Kelajakdan ilhomlangan arxitektura

Me’mor//2025 mukofoti xalqaro darajaga chiqdi

Oktyabr oyining dastlabki kechalarida Toshkent go‘yo davrlar orasida to‘xtab qolgandek tuyuldi. 1895 yilda qurilgan — Turkiston o‘lkasidagi birinchi bank, hozirda esa SQB filiali joylashgan — tarixiy binoning gumbazlari ostida arxitektorlar, dizaynerlar, jurnalistlar va butun mintaqadan mehmonlar jam bo‘lishdi. Aynan shu joyda, tarix va zamonaviylik tutashgan makonda, Me’mor//2025 arxitektura mukofotining to‘rtinchi marotaba tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu tadbir Markaziy Osiyo madaniy hayotida mustahkam o‘rnini topdi.

Bu yilgi mavsum Me’mor uchun alohida ahamiyatga ega bo‘ldi — mukofot ilk bor xalqaro miqyosda o‘tkazilib, O‘zbekiston, Ukraina va Gruziyadan ishtirokchilarni birlashtirdi. Tashkilotchi sifatida KNAUF kompaniyasi, mavsum hamkori sifatida esa O‘zbekiston Yosh Arxitektorlar Assotsiatsiyasi qatnashdi. Bugun Me’morni nafaqat tanlov, balki barqaror arxitektura g‘oyalarini ilgari suruvchi, estetik tamoyillarni shakllantiruvchi va an’ana bilan innovatsiya o‘rtasida muloqot yaratuvchi ochiq professional maydon sifatida ko‘rish lozim.

Tanlovga 100 dan ortiq loyiha taqdim etildi. Ular orasida xususiy va jamoat binolari, interyer yechimlari, urbanistik konsepsiyalar hamda arxitektura va shahar muhitiga bag‘ishlangan jurnalistik materiallar bor edi. Qisqa ro‘yxatga 73 ta professional ish, 23 ta talabalar loyihasi va 5 ta jurnalistik material kiritildi.

Xalqaro hakamlar hay’ati tarkibiga Zaha Hadid Architects, Orange Architects, MAA byurolari vakillari hamda Dezeen bosh muharriri Tom Ravenskroft kirdi. Baholash mezonlari orasida estetika bilan birga kontekstga hurmat, barqarorlik, funksionallik va ijodkorlik alohida e’tiborga olindi.

G‘oliblar orasida shakl va mazmun uyg‘unlashgan loyihalar alohida ajralib turdi:
Terracotta Pavilion House (Gruziya) — loyning iliq tuzilmasi va yumshoq shakllari bilan; Restaurant Quadro va Dildora Kasimova Showroom (O‘zbekiston) — milliy motivlarning zamonaviy talqini bilan; Oril Resort (Ukraina, ROAD Architects byurosi) — inson va tabiat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatni arxitektura tili orqali ifodalash bilan.

“KNAUF. Interyer+” tanlovida talabalar orasidagi bosh mukofotni HARMONY IN CONTRAST loyihasi qo‘lga kiritdi (Kimyo International University in Tashkent jamoasi).
Maxsus E’tirof mukofoti esa O‘zbekiston arxitektura qiyofasini shakllantirgan ustozlarga — Aleksandr Kuranov va Baxtiyor Mag‘diyevga topshirildi.

“Me’mor — bu sohaga professional o‘sish imkonini beruvchi vosita, kengroq fikrlash va kontekstga hurmat bilan ishlashga undovchi maydon”, — deydi Taxmina Turdiyeva, O‘zbekiston Yosh Arxitektorlar Assotsiatsiyasi raisi. — “Biz shaharlar qiyofasini ongli va go‘zal tarzda o‘zgartiradigan loyihalar madaniyatini yaratmoqdamiz.”

3-oktabrdan boshlab finalchilar ishlari Toshkent Arxitektura-qurilish universitetida jamoatchilik uchun taqdim etilmoqda. Bu ko‘rgazma — mintaqa arxitekturasining kelajagi qanday bo‘lishi mumkinligini ko‘rish uchun taklif: jasur, tirik va ilhomlantiruvchi.

Va yakunda — Me’mor//2025 mukofoti hay’ati raisi, arxitektor Melike Altinışıkning yosh arxitektorlarga qisqa, ammo chuqur ma’noli tavsiyasi:

“Yosh arxitektorlarga aytgan bo‘lardim — ishtirok etishda davom eting. Men har doim tanlovlarning kuchiga ishonaman. Bu joy — siz g‘oyalaringizni baham ko‘rish va mehnatingiz natijalarini namoyish etish imkoniga ega bo‘ladigan maydon. Mukofot olasizmi yoki yo‘qmi — bu muhim emas. Muhimi, siz bu jarayonning bir qismi bo‘lasiz. Har bir tanlov — bu tajriba, bu sizning professional o‘sish tarixingiz. Biz yuzlab tanlovlarda qatnashganmiz: ba’zilarida g‘olib bo‘lganmiz, ba’zilarida yo‘q. Ammo hech biri yo‘qotilgan emas — barchasi bizning portfoliomizning bir bo‘lagi bo‘lgan.”

Foto: Tatyana Soldatova

Maqolani baham ko'ring

Related articles