Issiq kiyinish vaqti keldi: 2025-yil kuz mavsumi ustki kiyimlari
Ham zamonaviy, ham issiq kiyinishning imkoni bormi? So‘nggi urfdagi kundalik obrazlarni tahlil qilamiz

Kuzda ustki kiyimlar qiyofaning asosiy unsuriga aylanadi: uslubingiz qanday bo‘lishini aynan kurtka, kardigan va sviterlar belgilab beradi. Biroq ustki kiyim nafaqat chiroyli, balki qulay ham bo‘lishi ham kerak. Keling, kuzda nimalar trendda bo‘lishini ko‘rib chiqamiz.
Olimpiyka kurtkalari — mavsumning eng dolzarb kiyimi. Sodda dizayn va neytral ranglar ko‘p qavatli obrazlar uchun ayni muddao. Ayniqsa, Uniqlo olimpiykalari e’tiborni tortadi — oddiy, qulay va ayni paytda zamonaviy bo‘lgani uchun ular eng mashhur modellardan biriga aylandi. Ularni xohlagan libosingiz bilan: jinsi shim va oq futbolka, midi yubka va krossovkalar yoki ich kiyimni eslatuvchi ko‘ylaklar bilan uyg‘unlashtirish mumkin: Muqobil modellarni Zara, H&M va Massimo Dutti‘da, sportga moyilroq variantlarini esa Nike va Adidas‘da topasiz.

Foto: Instagram / emilisindlev
Bleyzer va pidjaklar — kuz garderobining abadiy klassikasi. Bu mavsumda belga urg‘u beradigan modellar va minimalizm bilan yo‘g‘rilgan sodda shakllar trendda. Ular yordamida turli uslub yaratish mumkin: oq futbolka va jinsi bilan kiyilganda yengil, erkin obraz hosil bo‘lsa, ko‘ylak va shim bilan uyg‘unlashtirilsa, rasmiy ko‘rinish yuzaga keladi. Rang tanlovi ham klassik: och jigarrang, pastel ranglar, to‘q ko‘k va qora.

Foto: Instagram / emilisindlev

Foto: Instagram / rosiehw
Obrazingiz ustida ko‘p bosh qotirishni xohlamaydigan, qulaylik istaydigan kunlaringizda xudi va sviterlar sizga qo‘l keladi. Ularni kiyib, orom olish uchun kechki sayrga chiqishingiz mumkin. Xudi va sviterni bazaviy top ustidan kiyishingiz yoki yelkangiz yoxud belingizga bog‘lab olishingiz mumkin. Bu erta kuzning o‘zgaruvchan ob-havosiga moslashish imkonini beradi. Pastel ranglar, bo‘rtma naqshlar va kashta kabi kichik detallar urfda. Jinsi bilan ham, yubka bilan ham, og‘ir botinkalar bilan ham yaxshi mos tushadi.

Foto: Instagram / josefinevogt

Foto: Instagram / manondevelder
Klassika va biroz rasmiy uslubni yoqtiruvchilar tvid matosidan tikilgan pijdaklarga ixtiyor beradilar. Qiyofaga joziba bag‘ishlaydigan bu libos smart-casual‘dan tortib, ish uslubigacha bo‘lgan turli holatlarda o‘rinli bo‘lishi bilan ham ahamiyatli. Kulrang, och va to‘q jigarrang tvid pidjak shim, rasmiy yubkalar va oddiy toplar bilan uyg‘unlashib, zamonaviy ko‘p qavatli obraz yaratadi.

Foto: Instagram / lovinyoyo
Mavsumning yana bir must-have libosi — kalta trench. Minimalistik uslubda, neytral ranglarda, ammo e’tiborni tortadigan belbog‘ yoki ilgaklar kabi kichik urg‘ularga ega. Trenchning afzalligi shundaki, u barcha qiyofalarga ajoyib tarzda mos keladi.

Foto: Instagram / streetstylespy.dk

Foto: Instagram / emilisindlev
Kardiganlar ko‘p qavatli obrazlar klassikasi sifatida o‘z o‘rnini saqlab qolmoqda. Yirik qilib to‘qilgan yoki noodatiy detallarga ega hajmdor modellar ham kundalik, ham ancha nafis uslubdagi ko‘rinishlarni yaratish imkonini beradi. Kardiganni ko‘ylaklar ustidan yoki bazaviy top hamda yubka yoki jinsi bilan kiyish mumkin.

Foto: Instagram / femmebambi

Foto: Instagram / luciekratochvilova_
Kuz — tajribalar davri. Bir qarashda mos tushmaydigan liboslarni bir-biriga uyg‘unlashtirib ko‘rishdan qo‘rqmang, yorqin detallarga “ha” deng hamda ham issiq, ham qulay bo‘lgan obrazlar yarating.