Umida Yo‘ldosheva — Teach for Uzbekistan asoschisi va direktori, o‘zgarishlarga turtki bo‘luvchi asosiy kuch sifatida ta’lim qudratiga ishonuvchi ayol. Uning hayot yo‘lida – Toshkent moliya institutidagi tahsil, obro‘li xalqaro dasturlar – John Smith va AQSH Davlat departamentining IVLP loyihasi, shuningdek ijtimoiy tadbirkorlik yo‘nalishida sotsiologiya bo‘yicha PhD darajasi. Umida Norvegiyada tadqiqotchi bo‘lib ishlagan, dars bergan, Jahon banki loyihalariga rahbarlik qilgan, akademik tajribani ijtimoiy transformatsiya amaliyoti bilan uyg‘unlikda olib borgan.
Bugungi kunda u O‘zbekistonda yosh avlodni – orzu qilibgina qolmay, balki o‘z yurtining kelajagini o‘zgartirishga tayyor bo‘lganlarni ilhomlantirmoqda. Umida bilan suhbatimiz ko‘pgina mavzularni – bolalarning zo‘ravonlikdan xoli kommunikatsiyasi va ta’limning ahamiyatidan tortib, to uning shaxsiy onalik tajribasi va o‘z bolalari tarbiyasigacha qamrab oldi.
ELLE: Umida, biroz o‘zingiz haqingizda so‘zlab bersangiz. Hayot yo‘lingiz nimadan boshlangan?
Men unchalik katta bo‘lmasa-da, juda farovon sanoat shahri – Navoiydanman. Bolalikda hamma o‘quv dargohlarida sifatli ta’lim beriladi, deb o‘ylardim – chunki maktabimiz kuchli o‘qituvchilari va ajoyib darsliklari bilan ajralib turardi, bir so‘z bilan aytganda, “Moskva ta’minotida” edi. Lekin, universitetni yakunlab turli, jumladan ijtimoiy loyihalarda ishlay boshlaganimda, O‘zbekiston – bu faqat Toshkent, faqat mening mo‘jazgina Navoiyimning o‘zi emasligini tushundim. Hududlarda, ayniqsa maktab ta’limi sohasida, ko‘plab ijtimoiy muammolar mavjud.
Birinchi mutaxassisligim bo‘yicha men moliyachiman. Keyinroq sotsiologiyaga kirib keldim, ijtimoiy tadbirkorlik bilan shug‘ullandim, Jahon banki loyihalarida ishladim, u yerda loyihalar ekologiya uchun qanchalik xavfsiz va jamiyat uchun qanchalik manfaatli ekanini baholardik. Men uchun eng qadrlisi esa, o‘qituvchilik tajribasi bo‘ldi. Bolalar o‘zgarayotganini, qo‘llaridan ish kelayotganini, ularda ishtiyoq uyg‘onayotganini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz – bu tengsiz hissiyot. E’tibor berganmisiz, bola diqqatini jamlab rasm chizayotganda jiddu-jahddan tilining uchini tishlab ishlaydi – va unda hammasi o‘xshab chiqadi. Axir bu haqiqiy baxt-ku! Men bolalar atrofga qiziqish va dunyoni kashf qilishga tashnalik bilan tug‘ilishlariga amin bo‘ldim. Ammo ularga “qo‘lidan kelmasligi”ni singdirdingizmi, tamom – bu qiziqish asta-sekin so‘nib boradi.
Loyihalarda ishlaganimda amerikalik o‘qituvchim, “Peace Corps” ko‘ngillisi bo‘lardi. U Afrikada, boshqa mamlakatlarda ishlaganini, bolalarga qanday yordam berganini aytib berardi. Balki aynan u meni mana shu ishlarga ruhlantirgandir – o‘shandan buyon men birgina kishi hayotingizni o‘zgartirib, ilhom manbaiga aylana olishiga astoydil ishona boshladim.
ELLE: O‘zingiz qatnashgan loyihalar haqida so‘zlab bersangiz
NNTda mehnat migratsiyasi, gender loyihalar, ayollarni himoya qilish va ularning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish bilan shug‘ullanardik. Biz ko‘p narsa ta’limdan boshlanishining shohidi bo‘lardik. Men bolaga kichikligidan ayolga hurmat yoki tabiatga muhabbat singdirib borilsa, ancha-muncha ijtimoiy muammolar hal bo‘ladi, deb hisoblayman.
