Mercedes-Benz Fashion Week Madrid’da yaponlar estetikasi, ispanlarning qaynoq qoni va “Burning Man” festivaliga ishoralar

Ispan modasi haqida nimalarni bilamiz?

30 Sen 2025
Фото: The Label Edition

Barselona jahonning to‘y liboslari poytaxti sifatida tan olingan bo‘lsa, Madrid pret-a-porte markaziga aylangani shubhasiz. Shahar o‘zining zodagonlarga xos jozibasi va boy madaniy merosi bilan klassika hamda mashhur ispan temperamenti uyg‘unlashgan estetikani belgilab beradi.

Bu mavsumda Mercedes-Benz Fashion Week Madrid bosh avtomobil hamkori va sanoatning yetakchi vakillari homiyligida o‘zining 40 yilligini nishonlamoqda. Mahalliy modani xalqaro maydonda ilgari surish uchun asosiy platforma sifatida xizmat qiluvchi  MBFWM mamlakatning eng mashhur dizaynerlarini to‘plash bilan bir qatorda xalqaro mehmonlarni ham jalb etgan holda o‘zining yangilangan global miqyosdagi pozitsiyasini namoyon etmoqda.

Zamonaviy tomoshabinlar podiumni ko‘zgu sifatida aks ettirib, yorqin ranglar, kashtalar, dadil naqshlar va nafis siluetlar orqali ispan fe’l-atvorini namoyish etadilar. Bu yerda hatto rasmiy kostyumda ham o‘ynoqi burmalarni ko‘rishingiz mumkin, poyabzaldan tortib sumkalargacha bo‘lgan aksessuarlar esa e’tiboringizni tortmasdan qolmaydi. 

Madriddagi moda haftaligi turli maydonlarda o‘tishi mehmonlar uchun qulay sharoit yaratdi. Birinchi kungi namoyishlar Palacio de Cibeles‘ning shisha galereyasida o‘tkazilib, keyingi kunlar uchun me’yorning yuqori darajasini belgilab berdi. Palomo bo‘lsa o‘z namoyishini asosiy lokatsiyadan tashqarida - yaqinda ta’mirlangan Palace mehmonxonasida o‘tkazdi va bu bilan xalqaro podumlarni ko‘zlashiga ishora qildi. Keyingi kunlarda shou Mercedes-Benz maydoniga ko‘chdi. Bu yerda yetakchi hamkorlar tufayli ispan modasi olamiga yanada chuqurroq sho‘ng‘ish, shuningdek, shourumlarda yosh dizaynerlar ijodi bilan tanishish imkoniyati yaratildi.

Biz sizni Mercedes-Benz Fashion Week Madrid yubiley mavsumi qiyofasini shakllantirgan 2026-yil bahor-yoz mavsumining 12 ta asosiy to‘plami bilan tanishtiramiz:

Silvia Tcherassi

Kolumbiyalik dizaynerning bahor-yozgi to‘plami yengillik va erkinlik hissini uyg‘otuvchi, harir matolardan tikilgan nafis liboslari ila dizaynerga xos bo‘lgan erkin jozibani aks ettirdi.  Ranglar palitrasi oq, moviy va qoradan tortib to‘yingan terrakota rangigacha, och yashildan tortib, binafsha rangigacha bo‘lgan xilma-xilligi bilan hayratga soldi. Yorqin apelsin va fuksiya ranglariga alohida urg‘u berilgan bo‘lib, bu ikkisining uyg‘unligi kutilmaganda jonli ko‘rindi. Ombre uslubida ishlov berilgan ko‘ylaklar to‘plamga mayinlik va romantik ruh bag‘ishladi, shuningdek uni vizual jihatdan ko‘p qavatli qilib ko‘rsatdi, asosiy motivlardan biriga aylangan chiziqli printlar esa obrazlarga aniq-tiniq shakl berib, muvozanat yaratdi. Nafis aksessuarlarga katta e’tibor qaratilgan bo‘lib, ular orasida xaltasimon sumkalar va uzun popukli klatchlar alohida ajralib turdi. Bu elementlar obrazlarga o‘ynoqilik baxsh etdi. Shokilalar markaziy dekorga aylanib,  buyumlarga harakat chog‘ida dinamika va yengil bogema ruhini berdi.

