘zlaringizga urg‘u beradi, shu bilan birga ular chizib qo‘yilgandek emas, tabiiy ko‘rinadi.

fotо: instagram \ @diorbeauty

fotо: instagram \ @tomfordbeauty

fotо: instagram \ @charlottetilbury
Lips, please
Kunduzi — yaltiroq vosita yoki SPF‘li moy (aytgancha, lablar quyoshda birinchi bo‘lib kuyib ketadi). Oqshom chog‘i — yorqin, masalan, klassikaga aylagan qizil lab bo‘yog‘i. Quyoshda qoraygan teringiz fonida bu rangdagi lab buyog‘i o‘zingizga bo‘lgan ishonchingizni urg‘u berib, yaqqol ko‘zga tashlanadi. Hech qanday ortiqcha detallarsiz — faqat siz va ta’tildagi sarguzashtlaringiz.

fotо: instagram \ @kikomilano