ELLE: “Volunteer Teachers” loyihasi qanday yuzaga keldi?
Biz universitet professorlarining hududlarga safarini tashkil etdik: ular bolalarga turli fanlardan bepul dars o‘tardilar. Bu eng yaxshi loyihalardan biri bo‘ldi – men bolalar qanday ruhlanishi va o‘zgarishining guvohi bo‘lardim. Va bu “Teach for Uzbekistan” joriy etilishiga olib keldi. Bu tashkilot (Teach For All) 65 ta mamlakatda ish olib boradi. G‘oya sodda: eng iqtidorli talabalar va universitetlarning, jumladan “The Ivy League” (“Pechakgul ligasi”) o‘quv dargohlarining bitiruvchilari ijtimoiy va iqtisodiy qiyinchiliklarga ega oddiy maktablarga boradilar. Ular bolalarni ruhlantiradilar, o‘zlari ijtimoiy muammolarni ko‘rish va hal qilishni o‘rganadigan yetakchilarga aylanadilar. Natijada bu nafaqat ta’limni, balki jamoaviy yetakchilik va yangi ilg‘orlar avlodini tarbiyalashni qamrab oladi.
ELLE: O‘zbekistonda o‘z oldingizga qanday vazifalarni qo‘ygansiz?
Maqsadimiz — happy lifelong learners avlodi — o‘qishni yoqtiradigan, o‘zgarishlarga moslasha oladigan va jamiyatga ko‘mak berishga qodir baxtli insonlarni tarbiyalash. Biz uchun bolaning baxtli bo‘lishi, bilimlarni sevishi va o‘zi uchun yangiliklarni kashf eta olishi muhim. Har doim ham baxt – bu ijtimoiy maqom yoki obro‘li, katta haq to‘lanadigan kasb emas. U boshqa narsalarda: shunchaki, o‘z qishlog‘idagi ajoyib inson bo‘lishda, yaxshilik qilishda va har bir kundan quvonch topa olishda ham aks etishi mumkin.
Biz qatnashchilarimiz shug‘ullanadigan bolalar aynan shunday – baxtli va dunyoga ochiq bo‘lishlarini istaymiz. Hatto ustozlarimiz qaytib ketishganda ham, bu bolalar o‘qishni, yangi bilimlar va kashfiyotlar sari intilishni sevishda davom etadilar.
Teach for Uzbekistan'dagi asosiy maqsadimiz – butun umri davomida bilimlarga tashnalikni saqlab qoladigan, yangiliklarni o‘rganishga, o‘zgarishga va mudom o‘zgarib turuvchi dunyoga moslashishga tayyor bo‘lgan baxtli insonlar avlodini tarbiyalash.
Dunyo aql bovar qilmas tezlikda o‘zgarmoqda – yangi texnologiyalar, sun'iy intellekt paydo bo‘lyapti va geosiyosat o‘zgaryapti, hech kim ertaga qanday ko‘nikmalar talabgir bo‘lishini aniq bashorat qila olmaydi. Teach for Uzbekistan'da biz eng asosiysi – ushbu o‘zgarishlarga moslasha oladigan va shuning barobarida o‘z hamjamiyatiga yordam berishga tayyor bolalarni tarbiyalash ekaniga ishonamiz. Atrofdagi tabiatga, qo‘shniga, sinfdoshiga nisbatan e’tiborli bo‘lish va g‘amxo‘rlik qilish – biz uchun bular balandparvoz so‘zlar emas, balki oddiy va nihoyatda insoniy xislatdir.
Istardikki, bolalarda asta-sekin jamiyat va, umuman, olamga muhabbatgina emas, balki o‘z yurtiga mansublik hissi ham shakllansin. Kelajakda ular qayerda yashasalar ham, O‘zbekistonni yodda tutsinlar, u bilan faxrlansinlar va o‘z bilimlari hamda mahoratlarini ulashib, uning rivojiga hissa qo‘shsinlar.
ELLE: Maktab dasturiga “zo‘ravonlikdan xoli kommunikatsiya” fani kiritilsa, sizning birinchi darsingiz qanday bo‘lardi?
Zo‘ravonlikdan xoli kommunikatsiya – bu alohida fan emas. U muhit, muloqot uslubi bo‘lib, har bir jabhaga – sinfga, oilaga, do‘konga, ko‘chaga kirib borishi lozim. Bola bilan muloqot qiladigan har bir katta yoshli inson – o‘qituvchimi, ota-ona yoki repetitormi – hurmat va muloqot muhitini yarata oladi.
Zo‘ravonlikdan xoli kommunikatsiya tamoyillariga asoslangan darsni tasavvur qiladigan bo‘lsak, birinchi navbatda “qator-qator partalar”ga odatiy joylashtirishdan voz kechish kerak. Bolalar bilim darajasi yoki xarakterga qarab emas, balki chiqishuvchan bolalar faolligi sustroq bolalarni qo‘llab-quvvatlay oladigan, bir-biriga quloq solish va ko‘mak berishni o‘rgana oladigan qilib shakllantirilgan guruhlarda, o‘zlariga qulay tartibda o‘tiradilar.
Bunda dars qoidalari bolalar bilan birga ishlab chiqiladi. Birinchi mashg‘ulotda sinf birgalikda nima mumkin, nima mumkin emasligini hal qiladi: ruxsatsiz turish mumkinmi, gapirmoqchi bo‘lganda qanday ishora berish, suhbatdosh gapini tugatishi qanday kutiladi, nega baqirish, jig‘iga tegish yoki turtish mumkin emasligi kelishib olinadi. Bu qoidalar ham o‘quvchilar, ham o‘qituvchilar amal qiladigan umumiy kelishuv bo‘ladi.
Odatiy tasavvurdagi jazolash bu yerda yo‘q. Uning o‘rniga – “jarima”larning yengil tizimi bo‘lib, uni ham bolalarning o‘zlari o‘ylab topadilar. Masalan, qoidalarga rioya qilganlik uchun yulduzcha yoki sinfdoshning gapini bo‘lganlik uchun “qizil kartochka”. Bu jamiyatda chegaralar borligini, ularni hurmat qilish lozimligini, lekin ularga rioya qilish qo‘rquv yoki kamsitilish bilan bog‘liq emasligini tushunishga yordam beradi.
ELLE: Aytingchi, O‘zbekistondagi har bir bolaga faqat bitta savol berish imkoningiz bo‘lsa, bu qanday savol bo‘lardi?
O‘zbekistondagi har bir bolaga bitta savol berish imkoniyatim bo‘lganda, men “Qanday o‘qituvchi haqida orzu qilasiz?” deb so‘ragan bo‘lardim.
Bu savol bizga Teach for Uzbekistan'da haqiqiy ustozlar – ilhomlantiradigan va qo‘llab-quvvatlaydigan insonlarni kamol toptirishda yordam beradi.
Ona sifatida esa, boshqa savol berardim: “orzuingiz nima va o‘z orzuingizga erishishda nima to‘sqinlik qilyapti?”
Lekin, orzular ortida kundalik maktab mavjud – va bu yerda eng asosiy chorlov – bosimsiz intizom. Bu qiyin. Hatto bizning qatnashchilar ham dasturning ilk oylarida tushkunlik bilan menga qo‘ng‘iroq qilishardi: “Bolalar menga quloq solishmayapti, eplay olmayapman”.
Men esa, doim bir xil maslahat beraman: muloyimlikni saqlang, lekin izchillikdan og‘ishmang.
Ba’zida hazillashaman: “Baqirgingiz kelyaptimi? Dahlizga chiqing, dashtga qarab baqirib oling va sinfga tabassum bilan qayting”.
Ha, birinchi oylar sershovqin o‘tadi. Bolalar chegaralarni sinab ko‘rishadi, o‘qituvchining baqirmayotgani va jazolamayotgani ular uchun g‘ayrioddiy ko‘rinadi. Ular qoidalarni buzish mumkinmi-yo‘qligini o‘rganib ko‘rishadi. Asosiysi – taslim bo‘lmaslik va belgilangan doiralardan chetlanmaslik.
Asta-sekin, bahorga chiqib, mo‘jiza ro‘y beradi: bolalarning o‘zlari kelishuvlarga rioya eta boshlaydilar. Ular muloyimlik beboshdoqlik emasligini tushunadilar, oqko‘ngil tabassum ortida sinfning qat'iy madaniyati turishini, hurmat va qoidalar yonma-yon ekanini anglaydilar.
ELLE: Ichingizda to‘fon ko‘tarilayotgan bo‘lsa-da, xotirjam qolish va bolani tinglay olishda shaxsan sizga nima yordam beradi?