 

Palomo

Sofia Coppola filmlaridan ilhomlangan brend o‘zining balog‘atga yetganini anglatuvchi “O‘n sakkiz” to‘plamini taqdim etdi. Podiumda ayollarning geometrik shakllarni eslatuvchi yirik bantlar bilan bezatilgan pastel ranglardagi ko‘ylak-abajurlari namoyish etildi. Yengil siluetlar peplumli dag‘alroq jaketlar va poplindan tikilgan nafis bluzkalar bilan uyg‘unlashdi. Chiviq gazlamadan ishlangan trikotaj ko‘ylaklar soddalik va nafislikka urg‘u berdi. Erkaklar obrazlarida ip gazlama yoki taftadan tikilgan jaket va kalta shortilar to‘plami ajralib turdi. Swarovski toshlari bilan bezatilgan va burmalar qo‘shilgan hajmdor ko‘ylaklar provokatsion ta’sirni kuchaytirdi. Dizayner odatga ko‘ra jinslar o‘rtasidagi chegaralarga qat’iy rioya qilmasdan, faqat podiumda namoyish qilish emas, balki kiyish ham mumkin bo‘lgan, ortiqcha detallardan xoli liboslarni yaratdi. Bu brendning erkaklar estetikasini tabiiy ravishda to‘ldiruvchi ilk to‘laqonli ayollar kiyimlari to‘plamidir.

Pedro del Hierro

"La Gran Metrópoli" apelsin va musallas rangidan tortib, ametist va anor ranglarigacha bo‘lgan boy palitrada o‘z go‘zalligini namoyon etuvchi tungi megapolisga bag‘ishlangan. Mark Rotko asarlari, Tokioning Sibuya hududi muhiti va Olafur Eliasson yorug‘lik installyatsiyalaridan ilhomlangan brend modani shahar quvvati bilan to‘ldirilgan jonli sanʼat asari sifatida taqdim etdi. To‘plam sizni quyosh botishining mayin porlashidan tong otishining elektr nurlaridek yorug‘ligiga tomon vizual sayohatga olib chiqdi. Nacho Aguayo ijodiy rahbarligi ostidagi ayollar yo‘nalishi yengil matolar, shaffof teksturalar va hissiyotlarga boy jilosi ila oqshom jozibasini eslatdi. Shaharning uzluksiz harakatini aks ettiruvchi harir matolardan ishlangan uzun ko‘ylaklar to‘plamda ustunlik qildi. “Tie-dye” naqshlari tropik manzaralarni eslatuvchi ranglar chaqnashiga aylandi. Nafis shoyi matolar va yengil shaffoflik obrazlarga ehtiros qo‘shdi. Alex Miras tomonidan yaratilgan erkaklar liboslari klassik kostyumning yangicha talqinini namoyish etib, erkak qiyofasining erkin va zamonaviy ko‘rinishini taklif qildi.

Adolfo Domínguez

Ispaniyaning so‘zsiz sevimli dizaynerlaridan biri bo‘lgan Adolfo Domínguez yorug‘likning eng yorqin nuqtasi va mutlaq uyg‘unlik tuyg‘usidan ilhomlangan holda “Zenit” to‘plamini namoyish etdi. Podiumda suv jilvasini eslatuvchi muloyim kulrang gammadagi ko‘ylaklar va kostyumlar namoyon bo‘ldi. Yengil matolar yarim shaffof bo‘lib, ular tanani ochiq-oydin ko‘rsatmasdan, ishora qilish orqali, o‘ziga xos sirlilik muhitini yaratdi. “Zenit”ga qarama-qarshi o‘laroq, ozodlik va ortiqcha unsurlardan xalos bo‘lish jarayonini ifodalovchi “Nadir” yo‘nalishi paydo bo‘ldi. Bu yerda qavat-qavat burmalar xuddi po‘st tashlangandek, tashlab yuborildi va odatdagi ustki kiyimlar nafis ko‘ylaklarga aylandi. Aniq shakllar, qimmatbaho matolar va minimalistik estetika doimgidek brend DNK sini aks ettirdi. Namoyishkorona teatrallik o‘rniga mukammal bichimli kostyumlar va yumshoq paltolar ko‘rinishidagi vazmin joziba ko‘z-ko‘z qilindi. Liboslarda matolarga bo‘lgan ehtirom namoyon bo‘ldi va abadiy dizayn qisqa muddatli tendensiyalardan qadrliroq ekanligi ko‘rindi.

Simorra

Koinotda yashirin uyg‘unlik dizaynerlik autfiti asosiy g‘oyasiga aylandi. Har bir qiyofa atrofdagi olamni bir butunlikda tutib turuvchi daqiq tartibni aks ettirdi. Fraktal naqshlar kashta, printlar va bichim chiziqlarida namoyon bo‘lib, to‘plamda takror va takror uchraydi hamda o‘zgarib boradi. Matolar tabiiy tuzilishga kirib, go‘yo o‘z-o‘zidan ko‘payib, erkin harakatlanadi. Gazlamalarning meʼmorchiligiga, yaʼni matoning tuzilishi, bichim shakli, detallarning birlashish usuliga alohida eʼtibor qaratilib, ham qulay, ham yuqori estetik qiymatga ega kiyimlar yaratildi. To‘plam borliqdagi o‘zaro bog‘liqlikka yangicha qarashni taklif etadi. Bu borliqda har bir detal beqiyos yaxlitlikning bir bo‘lagini tashkil etadi. Liboslar tabiiy geometriyani go‘zallikning insoniy talqini bilan birlashtirib, tabiatning ovoziga aylanadi. Har bir buyum brendning oddiy shakllar doirasidan tashqariga chiqib, noyob shamoyillar yaratishga bo‘lgan intilishini ko‘rsatib beradi.

Claro Couture

1920-yillarning hashamati va 1990-yillarning dadil jozibasidan ilhom olgan brend, jilo, qomatni ko‘rsatib turuvchi siluetlar va olovdek yonib turuvchi ayollik nazokatini uyg‘unlashtirdi. “Rose Noir” deb nomlangan to‘plam nafis dabdaba va ayollarning hissiyotlarga berilish qobiliyatiga  bag‘ishlandi. U atlas tuflilar kayfiyat ramziga aylanuvchi makonda: art-deko kabaresi bilan reyv sahna ortida harakat qilayotgandek go‘yo. Rang palitrasi mayin pastel ranglarda - och pushti, yalpiz rang va vintaj sariq tuslarda jilvalanib, abadiy baza hisoblangan qora va oqni to‘ldiradi. Kiyimlar orasida shaklini tutib turuvchi mini-ko‘ylaklar, bel qismiga urg‘u berilgan jaketlar va mukammal bichimli shimlar mavjud. Oqshom liboslari atlasdan ishlangan minimalistik ko‘ylaklardan tortib, naqshlar tikilgan ko‘zni qamashtiruvchi ko‘ylaklargacha bo‘lgan turfa xil bichimdagilarini o‘z ichiga oldi. Asosiy matolar - poplin, shaffof muslin, kristalli naqshinkor to‘r va atlas shoyi-krepdan iborat. Kashtali detallar toshchalari qo‘lda bittalab tikib chiqilgani bilan insonni lol qoldirdi. Mazkur puxta ishlangan bezak yengil yaltirashi bilan hashamat va yoshlik hissini berdi. Siluetlar qomatga urg‘u berib, tananing tabiiy go‘zalligini ko‘rsatib berdi va ayollik jozibasini to‘plamning estetik markaziga aylantirdi.

