Tom Ford tarixi

Moda va kino o‘rtasida

fotо: Instagram / tomford

U modani qudrat va o‘ziga jalb qilish vositasiga aylantirdi. Gucci‘ni hayotga qaytarib, o‘z saltanatini barpo etgan Tom Ford uslubni taʼsir quroli darajasiga olib chiqdi. U yaratgan iforlar afsonaga aylandi. Filmlari mukofotlarga sazovor bo‘ldi, estetikasi esa doimo go‘zallik va ehtirosdan so‘zladi. Uning uslubini tanib olish oson: u shunchaki kiyintirmaydi - u maftun etadi va bo‘ysundiradi.

Yoshlik yillari

Tom Ford 1961 yilda Texasning Ostin shahrida tug‘ilgan. Uning go‘zallik va modaga bo‘lgan muhabbati bolaligidanoq namoyon bo‘la boshlagan: u onasiga kiyinish va soch turmagi bo‘yicha maslahatlar berar, shuningdek, nafis go‘zallik va boy detallarga nisbatan muhabbatni uyg‘otgan nozik didli buvisi bilan faxrlanardi. 17 yoshida ilk bor Nyu-Yorkdagi afsonaviy  Studio 54 klubiga tashrif buyurganida disko davrining yorqin va hashamatli hayot tarzini targ‘ib qiluvchi jozibasi Tomni maftun etdi va uning estetik dunyoqarashini shakllantirdi.

San’at tarixi va me’morchilikni o‘rganib ko‘rgan Ford o‘zining haqiqiy qiziqishi moda ekanini anglab yetdi. Parsons‘da ta’lim olib, Parijdagi Chloé uyida amaliyot o‘tagach bu ishonch yana-da mustahkamlandi. O‘sha vaqtning o‘zidayoq Tom uning uchun uslub shunchaki kiyinish tarzi emas, balki ta’sir o‘tkazish vositasi va o‘yin qoidalarini o‘zgartira oluvchi qurol ekanini tushunib yetgandi.

Gucci‘dagi yuksalish va brendning qayta tug‘ilishi.

1990 yilda taqdir Tom Ford va Gucci‘ning yo‘llarini tutashtirdi. O‘sha paytlari bu moda uyi jasur qutqaruvchiga muhtoj edi. 90-yillar boshiga kelib bir paytlar hashamat timsoli bo‘lgan mazkur brend avvalgi jozibadorligidan asar ham qolmagandi: uning to‘plamlari eskirgan, sotuvlari kamaygan va cheksiz litsenziyalar tufayli mashhur logotip o‘z qiymatini yo‘qotgan edi. Brend endi zamonaviy sanalmasdi.

Biroq 1994 yilda Ford kreativ direktor etib tayinlangach, vaziyat butkul o‘zgardi. U to‘plamlarga jasorat va ehtiros olib kirdi: beli pastdan ishlangan  baxmal shimlar, oldi ochiq ipak ko‘ylaklar, stilist Karin Roytfeld va fotosuratchi Mario Testino bilan hamkorlikda yaratilgan dadil reklama kampaniyalari. Bir yil ichida savdolar keskin ko‘tarildi, Fordning ismi esa modadagi inqilob tushunchasi bilan hamohang yangray boshladi.

foto: Instagram / tabvintage

Gucci oilasidagi dramatik voqealar, jumladan, Mauritsio Gucci‘ning shov-shuvli qotilligi fonida, yosh amerikalik nafaqat Modalar uyining nufuzini saqlab qoldi, balki unga ilgarigi maqomini qaytara oldi. 90-yillarning ikkinchi yarmi esa “Gucci by Tom Ford” davri bo‘ldi. Bu davrni 3 so‘z bilan ifodalash mumkin: provokatsion, dadil va glamurga boy. Jackie O sumkasi, shov-shuvli posterlar va afsonaviy kiyimlar brendni butun boshli davrning asosiy ramziga aylantirdi.

Ford shunchaki dizayner emas, balki haqiqiy strateg ham edi. U bosh direktor Domeniko De Sole bilan birgalikda brendni mustahkamladi, boshqa kompaniya tarkibiga qo‘shib olinishidan himoya qildi. Bular bilan ham cheklanmasdan brendni tarkibiga Yves Saint Laurent, Balenciaga, Bottega Veneta, shuningdek endigina paydo bo‘lgan Alexander McQueen va Stella McCartney savdo belgilari kirgan Gucci Group‘ga aylantirdi. 