Kimdir bu zo‘ravonlik va taqiqlar charxpalagini parchalashi kerak. Men bolaning orzusini sindirish me’yor deb sanalgan gender stereotiplar olamida katta bo‘ldim. Velosipedda uchishni juda yoqtirardim: shamol sochlarni to‘zg‘itadi, rul sizning qo‘lingizda – va siz o‘z hayotingizni boshqara olishingizni his qilasiz. Ammo bir kuni konservativ oilamizda hukm o‘qildi: “Yo‘q, qiz bolaga mumkin emas”. Men bor-yo‘g‘i o‘n ikki yoshda edim.
O‘shanda ko‘chadagi bolalar bilan futbol o‘ynash ham taqiqlandi.
Ona bo‘lgach, yana shu cheklovlar dunyosiga duch keldim. Ikki nafar o‘g‘lim bor va odatiy iboralar qulog‘imga chalindi: “Erkak o‘zi uchun turib bera olishi kerak”. Lekin men ongli ravishda ularni boshqa narsaga o‘rgataman – muloyimlik, mehr, hurmat. Maktabdan kelib, so‘rashadi: “Menga ryukzaklarini otishadi. Qanday javob beray?” - har gal oldimda dilemma paydo bo‘ladi: shafqatsizlikka undaymi yoki zo‘ravonlik bilan javob bermaslikni o‘rgataymi.
Bugun aniq bilaman: bolani mehr bilan taltaytirib bo‘lmaydi. Bu – uzoq vaqt bizni ishontirishga urinishgan eng katta xato. Mehr-muhabbat insonni buzmaydi, u tayanch bo‘ladi. Shu sababli bolalarni ularda – qizlarda ham, o‘g‘il bolalarda ham – o‘zligicha qolish erkinligini saqlagan holda tarbiyalayman. Zero stereotiplar hammaga birdek bosim ko‘rsatadi.
ELLE: Sizning nazaringizda, maktabdagi yoki oiladagi qanday odat bolaning kattalarga ishonchini sindiradi?
O‘qishdagi eng xavfli holat – kattalar bolaning xatolariga toqatsizlik bilan munosabatda bo‘lishlari. U bolalarning fitratidagi dunyoga qiziqish uchqunlarini bir lahzada so‘ndiradi. Bolalar esa, unnab ko‘rishni, izlanishni, biror ishni o‘zlari qilib ko‘rishni xohlaydilar.
O‘g‘lim bilan bo‘lgan bir voqea yodimda. U to‘rt yoshda edi va uchinchi qavatdan yerga tuxum tashlamoqchi bo‘ldi. “Nega?” degan savolimga jiddiy suratda: “Ichidagi jo‘ja qutulib qolish uchun uchib chiqarmikan, bilmoqchiydim”,- deb javob berdi. Uning uchun bu – sho‘xlik emas, kichik ilmiy tajriba, dunyoni o‘rganish usuli edi.
Ammo aynan mana shunday qiziquvchanlikni ko‘pincha kattalar “jonsaraklik” deb ataydilar va so‘ndirishga intiladilar. Maktabda bu yana ham jiddiyroq tus oladi: bir bola mavzuni tezroq o‘zlashtiradi, boshqasi sekinroq – shu zahoti “o‘zlashtirishi sust”, “dangasa” degan yorliqlar yopishtiriladi. Holbuki, buning ortida kam uxlash, oiladagi og‘ir muhit turgandir, oilaga yordam kerakdir?
Bolaga “qo‘lingdan hech narsa kelmaydi” deyilsa, savoli uchun uyaltirilsa yoki a’lochilar bilan solishtirilsa, u yangi narsani sinab ko‘rishdan cho‘chiy boshlaydi. Nafaqat bilimlarga qiziqish, balki kattalarga ishonch ham yo‘qoladi.
Sobitlik – bu kalit. Agar qoidalarni joriy qilsak, unga o‘zimiz ham amal qilishimiz lozim. Faqat shunda asosiysini – boladagi dunyo uning kashfiyotlari uchun ochiq ekaniga ishonchni saqlab qolish mumkin.
ELLE: Farzandingiz bilan mojarodan keyin yarashish borasida o‘z usulingiz bormi?
Bolalarim bilan emotional awareness – o‘z his-tuyg‘ularini anglash va nomlash usulini ko‘p qo‘llaymiz. Bu ular uchun ham, men uchun ham muhim. Ba’zida men ish yoki charchoq tufayli asabiylashishim mumkin va bu holat g‘ayriixtiyoriy ravishda bolaga ta’sir etadi. U nimanidir noto‘g‘ri qiladi va men me’yordan ortiq keskin munosabat bildiraman. Bunday paytlarda uning yoniga kelib: “Bu senga emas. Charchabman, hissiyotlarimni boshqara olmadim. Kechir”,- deyman.