The Label Edition

Yapon madaniyatining o‘ziga xos talqini liboslarni zamonaviy modaning estetik-hissiy ifodasiga aylantirdi.  Brend ibodatxonalar geometriyasi, shafaq ranglari va dzen bog‘laridagi soyalar naqshidan ilhomlanib, an’ana va zamonaviylik o‘rtasida uyg‘un muloqot yaratdi.  Siluetlar xilma-xil bo‘lib, shaklini tutib turuvchi ko‘ylaklardan tortib qat-qat burmali toplargacha, funksional kombinezonlardan yengil ko‘ylaklargacha bo‘lgan shamoyillarni o‘z ichiga oldi, bularning barini esa detallarga e’tibor va dizayner-u tikuvchilarning mahorati birlashtirib turdi. Ranglar palitrasi to‘q indigo, issiq olovrang, tuproq tusini estaluvchi ranglar, yana yashil va mayin pushtidan iborat bo‘lib sariq, qizil va oq rangli yorqin aksentlar bilan birga Yaponiya tabiatini aks ettiradi.  Fakturali ip gazlama, zig‘ir, yupqa shoyi, ipak, nafis denim va dokasimon havo o‘tkazuvchi mato kabi tabiiy materiallar bois liboslar qulay va yengilligi bilan ajralib turdi.  Qo‘l mehnati yordamida ishlangan chok, bog‘ich va tugmalar sibori texnikasi hamda vabi-sabi falsafasiga ishora qilib, to‘plamning betakrorligini ko‘rsatib berdi. Hajmdor ansambllar va yengil trikotaj mahsulotlar shakl va harakat erkinligi, aniq hamda mayin chizgilar o‘rtasida muvozanat yaratib, garderobning ko‘p qirraliligiga urg‘u berdi. Har bir buyumda aniq bichim va hissiyot chaqira olish xususiyati uyg‘unlashib, Sharq va G‘arbning nozik uchrashuvi aks etdi.

Isabel Sanchis

Yapon me’morchiligi va madaniyati ruhidagi yana bir to‘plam taqdim etildi. mazkur  brendning boshqalardan ajratib turadigan belgisi - bu hajmlar. Isabel Sanchis va uning qizi Paula Maikes rahbarligida yaratilgan yo‘nalish ikki asosiy tamoyilga tayanadi: me’moriy hajmlar va yapon estetikasining qarama-qarshi qadriyatlarini uyg‘unlashtirish. Unda yashil, olovrang va mayin pushti rangdagi hilpirab turuvchi ko‘ylaklar va tayyor kiyimlar namoyish etilgan. Qo‘l mehnatiga alohida e’tibor qaratilgan: liboslardagi mikro-plisse va devoriy rasmlardan ilhomlanib yaratilgan kashta naqshlari insonni o‘ziga rom etadi. Namoyish so‘nggida hajmli siluetlar va innovatsion usullar birinchi planga olib chiqilib, qora va oq ranglarning o‘ziga xos uyg‘unligiga urg‘u berildi.  Bunda geometrik kashtado‘zlik, choksiz liboslar hamda gul va silikon buyumlarga 3D bosma texnologiyasi qo‘llanilgan. An’anaviy usullar zamonaviy texnologiyalar bilan chambarchas bog‘langan holda, liboslarning mukammal bichim va aniq shaklda bo‘lishi hamda shu vaqtning o‘zida harakatda qulay bo‘lishini ta’minlaydi. 

De La Cierva y Nicolás

Tabiat kuchlari ushbu to‘plamning har bir libosida namoyon bo‘ladi. Asimmetrik shamoyillar, hajmdor shakllar va dramatik yirmochlar orqali model xuddi bir joyda turgan bo‘lsa ham, harakatlanayotgandek ko‘rinadi. Rang gammasi jigarrang, qora va metall jilolarining to‘q ranglarida jilvalanib, kuch va o‘zgarish hissini uyg‘otadi. Matolar ham beqarorlik g‘oyasini davom ettiradi: organza, plisse, to‘r va yirtiq gazlama qatlamlari har bir modelga dinamika va hajm baxsh etadi.  Kiyimlar detallarga puxta e’tibor qaratilgan hamda bir butun kompozitsiyani hosil qilishi uchun mato va bezaklar shakli-yu konstruksiyasiga me’moriy darajada ishlov bergan holatda qo‘lda tikilgan. To‘plam brendning eksklyuzivlik, individuallashtirish va barqaror ishlab chiqarishni uyg‘unlashtirgan falsafasini aks ettiradi. Brend asoschisi Dolores Nicolas yoshligidan onasi boshchiligi ostida tikuvchilikni o‘rganib, yigirmata mutaxassis ishlaydigan oilaviy korxonaga asos solgan.

