Gucci uslubidagi karnay bichiq jinsi shimlardan tortib, TikTok‘dagi baggy jeans‘largacha — asosiy trendlarni ko‘rib chiqamiz

Bu yil dolzarb bo‘lgan jinsilar bo‘yicha qisqa yo‘riqnoma

04 Sen 2025
fotо: Instagram / calvinklein

Jinsi garderobning bosh unsuri hisoblanadi, lekin uning shakli va u beradigan kayfiyat doimo o‘zgarib turadi. Bir necha yil oldin hamma yoppasiga kalta “mom-jinsi” ixlosmandiga aylangan bo‘lsa, hozirgi kunda moda uzunlik, hajm va nostalgiya tomon harakatlanmoqda. Maqolada 2025-yilda eʼtibor qaratish kerak bo‘lgan dolzarb uslublarni ko‘rib chiqamiz. Xo‘sh, ularning afzalliklari nimada va bu shimlarni qanday kiyish mumkin?

To‘g‘ri bichimli jinsi shimlar (straight-leg jeans)

Ortiqcha detallarsiz, to‘piqqacha yoki yergacha tushib turuvchi to‘g‘ri bichimli jinsi shimlar hamon eng universal variant bo‘lib qolmoqda. Bu shimlar qo‘pol etiklardan tortib, nozik baletkalargacha, har turdagi poyabzalga mos tushaveradi. Eng afzali — elastansiz qalin denimdan tikilganlari: ular shaklni yaxshi saqlab turadi hamda zamonaviyroq ko‘rinadi. Bunday shimlarni The Row, Toteme, Khaite kabi brendlarning minimalistik to‘plamlarida uchratish mumkin. Bu kompaniyalar trendlarga emas, balki uzoq muddat xizmat qiladigan liboslarni ishlab chiqarishga intiladi.

fotо: Instagram / agjeans

Karcnay bichiqli shimlar (flared jeans)

Moda olamida 70-yillarga qaytish jarayoni hanuz davom etmoqda. Ilgari karnay bichiqli shimlarni vintaj ixlosmandlari kiygan bo‘lsa, endilikda bu dolzarb trendga aylandi. Mazkur modani Alessandro Michele davrida Gucci, Édi Slimane payti Celine va albatta, vintaj liboslarni to‘plovchi Pinterest qizlari qaytadan jonlantirdi. Tizzadan yengil kengayib ketgan yoki beli tepadan ishlangan ultra keng karnay bichiq shimlarga e’tibor qaratishni tavsiya etamiz. Bu modellar, ayniqsa, baland poshna bilan uyg‘unlashganda yanada chiroyli ko‘rinadi. Ustiga-ustak, bo‘yni ham uzaytiradi.

fotо: Instagram / levis

Beli pastdan ishlangan jinsi shimlar (low-rise jeans)

Beli pastdan ishlangan shimlar yana modada va bu yerda gap faqat Y2K estetikasi haqida ketmayapti. Zamonaviy modellar 2000-yillardagi kabi juda tor bo‘lishi shart emas, ular to‘g‘ri bichimli, bir oz kengroq yoki bo‘ksa chizig‘i ozgina pasaytirilgan bo‘lishi mumkin. Muhimi — muvozanat saqlanishi uchun bu shim bilan yopishib turadigan ustki kiyim yoki kalta top kiyish lozim. Low-rise jeans‘ni yana urfga kiritgan Gen Z bo‘lsa, Miu Miu, Blumarine va Diesel kabi brendlar uni zamonaga qayta moslashtirdi (aynan ular bois beldagi logotipni namoyish qilib yurish yana trendga aylandi).

fotо: Instagram / Shipilovaks

Bochkasimon jinsi shimlar (barrel jeans)

Bo‘ksa qismi keng, to‘piqqa qarab yengil torayib ketgan, qomatda erkin turuvchi - bular barrel jeans‘ning belgilaridir. Bu shim noodatiy ko‘rinsa-da, lekin judayam qulay. Loferlar, sandallar yoki og‘ir va katta ko‘rinadigan krossovkalar bilan chiroyli uyg‘unlashadi. Hozirda bochkasimon shimlarni Jacquemus, Alaïa va Loewe kabi brendlar o‘z to‘plamlarida klassik shakldagilariga muqobil sifatida taqdim etishmoqda.

fotо: Spotlight / Alaïa

fotо: Spotlight / Acne

Juda keng djinsi shimlar (wide leg yoki baggy)

Beldan to pastgacha bir xil kenglikda ketgan bo‘lib, unda torayishning asarini ham topmaysiz. Ular go‘yo siluet qoidalarini buzish va qiyofaga ozgina dadillik qo‘shish uchun yaratilgandek, go‘yo. Ayniqsa yumshoq denimdan ishlanganlari chiroyli ko‘rinadi. Bunday jinsilar avval andegraund ko‘cha modasida mashhur bo‘lgan bo‘lsa, Rihannadan tortib Balenciaga namoyishidagi modellargacha bo‘lgan g‘arb moda ikonalari kiyishni boshlaganidan so‘ng ommabop uslubga aylandi. Bu shimlar qancha keng va uzun bo‘lsa, shuncha yaxshi. Ularni krop-toplar, kostyumlar yoki tanaga yopishib turadigan vodolazka koftalar bilan uyg‘unlashtirish mumkin.

fotо: Instagram / cosstores

fotо: Instagram / agjeans

Butkat jinsi shimlar (bootcut jeans)

Pastga qarab yengil kengayib ketgani bois, bu jinsilar poshnali poyabzal bilan yaxshi uyg‘unlashadi — bejiz ular “bootcut” deya atalmagan. Oyoqlaringizni uzun ko‘rsatmoqchi bo‘lsangiz-u, karnay bichiq shimlarni kiyishni istamasangiz, “bootcut jeans” siz uchun eng yaxshi tanlovga aylanadi. 

2025-yilda butkat jinsi deganda xayolga kovboylar uslubi kelmaydi, balki 90-yillarning minimalistik kayfiyatini sezgandek bo‘lasiz: Victoria Beckham yoki Emily Ratajkowski‘ni eslang. Bu shimlar ayniqsa ko‘ylaklar va qomatni bildirib turadigan jaketlar bilan chiroyli turadi.

fotо: Instagram / agjeans

Jinsi — bu qulaylik, uslub va o‘zini erkin ifoda etish deganidir, 2025-yilda podiumda ham, ko‘cha uslubida ham keng, erkin turadigan bichimlar bilan bir qatorda qomatni ko‘rsatib turuvchi modellar ham tarqalmoqda. Tajribalardan qo‘rqish kerak emas: aynan hozir sizda yangi shakldagi jinsi shimni kiyib ko‘rib, o‘zingizni butunlay boshqacha his qilish imkoniyati mavjud.

Maqolani baham ko'ring

Related articles