Bolalarimdan kechirim so‘rashdan uyalmayman. Aksincha, katta odam ham xato qilishi va o‘z his-tuyg‘ularini tan olishi mumkinligini ko‘rsatish muhim deb hisoblayman.
Har birimiz nimani his qilayotganimizni muhokama qilamiz. “Xafamisan? Nega? Qo‘rquv yoki uyalish his qilyapsanmi?” Ayniqsa, bu to‘qqizga to‘lgan kichik o‘g‘lim uchun muhim. U maktabdan xursand bo‘libmi, hafsalasi pir bo‘libmi qaytganida doim so‘rayman: “Nimani his qilyapsan?”
Men o‘g‘illarim bolalikdan o‘z hislarini tushuna olishlari va ular haqda baralla ayta olishlarini istayman. Biz javobni birgalikda izlaymiz: nima ro‘y berdi, men nimani his qilaman, u nimani his qilyapti va bunday vaziyat takrorlanmasligi uchun nima qilishimiz mumkin.
Bu oddiy suhbatlar asosiy narsaga – o‘zi va bir-birini sevish, tushunish va avaylashga o‘rgatadi.
ELLE: Farzandingizning oddiygina gapi dunyoqarashingizni o‘zgartirgan payt bo‘lganmi?
Bir kun hissiy onglilik usulimiz haqiqatan ish berishini angladim. Katta o‘g‘lim o‘n bir yoshda edi. Peshinda uyga shoshib keldim, unga tushlik tayyorlashim kerak edi. U ham shoshayotgandi – ketishi kerak, tashqari esa, sovuq. Men tezlatdim: “Ketishdan oldin ovqatlanib ol, shapkani unutma”. U hovliqib, asabiylik bilan javob berdi va o‘zini bosa olmay, baqirib yubordi.
Bir necha daqiqadan keyin SMS keldi: “Oyi, kechiring. Men g‘azabda edim, shoshayotgandim, shunga baqirib yubordim”.
O‘sha paytda ulkan faxr hissini tuydim. U o‘z hislarini anglabgina qolmay, ularni tushuntirish va munosabati uchun mas'uliyatni zimmasiga olishni ham uddaladi. Aynan mana shuni – o‘z hislarini tushunish va ularni bayon eta olishni singdirishga intilaman. Zero onglilik vaziyatni o‘zgartirish erkinligini beradi.
Agar yigirma yillardan keyin farzandlarim menga xat yozishsa, ularda sodda, lekin eng muhim so‘zlarni ko‘rishni istardim:
“Oyi, biz baxtlimiz. Biz sevamiz va seviklimiz. Biz pul va maqom emas, balki siz bizga o‘rgatgan insoniy xislatlar muhim bo‘lgan dunyoda yashayapmiz”.
Men uchun esa, mana shu – ularni o‘zimga bog‘lab olish emas, balki ularga o‘z hayotini mehr-muhabbat va minnatdorchilik asosida qura olishlari uchun qanot berishdir.
ELLE: Jazo va bosimsiz intizomni qanday tarbiyalash mumkin?
Biz buni hatto intizom deb ham atamaymiz – biz uchun sinf madaniyatini yaratish muhimroq. U qoidalari bolalar ishtirokida yoziladigan va ularni so‘ndirmay, balki o‘qishlarida yordam beradigan hissiy va jismoniy xavfsiz muhitni qurishni anglatadi.
Biz mashg‘ulotlarga nima xalaqit berishi mumkinligini muhokama qilamiz: masalan, mavzu tushuntirilayotganda o‘rnidan zaruratsiz turish, bir-birini urish yoki haqoratlash mumkin emas. Bu kelishuvlarni, ular bilan birga “jarimalar” tizimini bolalarning o‘zlari o‘ylab topadilar. Bu jazo emas, balki o‘yin signallaridir: qizil kartochka, kichik bonusdan mahrum qilish, hafta oxiridagi rag‘batni o‘tkazib yuborish. Baholar esa, daxlsiz qoladi.
Asosiysi – kattalarning sobitqadam ekani. O‘qituvchi yoki ota-ona hissiy barqaror bo‘lishi, qanchalik qiyin bo‘lsa-da, asabiylashganini ko‘rsatmasligi kerak. Bola kattalar xotirjam va sobitqadam ekanini ko‘rsa, o‘rtada ishonch tug‘iladi.
Oilada ham shu tamoyil ish beradi. Qat'iy taqiqlar o‘rniga biz qoidalar haqida kelishib olamiz – masalan, gajetlar bilan o‘tkaziladigan vaqtni cheklaymiz, birgalikda pikniklar uyushtiramiz yoki kitob o‘qiymiz. Tarbiyada jazolash emas, balki qoidalarga bolalar bilan bab-barobar amal qiladigan kattalarning namuna bo‘lishi muhim.
ELLE: Teach for Uzbekistan kelgusida qanday loyihalarni rejalashtirgan, aniqrog‘i, qaysi hududlarni qamrab olish ko‘zlangan?
2024-yilda Teach for Uzbekistan dasturining o‘n ikki o‘qituvchisi Qashqadaryoning eng chekka tumanlari – Ko‘kdala va Chiroqchida ishladilar. Bugun esa, o‘ttiz nafar qatnashchi Surxondaryo viloyatiga: Muzrabot, Qiziriq, Termizga yo‘l oldi. Keyingi yilda harakat Qoraqalpog‘istonni qamrab olishni va yana Qashqadaryoga qaytishni rejalashtirgan – ikki yillik stajirovka yakuniga yetmoqda, yangi kuchlarga ehtiyoj esa, o‘smoqda.
Har bir qatnashchi shaxsiy tajribasi va kasbiga tayanib o‘z loyihasini yaratadi. Iqtisodiyot o‘qituvchisi maktab o‘quvchilari va kattalar uchun moliyaviy savodxonlik kursini joriy etadi. AT mutaxassisi o‘quvchilar va pedagoglarni raqamli ko‘nikmalarga o‘rgatadi. Kimyogar art-studiya ochdi, u yerda bolalar kulolchilikni o‘rganadilar. Boshqalar gender treninglar o‘tkazadilar, bolalar lagerlarini ochib, o‘yinlar va kvestlar o‘tkazadilar. Ikki pedagog o‘qituvchilarga yangi uslublarni o‘rgatadigan AI-Ustoz platformasini yo‘lga qo‘ydi.
Tashkilotning o‘zi pedagoglarning kasbiy takomillashuvi uchun onlayn-platformani rivojlantirmoqda: mamlakatdagi istalgan o‘qituvchi bepul ta’lim olishi va malaka oshirishi mumkin. Boshqa muhim loyiha – Foundation Literacy Numeracy, u o‘qish, yozish va matematika bo‘yicha bazaviy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan. Oldin bilimlarning haqqoniy darajasini aniqlash uchun test o‘tkaziladi, keyin individual ta’lim dasturi shakllantiriladi.
Ekologik tashabbus ham mavjud – Teach for Kazakhstan va Teach for Kyrgyzstan bilan hamkorlikda. Qatnashchilar iqlimiy ta’lim bo‘yicha bolalar dasturini ishlab chiqadilar: iqlim o‘zgarishlarining sodda izohlaridan to o‘z eko-loyihalari – ko‘chat ekish, chiqindi qutilarini o‘rnatish, bolalarning o‘z kreativ g‘oyalarini ishlab chiqishgacha.
Moliyalashtirish asosan mahalliy biznesdan kelib tushadi. Asta-sekin homiylikning yangi madaniyati shakllanmoqda – tadbirkorlar bir martalik yordam aksiyasini ko‘rsatibgina qolmay, uzoq muddatli ijtimoiy loyihalarni ham qo‘llab-quvvatlamoqdalar.
Kichik tashabbuslar, agar ularni o‘qituvchilardan tortib to biznesgacha – hamjamiyat qo‘llab quvvatlasa, haqiqiy o‘zgarishlarni yuzaga keltirishi Teach for Uzbekistan'da o‘z isbotini topdi.
Moda olamida nafaqat go‘zalligi bilan ilhomlantiruvchi, balki so‘zlab berishga arzigulik tarixi bor chehralar paydo bo‘lmoqda. U o‘zida turli madaniyatlarni…
Yettinchi xalqaro moda va to‘qimachilik ko‘rgazmasi 2025-yil 10–12-avgust kunlari Toshkentdagi SAEX markazida bo‘lib o‘tmoqda. Unda 170 ta brend ishtirok…