Hannibal Laguna 

“LAZULIFLOW” turkumi shakllar, matolar va ranglar vositasida voqelik va ramziylik uyg‘unlashib ketadigan olamga olib kiradi. Samo va dengiz tubi o‘rtAsidagi bog‘liqlikni ifodalovchi lojuvard va ko‘kish yoqut rangigacha bo‘lgan ko‘p qirrali to‘q ko‘k ranglari dizayner uchun ilhom manbai vazifasini o‘tadi. Liboslar chizgilarida qadimgi yunon siluetlariga ishoralar sezildi: tunikalar, plashlar va yengil asimmetrik ko‘ylaklar zamonaviy talqinda qayta jonlandi. Yarim shaffof matolar va kashta naqshlari dengiz ko‘pigi, marjon qoyalari va gullarni eslatib, ayollar nozik qomatini o‘rab turdi. Organza shamoldagi yelkanlar kabi yoyildi, naqshlarga o‘rnatilgan kristallar esa yorug‘likda suv osti oqimlarini aks ettirgandek jilolandi. Har bir libos ayolning go‘zallik va his-tuyg‘ular qa’riga qilgan safarining bir bosqichiga aylandi.

Custo Barcelona 

Ispaniyadan tashqarida ham mashhur bo‘lgan g‘aroyib Custo Barcelona brendi moda va o‘zini namoyon etishning kesishgan nuqtasini tadqiq etib, tomoshabinlarga o‘z uslubi va ovozini topish taklifini beradi. Videotaqdimot san’at va individuallik tabiat bilan birlashadigan “Burning Man” festivali bilan ramziy tarzda bog‘landi. To‘plam tabiat va odam qiyofasini eslatuvchi hayvonlardan ilhomlanib yaratilgan liboslari orqali inson va atrof-muhit o‘rtasidagi uyg‘unlikni ko‘rsatib berdi. Ko‘ylaklar va turli printlar tushirilgan futbolkalar sayyoramiz haqida g‘amxo‘rlik qilish g‘oyasini o‘zida aks ettirgan holda namoyishning markaziy unsurlariga aylanadi. Yorqin ranglar va ta’sirchan tasvirlar hissiy hamda vizual jihatdan boy olamni yaratdi. Custo Barcelona ijodkorlikni ekologik falsafa bilan uyg‘unlashtirib, barqarorlikka urg‘u berdi. Liboslarning har bir elementi nafaqat ko‘zni quvontirdi, balki ma’lum ma’no ham kasb etdi.

Yolancris 

Brend mazkur moda uyi ish boshlashiga sabab bo‘lgan boho falsafasiga hurmat bajo keltirgan holda, ildizlariga qaytdi. Dizaynerlar "Back to Boho" konsepsiyasi ostida ilk to‘plamlar qanday bo‘lishini belgilab bergan uslubni yuqori moda va atelyening mahorati nuqtayi nazaridan qayta talqin qildilar. Har bir libos spontanlik va dadillikni zamonaviy tarzda uyg‘unlashtirgan holda, erkinlik va jasorat haqida hikoya qildi. To‘plamda yengillik va erkinlik hissini beruvchi hilpirab turadigan shakllar, ko‘p qavatli matolar va keng hajmlar mavjud. Qo‘lda tikilgan nafis kashta naqshlar, to‘rdan ishlangan nozik detallar, burmalar va shaffof elementlar romantika va hippie estetikasiga urg‘u berdi. Viktoriya davri motivlari zamonaviy boho bilan uzviy bog‘lanib, o‘ziga xos vizual tilni shakllantirdi. Brendga xos bo‘lgan aksessuarlar - sabo va kovboy etiklari - obrazlarga xarakter va dadillik baxsh etib, ularni tugal qildi. Har bir buyum an’anaviy hunarmandchilik va innovatsion dizayn uyg‘unligini aks ettirdi.

 

Maqolani baham ko'ring

Related articles