2000-yillar boshlariga kelib Gucci milliardlik biznesga aylangan edi. Lekin kompaniya ichidagi vaziyat keskinlashgan edi. Yangi rahbariyat  nazoratni kuchaytirishga intilar, natijada shartnomani uzaytirish borasidagi muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgandi. 2004-yilda Ford va Domeniko De Sole o‘zlari qutqargan va sanoat cho‘qqisiga olib chiqqan Moda uyini tark etishdi.

fotо: Instagram / cabmate

Tom Ford saltanatining yaralishi

Gucci‘dan shov-shuv bilan ketganidan so‘ng Tom Ford sanoatga mustaqil o‘yinchi sifatida qaytdi.

2005 yilda u lyuks bozor uchun misli ko‘rilmagan qadamga jazm etdi: kiyim-kechak emas, aksessuarlar va parfyumeriyaga urg‘u berilgan TOM FORD brendiga asos soldi. Liboslar to‘plamini yaratish o‘rniga strategik hamkorlik o‘rnatishga kirishdi: Marcolin bilan - ko‘zoynaklar, Estée Lauder bilan kosmetika va iforlar ishlab chiqarish borasida shartnomalar tuzdi. Ilk reliz - Black Orchid atiri zumda mashhurlanishib ketdi va hashamat olamida yangi sahifa ochdi.

2007 yilda dizayner erkaklar liboslarini taqdim etdi va Nyu-Yorkda brend tashrif qog‘ozi bo‘lgan flagman butigini ochdi. Uning kostyum va smokinglarini Gollivud yulduzlari shu zahoti talashib sotib olishdi, hatto Daniel Kreyg ijrosidagi 007 agenti uchun ham aynan shu smokinglar tanlandi. Ayollar modasiga Ford bir oz keyinroq,  aniqrog‘i kinodagi debyutidan keyin, 2010 yilda qaytdi. Qaytganda ham shov-shuv bilan - Nyu-Yorkdagi moda haftaligida yopiq eshiklar ortida o‘tgan, podiumga Beyoncé, Julianne Moore va Marisa Berensonlar chiqqan namoyish bilan qaytdi. To‘plam uning moda o‘tkinchi tendensiyalarni belgilashi emas, zamondan tashqarida bo‘lishi kerak, degan falsafasini yana bir karra namoyish etdi.

Birinchi o‘n yillikda TOM FORD brendi butiklari butun bo‘ylab sochilgan, aylanmasi milliardlab dollarni tashkil etadigan global imperiyaga aylandi. Uning atirlari va kosmetikasi zamonaviy lyuks ramziga, kiyimlari esa kuch va joziba timsoliga aylandi. 2019 yilda Ford Amerika modelyerlar kengashini (CFDA) boshqara boshladi va moda olamidagi eng nufuzli shaxslardan biri sifatida mavqeini mustahkamladi.

fotо: Instagram / tomford

Podiumdan katta ekranga

2023 yil aprelida Tom Ford o‘ziga qarashli bo‘lgan brend kreativ direktori lavozimidan ketdi va qariyb yigirma yil davom etgan davrni yakunladi. Bu hodisa moda tarixidagi eng yirik bitim tuzilishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi: Estée Lauder kompaniyasi TOM FORD uyini 2,8 mlrd dollarga sotib oldi.

fotо: Instagram / tomford

Shunday qilib, Ford nafaqat milliarderlik maqomini saqlab qoldi, balki o‘z nomini tarixga muhrladi. Lekin dizayner uchun bu — xayrlashuv emas, balki yangi sahifaning ochilishi edi. U doim “cheksiz to‘plamlar poygasining asiri bo‘lishni xohlamayman” deb aytar va endi unga haqiqatan ilhom beradigan sohaga — kinoga yuzlanish imkoniyati edi.

foto: Instagram / tomford

Ford rejissura sohasida ham xuddi modadagi singari iste’dodli ekanini isbotladi. “Yolg‘iz erkak” va “Tun pardasi ostida” filmlari tanqidchilar e’tirofiga sazovor bo‘lib, mukofotlar bilan taqdirlandi. Uning kinodagi vizual uslubi xuddi Gucci yoki Tom Ford to‘plamlaridagi kabi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Har bir kadr mukammal aniqlik, hissiy jo‘shqinlik va detallarga bo‘lgan  e’tibor mujassam etadi. Bu estetika uni nafaqat afsonaviy dizayner, balki kuchli kinoijodkor sifatida ham ko‘rsatib berdi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles